Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139453 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 ... 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:02:45

Stiven barmog‘i bilan podshohning suratiga ishora qilib, dedi:
—Uning yuzi sarxush Isonikiga o‘xshaydi.
Ovozidagi qahr va g‘azab Krenlini zalning devorlariga xotirjam qarab, tomosha qilishdan chalg‘ishga majbur etdi.
— Sen bir nimadan norozimisan?
—Yo‘q, — javob qildi Stiven.
— Kayfiyating yomonmi?
— Yo‘q.
— Grebo ut vos sanguinazius mendax estis, — dedi Krenli, — guia facies vostra monstrat ut vos in damno malo humore estis*10.
Moynixen stolga yaqin kelib, Stivenning qulog‘iga shipshidi:
— Makkenning oshig‘i olchi. Yana bir tomchi qo‘shilsa bas, tap-tayyor bo‘ladi. Yap-yangi, chaqmoqday kiyingan. Hech qanday o‘tkir spirtli ichimliklar yo‘q, urg‘ochilar ovoz berish huquqiga ega.
Stiven bu xabarning ishonchli ohangidan kulimsiradi, Moynixen ketgach, yana boshini burib qaradi va Krenlining ko‘ziga ko‘zi tushdi.
— Balki sen tushuntirarsan, — dedi u, — nega endi u dardu alamini mening qulog‘imga quygisi kelib qoldi? Xo‘sh, tushuntir-chi.
Krenlining peshonasida ma’yus tirishlar paydo bo‘ldi. U Moynixen egilib, imzo chekayotgan stolga qaradi va cho‘rt kesib dedi:
— Yopishqoq.
— Quis est in malo humore, — dedi Stiven, — ego aut vos?*11

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:03:11

Krenli hazilga javob qilmadi. U g‘amga botib, yana qanday keskinroq gap qilsam, deb o‘yladi va oldingiday qat’i ohangda dedi:
— Uchiga chiqqan pastkash yopishqoq!
Bu uning odatda barham topgan do‘stlik qabriga xoch qo‘ndirgandan keyingi epitafiyasi edi; Stiven bu ibora bir vaqt kelib xuddi shunday ohangda mening xotiram uchun ham aytilmasmikan, deb o‘yladi. Bu og‘ir, nojo‘ya gap uning qulog‘iga singib ketdi, xuddi yoriqqa tushib ketgan toshday sekin cho‘kdi. Stiven bu gapning, xuddi bir paytlar ko‘ngliga og‘ir botgan tahqirli so‘zlarday, yuragiga vazmin cho‘kayotganini his etdi. Krenli, Deyvindan farqli o‘laroq, gaplashganda na yelizaveta zamonidagi kamyob qadim inglizcha iboralarni, na inglizcha ohangga solinib o‘zgartirilgan zavqli irdandcha so‘zlarni ishlatardi. Uning cho‘ziq talaffuzi dublinliklarning qirg‘oqda turib qorong‘i, qarovsiz bandargohdagilar bilan bir-birlariga tovush berishlariga o‘xshar, gaplarining burroligi esa Uiklou minbaridan yangraydigan Dublin cherkovi voizining chechanligi ta’siri edi.
Zalning nariga tarafidan ularga tamon yaqinlashib kelayotgan Makkenni ko‘rganda Krenlining peshonasidagi g‘amgin tirishlar yozildi.
—Ana, sizlar! — dedi Makkenn yayrab.
— Ana, men, — dedi Stiven.
— Odatdagiday, yana kech qolinibdi! Sizlarning yutuqlaringga gap yo‘q, biroq intizomga ham jinday e’tibor qaratishning iloji bormi?
— Bu masala kun tartibida turgani yo‘q, — dedi Stiven. — Keling, ishdan gapiring.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:03:24

Uning kulimsirayotgan ko‘zlari targ‘ibotchining kamzuli yuqori cho‘ntagidan chiqib turgan kumushrang qog‘ozga o‘ralgan bir bo‘lak shokoladga qadalgan edi. Hayal o‘tmay ularning atrofini hangomatalab ishqibozlar o‘rab olishdi. Terisi zaytunrang ozg‘in, qora silliq sochli talaba bolalar orasidan boshini suqib, bir unga, bir bunga qarab, go‘yo aytilayotgan gaplarni ilib olmoqchiday og‘zini ochib alanglardi. Krenli cho‘ntagidan jajji koptokcha chiqarib, qo‘lida aylantirib sinchkovlik bilan kuzata boshladi.
— Qani, ishga! — dedi Makkenn. — Xo‘sh! U og‘zini katta ochib qattiq kuldi va to‘rtburchak iyagida selkillab turgan sarg‘ish soqolini ikki marta tortqilab qo‘ydi.
— Ish shundan iboratki, qo‘l qo‘yish kerak, xolos.
— Haqini to‘laysizmi, agar men qo‘l qo‘ysam? — so‘radi Stiven.
— Men sizni idealist, deb o‘ylagandim, — dedi Makkenn.
Lo‘libashara talaba o‘grilib atrofdigilarga qarab oldi va ming‘irlagan ovozda dedi:
—Qiziq gap bo‘ldi-yu, jin ursin! Menimcha, bu manfaatparastlikdan boshqa narsa emas.
Uning ovozi jimlikka singib ketdi. Bu talabaning gapiga hech kim e’tibor qilmadi. U o‘zining zaytunrang, otnikiday uzunchoq yuzini Stivenga burib, go‘yo undan javob kutdi.
Makkenn rus podshosining yorlig‘i haqida, Sted haqida, ommaviy qurolsizlanishu xalqaro ziddiyatlar chog‘ida arbitrajning ahamiyati haqida, hozirgi zamonning eng muhim hodisalari haqida, jamiyatga kam chiqim qilib ko‘p sonli aholini katta baxt va farovon turmush bilan ta’minlash majburiyatini yuklaydigan yangi gumanizm va yangi axloq haqida dadil turib nutq irod qila ketdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:03:35

Lo‘libashara talaba nutqning yakunini qiyqiriq bilan qarshiladi:
— Yashasin, umumjahon birodarligi!
— Jo‘na, jo‘na, Templ, — dedi uning yonida turgan qizil yuzli barvasta talaba. — Mendan haqingni hali olasan.
—Men umumjahon birodarligini yoqlayman! — qichqirdi Templ, qisiq ko‘zlari bilan tevarakka alanglab. — Marksning gaplari quruq safsata.
Krenli sekinroq degan ma’noda uning qo‘lidan mahkam siqib ushladi va zo‘rma-zo‘raki jilmayib, bir necha marta takrorladi:
— Sekinroq, sekinroq, sekinroq!
Templ, qo‘lini bo‘shatishga urinib, og‘zidan ko‘pik sachratib qichqirdi:
— Sotsializmga irlandlar asos solishgan, Yevropada fikr erkinligini targ‘ib qilgan birinchi kishi Kollinz edi. Ikki yuz yil oldin midlesseklik bu faylasuf ruhoniylarni fosh etdi. Yashasin Jon Entoni Kollinz!
Orqaroqdagi qatordan ingichka ovoz javob qildi:
— Ura!
Moynixen Stivenning qulog‘iga shipshidi:
— Jon Entonining mushtipar singlisining ahvoli qalay:
Lotti Kollinz lozimasiz,
O‘zingiznikini berib turing.
Stiven kulib yubordi va xursand bo‘lgan Moynixen yana uning qulog‘iga shipshidi:
— Jon Entoni Kollinzga qancha pul tikma, baribir besh shillingdan ortiq yutolmaysan.
— Sizning javobingizni kutayapman, — dedi qisqa qilib Makkenn.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:03:48

— Bu savol meni zig‘ircha qiziqtirmaydi, — dedi horg‘in ohangda Stiven. — Bu sizga ma’lum-ku. Nima masalada bahs qo‘zg‘ab o‘tiribsiz?
— Yaxshi, — dedi Makkenn lablarini chapillatib. — Xo‘sh, demak, siz reaktsionersiz, shundaymi?
— Qo‘lingizdagi yog‘och qilichni sermaganingiz menga ta’sir qiladi, deb o‘ylayapsiz shekilli? — so‘radi Stiven.
— Yana metaforalar! — keskin ohangda dedi Makkenn. — Keling, ishdan gaplashaylik.
Stiven jahli chiqib, teskari burildi. Biroq Makkenn yalinmadi.
— O‘rtamiyon shoirlar, aytish mumkinki, o‘zlarini umumjahon tinchligi muammosiday mayda masalalardan yuqori olishadi.
Krenli boshini ko‘tardi va tinchlik sulhiga chorlaganday qo‘lidagi koptokni ikki talabaning o‘rtasida tutib, dedi:
— Pax super totum sanguinarium giobum*12.
Yonidagilarni chetga surib, Stiven qahr bilan rus podshosining surati turgan tarafga yelkasi bilan ishora qilib, dedi:
— O‘zingizning ikonangizdan ajralmang. Agar sizga Iso shunchalik zarur ekan, mayli bu siz uchun qonuniy Iso bo‘la qolsin.
— Mana bu zo‘r gap bo‘ldi, — deb yubordi lo‘libashara talaba atrofdagilarga bir-bir qarab. — Zo‘r gap. Menga judayam yoqdi sizning gapingiz.
U so‘lagini, xuddi gapni yutganday, yutib yubordi, keyin shapkasini peshayvonidan ushlab, Stivenga murojaat qildi:
— Kechirasiz, ser, bu bilan siz nima demoqchi edingiz?

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:04:04

Yonida turgan talabalar turtayotganini sezib, u o‘girildi va davom etdi:
— Mening bilgim kelayapti, bu gap bilan u nima demoqchi o‘zi?
Keyin u yana Stivenga o‘girildi va shivirlab dedi:
— Siz Isoga ishonasizmi? Men insonga ishonaman. Men, albatta, bilmayman, siz odamga ishonasizmi, yo‘qmi. Ser, sizga hurmatim oshdi. Men inson aqliga ishonaman, u bilan g‘ururlanaman, uning qaysi dindaligi men uchun baribir. Ayting-chi, siz Isoning aqli haqida ham shunday fikrdamisiz?
— Jo‘na, jo‘na, Templ! — dedi qizil yuzli barvasta talaba. — Haqingni mendan olasan hali.
— U meni ahmoq deb o‘ylaydi, — tushuntira boshladi Templ Stivenga, — chunki men inson aqlining qudratiga ishonaman.
Krenli Stivenning va uning muxlisining qo‘ltig‘idan olib, dedi:
— Nos ad manum ballum jocabimis*13.
Zaldan chiqayotib Stiven Makkenning qizarib ketgan beso‘naqay basharasiga ko‘z tashladi.
— Mening imzom hech qanday ahamiyatga ega emas, — dedi u xushmuomalalik bilan. — Siz o‘z tanlagan yo‘lingizdan yurishga haqlisiz, biroq meni o‘zimning yo‘limdan ketishga qo‘ying.
— Dedalus, — dedi Makkenn tovushi titrab. — Mening nazarimda, siz yomon odammassiz, biroq sizga alturizm va shaxsiy mas’uliyat hissi yetishmaydi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:04:37

Kimdir ovozini chiqarib dedi:
— Biroq bizning harakatda intellektual lo‘ttibozlarga joy yo‘q.
Stiven Makalistrning shang‘illagan keskin ovozini tanidi, biroq u turgan tarafga qayrilmadi. Krenli Stiven va Templning qo‘ltig‘idan olib, namoyishkorona, xuddi kichik martabalilar kuzatuvida viqor bilan mehrob tomon odimlayotgan ruhoniyday, talabalar to‘dasini yorib o‘tib borardi.
Templ chaqqon egilib Stivenga dedi:
— Siz eshitdingizmi Makalistrning gapini? Bu bola sizga hasad qilayapti. Sezdingizmi? Garov o‘ynayman, Krenli buni sezmadi, men esa, jin ursin, darrov sezdim.
Ular zalni oralab o‘tayotib, dekanning o‘zini gapga solayotgan talabadan qutulishga harakat qilayotganini ko‘rishdi. Dekan zinapoyaning oldida, bir oyog‘ini quyi zinaga qo‘yib, ayollarga xos saranjomlik bilan ohori ketib qolgan yaktagining etagini yig‘ib, shu orada qoshini qoqib, bir gapni takrorlardi:
— Hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas, mister Xekket! Ha, ha, hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas.
Zalning o‘rtasida iezuitlar birodarligining ma’muriy boshlig‘i allaqanday talaba bilan norozi ohangda sekin suhbatlashib turardi. U gapira turib sepkilli manglayini tirishtirar va gap orasida suyakdan ishlangan ingichka qalamni tishlab qo‘yardi.
— Men birinchi kurslar hammasi borsa kerak, deb o‘ylayman. Ikkinchi kursga ham ishonsa bo‘ladi. Uchinchiga ham. Yangilarini bilmadim.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:04:48

Eshikning oldida Templ yana Stivenga egildi va shoshilib pichirladi:
— Uning uylanganidan xabaringiz bormi? Katoliklikka o‘tishidan oldin u uylangan edi. Allaqaerda xotini, bolalari bor. Jin ursin, g‘alati taqdir. To‘g‘rimi?
Uning pichir-pichiri ayyorona qiqqillagan kulgiga aylandi. Eshikdan chiqishgan zahoti Krenli uning yoqasidan mahkam tutamlab oldi va silkilab dedi:
— Miyasiz, befarosat, yaramas ahmoq! Ajal bilan yuzma-yuz kelganimda ham, bu ahmoqona dunyoda sendan o‘tadigan yaramas maymun yo‘qligiga qasam ichaman, agar!
Templ yulqinib, ayyorona qiqqillashini davom ettirdi, Krenli esa har yulqiganda takrorladi:
— Miyasiz, befarosat, yaramas, ahmoq!..
Ular qarovsiz qolgan bog‘dan o‘tishdi; yo‘laklardan birida og‘ir keng plashga o‘ranib, ro‘paralaridan duo o‘qib kelayotgan rektorni ko‘rishdi. Yo‘lakning tugagan joyida, muyulishdan berida u to‘xtadi va boshini ko‘tardi. Talabalar unga ta’zim qilishdi. Templ, odatdagiday, shapkasining peshayvoniga qo‘lini tekizdi. Keyin jim yurib ketishdi. Ular maydonchaga yaqinlashganda Stiven o‘yinchilarning zarbalaridan taralayotgan bo‘g‘iq tovushni, ho‘l koptokning tapillagani va Deyvinning har zarbadan so‘ng hayajonlanib qichqirganini eshitdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:05:08

Ular uchchalasi ham o‘yinni kuzatib turgan Deyvin o‘tirgan qutining oldida to‘xtashdi. Bir necha soniyadan so‘ng Templ yonboshi bilan Stivenga yaqinlashib dedi:
— Kechirasan, men sendan so‘ramoqchi edim, sen nima deysan, Jan-Jak Russo samimiy kishi bo‘lganmi?
Stiven beixtiyor xoxolab kuldi. Krenli maysaning ustida yotgan yog‘och bochkaning siniq bo‘lagini qo‘liga oldi-da, tez o‘girilib, g‘azab bilan dedi:
— Templ, xudo haqqi, yana bir og‘iz gapirsang, men seni tinchitaman super spottum1.
— Ehtimol, — dedi Stiven. — U ham senday ehtirosli odam bo‘lgan.
— E, balo bo‘lmaydimi! — keskin javob qildi Krenli. — Shu bilan endi adi-badi aytishamanmi. Bu nima-yu, mundi nima! Qani, tuyog‘ingni shiqqillat, Templ. Jo‘na bu yerdan! Yo‘qol!
— Tupurdim senga, Krenli, — javob qildi Templ, baland ko‘tarilgan yog‘ochdan o‘zini chetga olib qocharkan, Stivenga ishora qildi. — Mana, bu dargohda yakka-yu yagona o‘zining fikrlash tarziga ega odam.
— Dargoh! O‘ziga xos! — ta’kidladi Krenli. — Yo‘qol bu yerdan, jin ursin seni. G‘irt jinnining o‘zi!
— Men ehtirosli odamman, — dedi Templ. — Bu juda to‘g‘ri gap. Va men bundan faxrlanaman, his-hayajonlar bilan yashashimdan g‘ururlanaman.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:05:31

U yonboshi bilan yurib uzoqlashdi, maydonchadan qadam tashlab ketayotib mug‘ombirona kuldi. Krenli uning izidan qotib qarab qoldi.
— Ko‘rdingizmi, — dedi u, — siz bunaqa muttahamni hech uchratganmisiz?
Uning gapiga shapkasini ko‘ziga tushirib olib, devorga suyanib turgan talaba g‘alati xoxolab kuldi. Katta gavdadan chiqqan bu kulgi xuddi filning ingichka, chiyildoq tovushiga o‘xshab eshitildi. Talabaning badani selkillar, huzur qilganidan u qo‘llarini butiga ishqalardi.
— Linch uyg‘ondi, — dedi Krenli.
Bu gapga javoban Linch qaddini rostladi va ko‘kragini kerdi.
— Linchning ko‘kragini kergani — hayotga tanqidiy munosabatining belgisi, — dedi Stiven.
Linch ko‘kragiga gursillatib urdi va dedi:
— Mening qomatimga kimning e’tirozi bor?
Krenli uni gapidan tutdi va ular aytishib qoldi. Har ikkalasi hayajondan qizarib-bo‘zarishgandan keyin, chuqur-chuqur nafas olishib ajralishdi. Stiven o‘yinni berilib tomosha qilayotgan, tevaragidagi gap-so‘zlarga e’tiborsiz Deyvinga egildi.
— Xo‘sh, mening erkak g‘ozcham qalay? — so‘radi Stiven. — Qo‘l qo‘ydimi?
Deyvin boshini irg‘adi va dedi:
— Sen-chi, Stiven?
Stiven yo‘q degan ma’noda boshini sermadi.

Qayd etilgan