Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 486499 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:14:01

208-BOB
Tahiyatul masjid namozini o‘qishga targ‘ib hamda qaysi vaqtda masjidga kirsa, namoz o‘qishdan oldin (xoh u ikki rakaat tahiyatul masjid, xoh farz, xoh sunnat yoki boshqa namoz bo‘lsin) o‘tirishning karohiyati to‘g‘risida


1143/1. Abu Qatodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar sizlardan biringiz masjidga kiradigan bo‘lsa, to ikki rakaat namoz o‘qimaguncha o‘tirmasin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1144/2. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borsam, u zot masjidda ekanlar. Menga: «Ikki rakaat namoz o‘qigin», deb buyurdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Bu hadisdan Tahiyatul masjid namozining ahamiyatli ekani tushuniladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:14:11

209-BOB
Tahoratdan keyin ikki rakaat nafl namozi o‘qishning mahbubligi haqida


1145/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Bilolga (r.a.): «Ey Bilol, Islomga kirganingdan keyin savobini eng umid qiladigan amalingni menga gapirib ber. Chunki men jannatda old tomonimdan kavushing ovozini eshitdim», dedilar. Shunda Bilol (r.a.): «Amallarim ichida savobi umid qilinadigan eng yaxshi amalim agar kechasi yoki kunduzi men (tahorat qilibmi, g‘usl yoki tayammum qilibmi) poklanadigan bo‘lsam, ana shu poklik bilan nasib qilganicha namoz o‘qir edim», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:14:34

210-BOB
Juma kunining fazilati, uning shartligi, u kunda g‘usl qilish, xushbo‘y narsalar surtish, kechikmasdan ertaroq borish, duo bilan mashg‘ul bo‘lish va Rasulullohga (s.a.v.) salavot aytishning fazilati. Hamda u kunda duolar ijobat bo‘ladigan vaqt bayoni va jumadan keyin Allohning zikrini ko‘paytirishning mahbubligi


Alloh taolo:
«Endi qachon namoz ado qilingach, yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringlar. Allohni ko‘p zikr qilinglarki, shoyad najot topursizlar», (Jum’a surasi, 10-oyat) deb aytgan.

1146/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kunlarning eng yaxshisi juma kunidir. Chunki juma kuni Odam yaratilgan va jannatga kiritilgan hamda juma kuni u yerdan chiqarilgan», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

1147/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimki chiroyli tahorat qilib, keyin masjidga kelib, va’zga jim quloq tutib tursa, ikki juma o‘rtasidagi va yana uch kunni qo‘shib, hammasi bo‘lib, o‘n kun ichidagi gunohi kechiriladi. Kimki xutba paytida mayda toshlarni ushlasa, befoyda (lag‘v) ishni bajaribdi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.=

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:14:40

1148/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jumadan jumagacha, Ramazondan Ramazongacha besh vaqt namoz shu vaqt orasida bo‘lib o‘tgan kichik gunohlarga kafforatdir. Agar kabira (ulkan) gunohlardan saqlanilgan bo‘lsa», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

1149/4. Abu Hurayra (r.a.) va Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Ikkovlari Rasulullohning (s.a.v.) minbarda turib aytgan quyidagi so‘zlarini eshitdilar. Rasululloh (s.a.v.) «Qavmlar jumani tark qilishdan to‘xtashsin. Bo‘lmasa Alloh ularning qalblariga muhr urib qo‘yadi. So‘ngra g‘ofillardan bo‘lib qoladilar», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:14:47

1150/5. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar sizlardan biringiz juma namoziga kelsa, yuvinib (g‘usl qilib) kelsin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1151/6. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Juma kuni yuvinish (g‘usl qilish) har bir balog‘atga yetgan kishiga ta’kidlangan buyruqdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:14:54

1152/7. Samuradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimki juma kuni tahorat qilib, (juma namoziga) kelsa, yaxshi. Agar yuvinib, (g‘usl qilsa) afzaldir», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

1153/8. Salmondan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kishi juma kuni yuvinib, imkoni boricha tozalanib, xushbo‘y yog‘lardan, atirlardan surtib, keyin masjidga borsa, u yerda ikki kishi orasidan suqilib o‘tmasa, nasib qilganicha namoz o‘qisa, imom xutbada va’z qilayotganda jim turib eshitsa, o‘sha juma bilan keyingi juma orasidagi gunohlari kechiriladi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:15:03

1154/9. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimki juma kuni xuddi junublikdan yuvingani kabi g‘usl qilib, keyin masjidga borsa, go‘yoki bir tuyani qurbonlik qilibdi. Kimki ikkinchi soatda, ya’ni ikkinchi bo‘lib masjidga borsa, go‘yo bir sigirni qurbonlik qilibdi. Kimki uchinchi soatda masjidga kelsa, go‘yo shoxli bir qo‘chqorni qurbonlik qilibdi. Kimki to‘rtinchi soatda masjidga kelsa, go‘yo tovuqni qurbonlik qilibdi. Kimki beshinchi soatda masjidga kelsa, go‘yo bir tuxumni ehson qilib, Allohga qurbat (yaqinlashish) hosil qilibdi. Agar imom xutba aytish uchun joyidan chiqsa, farishtalar zikr eshitish uchun hozir bo‘lishadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Juma namoziga ertaroq borishning fazilati va unga targ‘ib haqida so‘z boryapti. Qanchalik erta borsa, savobi shunchalik ko‘p bo‘ladi. Va juma kuni farishtalar hozir bo‘lib, xotirjamlik, rahmat olib kelishadi.

1155/10. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) juma kunini zikr qilaturib: «U kunda bir fursat bor. Agar musulmon bandaning namozda Allohdan biror narsani so‘rashi o‘sha paytga muvofiq kelsa, Alloh u so‘ragan narsani beradi», dedilar. Lekin Rasululloh (s.a.v.) o‘sha fursatning juda qisqa ekanligiga qo‘llari bilan ishora qildilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:15:10

1156/11. Abu Burda ibn Abu Muso al-Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Abdulloh ibn Umar (r.a.): «Siz otangizdan Rasulullohning (s.a.v.) juma kunidagi duolar qabul bo‘ladigan fursat haqidagi hadislarini eshitganmisiz?» deganlarida, Abu Burda (r.a.): «Ha, eshitganman. Rasululloh (s.a.v.) «U fursat imom xutbaga o‘tirganidan namoz oxirigacha bo‘lgan vaqt oralig‘idadir», deganlar», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari.

1157/12. Avs ibn Avsdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kunlaringizning eng afzali jumadir. O’sha kunda menga salavot aytishni ko‘paytiringlar. Chunki salavotlaringiz menga ko‘rsatiladi», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:15:21

211-BOB
Biror ne’matga erishilganda yoki biror balodan xalos bo‘linganda shukr namozi o‘qishning mahbubligi haqida


1158/1. Sa’d ibn Abu Vaqqosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan birga Madinaga borishni xohlab Makkadan chiqdik. Makka yaqinidagi Azvaro nomli joyga yetganimizda (ulovlaridan) tushib, qo‘llarini ko‘tarib, Allohga bir qancha fursat duo qildilar. Keyin sajdaga borib, unda uzoq turdilar. Yana o‘rinlaridan turib, qo‘llarini ko‘tarib, duo qilib, sajdaga bosh qo‘ydilar. Uch bor shunday qildilar. Va: «Men Rabbimdan ummatimga shafoat so‘radim. Ummatimning uchdan biriga u berildi. Darhol sajdaga cho‘kib, Rabbim uchun shukr namozini o‘qidim. Keyin boshimni ko‘tarib, Rabbimdan ummatim uchun shafoat so‘radim. Ummatimning uchdan biriga u berildi. Darhol yana sajdaga cho‘kib, Rabbimga shukr namozini o‘qidim. So‘ngra boshimni ko‘tarib, ummatimga shafoat so‘radim. Ummatimning qolgan uch qismiga shafoat so‘radim. Bas, qolgan uch qismiga ham berildi. Darhol yana sajdaga cho‘kib, Rabbim uchun shukr namozini o‘qidim», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:15:37

212-BOB
Kechasi bedor qoim bo‘lishning fazilati haqida


Alloh taolo:
«Kechaning (bir qismida) uyg‘onib, o‘zingiz uchun nafl (ibodat) bo‘lgan namozni o‘qing! Shoyadki Parvardigoringiz sizni (Qiyomat kunida) maqtovli maqomda tiriltirur» (Isro surasi, 79-oyat).

«Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni tunlarini ibodat bilan o‘tkazib, oz uxlaydilar)» (Sajda surasi, 16-oyat).

«Ular kechadan ozgina (fursatgina) ko‘z yumar edilar» (Vaz-Zariyot surasi, 17-oyat), deb aytgan.

1159/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) kechalari bedor bo‘lganlaridan ikki oyoqlari shishib ketar edi. Shunda men u zotga: «Nima uchun bunday qilasiz, ey Allohning rasuli? Sizning avvalgiyu keyingi gunohlaringiz mag‘firat etilgan bo‘lsa?» desam, u zot: «Nima, shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?» dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan