Anvar tashqariga chiqdi. Tanish, notanish odamlar... Achingan ham, loqayd ham, musibatga sherik ham, «o‘lgani yaxshi bo‘ldi» deguvchi ham shu yerda. Anvarning ko‘ziga hamma — do‘st ham, dushman ham ilon bo‘lib ko‘rindi. O‘zini ulkan bir ilonxonada his etib, badaniga muz yugurdi. Nazarida qo‘l qovushtirib, qayg‘uga berilganday bo‘lib turganlar odamlar emas, balki lunjini shishirib, tilini o‘ynatib, bir hamla bilan chaqishga tayyor turgan ilonlar edi go‘yo. Sudralib yuruvchi rosmana ilonlar chaqaman, deb niyat qilmaydi, ikki oyoqli ilonlar esa fursat poylaydi. Mana shu turganlarning qay biri qachon, qay birini chaqar ekan? Mana shu turganlarning qay biri qachon odam zahridan tatib o‘lar ekan? Rosmana ilonlar chaqadi-yu, qochadi. Ikki oyoqlilar esa to ko‘mib tashlamagunicha tinchimaydi... Jasadni ko‘mish bilan cheklansa koshki edi, xotirasini, nomini ham ko‘mishga intilsa-chi?
Anvarning xayoli shu gaplar bilan band, ko‘zlari esa odamlar orasidan kimnidir qidirardi. Murda olib chiqilganda ham, masjid sari yurilganda, janoza o‘qilayotganida, hatto qabrga qo‘yilayotganida ham izladi uni. «Qilgan ishidan pushaymon yedimi, uyaldimi?» degan savolga javob topa olmadi.
Qabrga tuproq tortilgach, tanish ovozni eshitib, hayrat bilan alangladi — «Qachon paydo bo‘ldi bular?!»