Ikki chaqirim yo‘lni it azobida bosib o‘tishdi. Yaxshiki, qishloq soveti raisining xonasi issiqqina ekan. Hali qaynog‘i o‘lmagan choydan bir piyola ichib, onadan qayta tug‘ilganday bo‘lishdi.
Rais Solihovning gaplarini eshitgach, u ko‘rsatgan suratlarga diqqat bilan tikildi.
— Mana bu odamni ko‘rganman. Asli shu qishloqlik deb eshituvdim. Lekin o‘zi bilan hamsuhbat bo‘lmaganman. Bu odamni esa... — rais marhum Sharipovning suratiga ajablanib tikildi, — kimgadir o‘xshaydi, yo‘q, tanimadim bunisini.
— Bu odamning ismi Jahongir. Yoshi ellik oltida. Tug‘ilgan yeri shu Qirqbel qishlog‘i. Uni kim tanishi mumkin?
— Unimi?.. Damin aka. Qishloqqa kelsa, Damin akanikiga qo‘nar ekan. ammo-lekin... Damin aka ham o‘tirib chiqqan. Bir balosi bormi, deyman bularning. Chaqirtiraymi?
— Ha, tezlik bilan odam yuboring, — dedi Jabborov. — Bitta odam qo‘shib bersangiz o‘zim olib kelaman.
— Yo‘q, to‘xtang, — dedi Solihov Jabborovga qarab. — Bu yerga olib kelsangiz undan gap ololmaysiz. O‘zim boraman. — Mayor shunday deb raisga o‘girildi. — Damin aka deganingiz kim, nimaga qamalgan.
— Qishloqda muallimlik qilgan, deyishadi. Urush arafasida qamashgan. Man etilgan kitoblarni targ‘ib qilar ekanmi-ey. Xullas, aksilinqilobiy ishlar bilan shug‘ullangan.
— Aybini o‘zingiz ham aniq bilmas ekansiz.
— To‘g‘ri, bilmayman. Men bu qishloqda yangi odamman.
— Unda yo‘l ko‘rsating. Damin akanikiga o‘zim kirib chiqaman.
— Malol kelmasa, men ham borsam? — dedi Jabborov piching ohangida. Mayor uning «Ho‘v, akaxon, biz ham yuribmiz orqangizdan ergashi-ib», demoqchi ekanini tushundi.
— Siz... — Solihov unga javoban «botinkangizni quriti-ib o‘tiraturing», demoqchi edi, biroq begona odam oldida mulzam qilishni istamadi. Quruqqina qilib: — Yuring bo‘lmasa, — deb qo‘ydi.