Men undan qo‘rqaman. Uning baqraygan qizil ko‘zlaridan qo‘rqaman. Tonggacha u bilan olishish mening chekimga tushgan, hali yo mening yoki uning ajali yetmaguncha, uning sertomir yo‘g‘on bo‘yinini bo‘g‘ib, hali... Nima hali? Hali u menga yon bermagunchami? Yo‘q, men unga yomonlikni sog‘inmayman.
15 aprel. Bugun u bilan Graften-stritda yuzma-yuz uchrashdim. Bizni olomon bir-birimizga duch keltirdi. Ikkalamiz ham to‘xtadik. U mendan nega ko‘rinmaysan, deb so‘radi. Men haqimda har xil bo‘lmag‘ur gaplarni eshitganini aytdi. Bu gaplar, chamamda, atay vaqtni cho‘zish uchun aytildi. She’rlar yozib turibsanmi, deb so‘radi. Kim haqida? — so‘radim men. Shunda u battar ajablandi, unga achinib ketdim va o‘zimni ablahday his etdim. Darhol gapni o‘sha Dante Algeri kashf etgan, mualliflik huquqini rasmiylashtirib olgan qahramonlik ohangidagi ko‘tarinki mavzuga burdim: o‘zim haqimda, rejalarim to‘g‘risida hovliqib gapira ketdim. Baxtga qarshi, gap orasida beixtiyor isyonkor mayllarim ham oshkor bo‘ldi. Aftidan, men bir qop yong‘oqqa o‘xshab shaldiradim. Odamlar bizga qaray boshlashdi. Shu payt u qo‘limni siqdi va ketayotib, aytgan gaplarim, albatta, amalga oshishiga umid bildirdi.
Yoqimli-da, to‘g‘rimasmi?
Ha, bugun uni uchratib kayfim chog‘ bo‘ldi. Judayam xursand bo‘ldimi yo unchalikmasmi? Bilmadim. U bilan uchrashib ruhim ko‘tariladi, bu men uchun allaqanday boshqacha, yangi bir tuyg‘u. Demak, nimaiki o‘ylagan bo‘lsam, o‘ylayotgan bo‘lsam, nimaiki his etgan, his etayotgan bo‘lsam, xullas, bugungi uchrashuvda bo‘lgan hamma narsa tub mohiyati bilan... Qo‘ysang-chi, og‘ayni, yig‘ishtir! Kechasi yotib o‘yla, ertasi turib so‘yla.
16 aprel. Yo‘l tadorikin ko‘r! Safarga otlan!