Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 128164 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 35 B


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:21:00

Boyaqish kennoyim, biz bostirib kirib, qayoqqa qocharlarini bilmay qolibdilar. Oyimni turg‘izishga unnalib qo‘yib, endi o‘zlari u kishining orqalarida «jon saqlayotgandek» edilar. Bir qo‘llari bilan u kishini tutgancha, yana ro‘mollarinimi, nimanidir to‘g‘rilashga urinadilar. Bildim, anavinga birovning ko‘zi tushmay qo‘ya qolsin, deb... jonlari halak: uyalib, yerga kirib boryaptilar.
Men ularga yordamlashib, oyimning qo‘ltiqlaridan tutgim bor-u, so‘rashayotgan tog‘alarim oldidan o‘ta olmay dovdirabgina turibman. Qolaversa, qo‘limdagini qaerga qo‘yarimni bilmayman, u kishiga achinib ketganim shunchalik.
Axiyri opalariga yelka tutib borgan tog‘am qaytganlarida oldinga o‘tdimu oyimning qo‘ltiqlariga kirib ulgurdim. Kennoyimga jon bitgan edi, u kishi bir qayrilishda qanday narigi tokcha yoniga yetdilar, keyin o‘sha tokchalarga qisingancha surina-surina, tog‘alarim bilan so‘rasha-so‘rasha eshikka bordilaru o‘zlarini tashqari oldilar. Yonlamasiga chiqib ketdilarmi, orqalari ilami, sezmayin ham qoldim. Aftidan fikri-xayoli o‘sha narsadayu unga birovning ko‘zi tushmay qo‘ya qolsa, deb titrab-qaqshar, o‘zini qaerga qo‘yarini bilmasdi.
Nega Alloh bergan bir dard ekan, deya olmayapti? Hamma narsaga ko‘ngan, ne-ne mashaqqatlarni ko‘rdim demagan, shuncha malomatlarni ichiga yutib ketolgan kennoyim... shunga kelganda bo‘shashib tushdi? O‘zini yeb bitiryapti? Buyam Allohimning bir sinovi-da deb, orqaga tashlay olmayapti?
Ayol kishining boshiga tog‘ ag‘darilsa, ag‘darilsin ekan-u, etiga bunday oq tushmasin ekanmi?! Zaifa degani shunda bilinadi ekanmi?!

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:21:13

Sultonmurod akamni yo‘qotgani, ajrab qolgani, o‘sha alamlar, o‘sha boshi-keti yo‘q ayriliq-hijronlar endi bilinyaptimi? Shuncha hijron yetmagandek, taqdir qamchisi uni bedavo oq dog‘lar bilan «taqdirlab» to‘rt devor ichiga quvmoqchi, qamamoqchimi? Bu ko‘rgilikka qanday chidaydi endi?!.
Men ich-etim uzilib shularni o‘ylarkanman, kenja tog‘am oyim bilan qanday so‘rashdilar, so‘ng akalarining yonlariga o‘tib o‘tirgancha, orqalaridagi yostiqni nega oyim tomonga tashlashga unnala boshladilar, hech fahmlay olmasdim. Bu orada Yahyo akam ham ikki bukilib yelka tutib ulgurgan, xolamning salomlarini topshirish bilan andarmon edilar:
— Oyim duo deb yubordilar, xola, namozlarizda shifo tilab qo‘yarmishsiz u kishiga. Salomxonni duolari qabul: ikki salovot o‘rtasida so‘rashni biladi, deydilar. Shunaqami xola? — dedilar ovozlari uyimizning toqilari tagida jangillab. (U kishi shunaqa daroz odam. Ovozlari ham bo‘y-bastlariga yarasha!)
— Bo‘lsa, bordir, — dedilar oyim menga suyangancha joylariga cho‘kayotib, keyin o‘tirvolib qo‘shdilar,— hammasi ixtimat-da, bolam. Alloh ham ixtimatli bandasini suyadi. O‘zlari tuzukmilar?
— O‘tiribdilar o‘sha o‘ziz bilgan karavotlarida... ixrab-sixrab, tasbehlarini o‘girib. Charchasalar yotadilar. Yotib zeriksalar, turib tahorat oladilar, yana o‘sha o‘rinlarida namozlarini o‘qiydilar. Xudo umr bersin, — deb u kishi ham cho‘kdilar.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:21:22

— Beradi ham. Allohimning bergan dardiga necha vaqtdan beri sabr etadilaru  u kishini sevmay, kimni sevsin! Shu dard bilan ham ibodatlarini qo‘ymaganlari uchun ham shunaqa ushlab turibdi, Yahyoxo‘ja. Bo‘lmasa, u kishi tengi qanchalar o‘tib ketdi. Qani, ilohim, qadam yetdi, balo yetmasin, hammaga ham shunaqa ibodatli umr bersin, rohi-rostdan O‘zi adashtirmasin. Oblohu akbar. Xush kepsizlar. Qaranglar-a, qanday yarashib turibdi, uylarimiz to‘lib turibdi. Kelsa, ko‘rsa, ko‘z-ko‘zga tushsa, yaxshi-da. Hammavuza ham g‘animat.
Men ishga ketishim kerak edi, choy kelguncha kiyinib ola qolgani chiqdim.
— Hoy, bolam, ichingga issiq kirmay, qayoqqa shoshasan? O‘tir, tog‘alaring bir kelib qolishibdi, — dedilar oyim.
— Xo‘p-xo‘p, haligi qaymoq bilan shirchoyni opkirishay... — deb chiqdim.
Ularning ko‘ngliga qaramay bo‘ladi ekanmi! Ki-yinmayoq shirchoyni tezlashtirib qaytib kirsam, tog‘alarim o‘tgan-ketgandan gap ochib, gangir-gungur suhbatlashib o‘tirishar, uy ichi har qachongidan fayzli bo‘lib ketgan edi.
Qaymoq ketidan shirchoy kirib, boyagi hidi gurkiragan tandir nonlar ushatilib, bismilloh ila «oling-oling, nasibangiz qo‘shilgan ekan», «Alloh dasturxonimizni bundan ham ziyoda qilsin» degan mulozamatlar bilan nonushta qila boshladik.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:21:32

Ochig‘i, aqrabolar bilan yozilishib o‘tirib nonushta qilish bir gashtli, yolg‘iz o‘zing shosha-pisha, apil-tapil bir narsalar bilan nafsni qondirib ketishdan o‘lsa o‘ligi ortiq edi. Mehr ko‘zda deb shuni aytsalar kerak-da? Endi ketgim ham kelmay qolgan, har kungi o‘sha ish-da, boraman-da, axir, deb qilt etmasdim. Rostini aytsam, jirishni buzgim kelmasdi. Qolaversa, ular har kuni kelib yurishibdimi?
Qo‘ldosh tog‘am bir gap ochmoqchi bo‘lsalar avval odamga sassiz jilmaygancha tikilib qolar edilar. Hozir ham meni suygan kabi o‘shanday tikilib qoldilaru so‘zga ko‘chdilar:
— Akangni Yodgori ko‘rinmaydi, jiyan?
Mening o‘rnimga ham oyim javob qildilar:
— Maktabiga ketgan, tog‘asi. Hademay o‘nni bitiradi, Xudo xohlasa. Bunga o‘xshab instularga kirmoqchi. Zehni tez bolaginamizning. Xudo omadini bersin.
— E, shunaqami? Adasiga tortibdi-da. Kim bo‘lmoqchi? — dedilar u kishi.
— Do‘xtirlikka o‘qirmish, onasining boshi kasaldan chiqmaganigayam.
Tog‘am eshik tomon alanglab olib, ovozlarini past-latdilar:
— Abbosizdan bir uchini eshitdim, shunaqa tushibdimishmi, opa? — dedilar tog‘am, ayollarini to‘ng‘ichlarining nomi bilan atab.
Oyim kaftlari ustidan nigohlarini uzmay — istamaygina bosh tebradilar-da, qo‘shdilar:
— Osmon uzoq, yer qattiq, deydilar-ku, shu ham borakan peshonasida.
— Shu oyday kelinimizga-ya? Binoyidek shekilli,— deb gap qo‘shdilar kenja tog‘am.
— Eldan burun vahma qilmanglar, qo‘yinglar, — dedilar Yahyo akam xontaxtadan nari surilib.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:21:47

— Yomon bo‘pti, — dedilar Qo‘ldosh tog‘am ichlari sidirilib va negadir chakkalarini qashlab, yana eshikka qarab oldilar. — O‘zi man aytganimda bo‘ladigan ishni bo‘ldirib yubora qolish keragiydi. Hazilmi, shuncha yildan beri turmush qurmay o‘tirish ayol kishiga?! Bari shundan.
Hammani bilmadim-u, mening damim ichimga tushib ketgan edi! Men tugul, boshqalar ham miq etolmay qolishgan, uy ichiga pashsha uchsa bilingudek bir jimlik cho‘kkan va go‘yo biz shu o‘tirganimizcha tubsiz chohga shuvillab tushib borardik. Yolg‘iz Xudo asramasa, bosh-qadan panoh ham, najot ham yo‘qdek edi...
Bir mahal o‘zimga kelib, yon-verimga qarasam, tog‘amdan boshqa hamma yer chizib qopti. U kishi esa, zo‘r berib, o‘z gaplarini ma’qullab yotiptilar. Qani endi, dast turib, chiqib keta olsam!..
Oyim ham har vaqtdagidek kaftlarining orqasini hardamxayol silagancha jim qolgan, bosh ko‘tarib, qarab ham qo‘ymasdilar. U kishining gapidan o‘zlarini qaerga qo‘yarlarini bilmay qolgan kenja tog‘am-ku nuqul engahlarini silab, chuchkurmoqchidek burunlarini ishqardilar. Qani, aksira olsalaru qutulsalar!..
Yahyo akam-ku opalarining hurmatidan gap qo‘sholmay, ma’noli iljayib o‘tiribdilar!
Axiyri oyim bosh ko‘tardilar:
— Xudo xayringizni bersin, Qo‘ldoshxo‘ja. Bu gapni bir aytdingiz, boshqa tilga ola ko‘rmang. Eshonpochchaning haqqi-hurmatlari, Sultonmurodimizning haqqi-hurmati. Maylimi?

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:21:55

Kutilmaganda tog‘am dasturxonga fotiha o‘qigan kishiday kaftlarini yuzlariga tortib, tura boshladilaru eshikka qaragan joylarida qaytib cho‘kkalab, ovozlarini pastlatdilar:
— Nima, men... yomonlik sog‘inib aytayotgan ekanmanmi, opa?
Oyim bo‘shashmadilar:
— Sog‘inmagan taqdiringizda ham niyatingiz nima— aytaymi? — dedilar u kishi.
— Ayting, ayta qoling, — deb izn berdilar tog‘am jahl ustida.
Oyim oqillik qildilar:
— O‘ziz ayta qoling, mendan ko‘ra.
Tog‘am ko‘rpachaga ketlarini qo‘yib, ikkala qo‘llarini yozdilar:
— Bo‘lmasa, Olim qurgan shuncha hovli-joy, uchaskaning huzurini birov ko‘rsinmi, birovlarga qolsinmi? Jilla qursa, Yodgorga qoladi-ku, opa.
Oyim kulimsirab, bosh tebradilar:
— Oh,  Qo‘ldoshxo‘ja,  Qo‘ldoshxo‘ja,  xafa  bo‘lmang-u, cho‘t qoquvchiligingizcha qopsiz. Axir ikki o‘rtada bekor bo‘lmagan osmon nikohi bor-ku! Buni shariat deydilar. Shuni tushunasizmi?
Voh, dunyoda shunday so‘zlar ham bor ekanmi, tog‘dek jildirab bo‘lmas?.
Ammo o‘zimiz yelkadan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortib qolgan edik.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:22:16

5. Uzoqib ketmish orqadoshimizga  sog‘inchli xat

«Bor ekansiz-ku, akajonim! Xabaringiz kelib, boshimiz osmonga yetdi. Sizni qay diyorlardan so‘raylik deb o‘tirganimizda. Siz chindan tegirmonga tushsa, butun chiqquvchilardan edingiz! Mana, yana chiqib turibsiz! Siz bizning murobitimiz, mujohidimiz, ertangi murod-maqsudimiz, hur fikrli Sultonimiz edingiz. Nima bo‘ldiki, juda-juda uzoqib ketdingiz?
Rostini aytsam, xabaringizni eshitib, tanamga go‘yo jon bitdi!
O‘ltirib edim, turib-la ketdim! Boshim osmonda, o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Go‘yo ikki kuragimdan xo‘v bolalikdagi kabi qanot o‘sib chiqmoqda edi. Shunday yengil edimki, uchib ketsam ham mumkindek edi! Bor ekansiz-ku! Dunyoning bir chekkasida bo‘lsa-da, eson ekansiz-ku, omon ekansiz-ku. Shunga-da shukr.
Rahmat, Xudo qarg‘agan yurtning bir chekkasida bizlar ham borligimizni, suyanchsiz-tayanchsiz qolganimizni unutmabsizlar. Xeshu aqrabolarim bor edi o‘sha diyorda, bizga ko‘z tutgan-tikkanlar bor edi, deb xatlar yo‘llab, hol so‘rabsiz. Sarhad oshib kelgan xatlarizning ichida o‘zimga atalganlari bor ekan, o‘shandan bir olam madadlar olib, madorlar topdim. Ruhim hov bir vaqtlardagidek yengil tortib, o‘zimni bir boshqacha seza boshladimki, asti qo‘yaverasiz.
Asli bizdan lozim edi, Sizni izlab topmoq, hol so‘ramoq... Ammo soyasidan ham hurkib yashashga mahkum biz notavonlarning qo‘limiz qaerga ham yetardi?! Holimizu fe’limizga yarasha mazlumlikka mahkum ekanimizni koshki bilmasak!.. O‘zini o‘zgartirolmagan qavmga Xudo ham nazar solmas ekan. Sochimizga qirov inadigan kezda aqlimizni sal-palgina tanib tursak, qaerdan ham Xudo yorlaqasin!

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:22:31

Aka, salomdan ham avval dardu xasratga tushib ketganim uchun uzr so‘rayman. Azbaroyi yaqin olib, yorilib qo‘yibman. Sog‘inganimizni, yo‘llaringizga ko‘zimiz to‘rt ekanini, bundan keyin undan ham intiq kutarimizni — shundan bilavering. Boringizda kimga bo‘ylashishu ergashishni bilardik. Sizsiz hamma qatori bo‘ldik-qoldik. Qayg‘ularimiz ham qarichimizga yarasha. Intilib esa, qaerga ham yetardik?! Damimiz ichimizda, bir navi g‘imirlab yurganimizni Bahriddin akamdan elchi kelganida (harqalay u dunyo ko‘rgan-da!) sezib qoldim. Ilgari ham bir kelgan u tujjor eski cho‘g‘-yaralarimni yangilab, yo meni o‘zgartirib ketdi, yo ko‘zimni ochib ketdi. Ishqilib men kechagi Maqsud emasdim. Dunyoga ham avvalgidan boshqa ko‘z bilan qarab, boshqa qarich — Sizning qarichingiz bilan o‘lchar edim. Go‘yo Siz bilgan o‘sha pakana pari (yoshim bir qoraga yetganda!) tirilib kelib qolgandek edi. O‘sha ilinj, o‘sha qiziqishlarimni, kimga besh ketgan tomonlarimni topib olgandek edim. (Axir men kimga o‘xshamoqchi edimu, kim bo‘ldim?! Qani, nochorning yoniga tushib, mazlumning tarafini ola bilganim?! Qani, qalamim «hamdu sano»dan ortib, elning g‘amini terib yozayotgani?)
Aka, siz ko‘kragida yoli bor yigitlarning sarasi edingiz, sultoni edingiz! Zig‘ircha adolatsizlikka qarab turolmasdingiz. Siz bizning murodimiz edingiz, Sizga qarab yorug‘ kunlarni ko‘rgandek bo‘laverardik. Afsuski, murobitu mujohidlarning so‘nggisi— sizlar ekansiz, undan keyin biz ishongan tog‘lardan sher tugul kiyiklar chiqmay-la qoldi. Marg‘uba kennoyimizni o‘z nikohidagi egasiga yetkazib, xuddi u kelinoyimizdan bir tuki kam bo‘lmagan Mahfuz kennoyimni bu tarafga jo‘natganingizda (Akam keladilar ekan-da deb!) boshimiz ko‘kka yetib edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:22:43

Chindan Alloh Sizdek mujohidni (uning shariatiyu osmon nikohini har narsadan ustun qo‘yganingiz uchun!) pardai ismatda asragan boshqa bir Mahfuzasi bilan taqdirlagan ekan. Bunga pochchadan tortib xolalarimgacha, hatto oyim ham iymon keltirishgan — bu Xudoyimning yozmishi, Sultonmurodni ziyodasi bilan taqdirlabdi, deyishgan edi. Ammo siz bunga javoban nima qildingiz — bir marta bosh suqqancha qaytib qorangizni ko‘rsatmadingiz! Alloh yorlaqaganiga shumidi javobingiz?
Musofirgina kelinchakning holi nima kechdi deb hech o‘ylamadingizmi? Sizlar izlagan dorilomon diyor kishining ahli ayoli, bola-chaqasidan ham aziz ekanmi? Qolaversa, u boyaqishgina sizning nikohingizda edi. (Hanuz ko‘zlari to‘rt kutyapti!) Shariat buyurgan zimmangizdagi narsalarni nima soqit qila olardiki, bu yoqda ahli ayolingiz turib, o‘zingiz u yoqlarda qolib ketdingiz?.. Topganlaringiz yo‘qotganingizdan shunchalar azizmidi?
Uzr, men bu narsalar haqda og‘iz ochmasligim kerak edi, lekin keyingi voqealar, u mushtiparginaning boshiga tushgan ko‘rgiliklarni bilsingiz edi, siz ham kechirmasdingiz o‘zingizni. Na iloj, qiyomat qarz, shularni bildirib qo‘yishim shart ko‘rindi. (Axir, u sizning ahli ayolingiz! Erta-birisi kun Allohning oldida so‘ralishingiz bor!) U musofirginani bu azim shaharda necha yillar yo‘qotib qo‘yib, sizga nima javob qilarimizni bilmay uy-ichimiz bilan ich-etimizni yeb o‘tirganlarimizni aytganim yo‘q. (Keyin bilsak, Yodgorga yukli bo‘lib qolib, biznikilarga ko‘rinolmayin Kattabog‘dan bosh olib ketgan, Chaman akanikidan panoh topgan ekan). Keyin-chi, do‘xtirlar oyog‘ini kesadigan bo‘lib, shifoxonalarda tiq etsa, eshikka termulib yotganida-chi? Kim joniga ora kirdi? Mana endi yolg‘iz Yodgori er yetib qolganida yana uydan chiqolmay o‘tiribdi. Koshki u boyaqishginaga ilashgan dard haqida birovga og‘iz ochib bo‘lsa!

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:22:56

Oyimlarni eshitsangiz: Xudoyimdan aylanaqolay, bundan bo‘lak suygani yo‘q ekanmi, dard ustiga dard qo‘shib beravermasa? Shunaqqib sinaganlari evaziga koshki yaxshi bir kunda Sultonmurodginamiz osmondan tushgandek kirib kela qolsa, deb o‘tiribdilar.
Shunaqa, akajon. Bular hammasi aytishga oson. Lekin terisi boshqa nimani ham bilardi! Bir kun chidarmikanmiz? Kennoyim-chi, yil — o‘n ikki oygina emas, yaqin o‘n sakkiz yildan beri chidab kelyapti! Tag‘inam fil ekan, boshqasi bo Xudo, dunyoga ikki marta kelamanmi, derdiyu turmush qilib ketardi. U mingdan bittasi bo‘lib o‘tiribdi-ku. Shunday mohipora kennoyimiz xabar olishga arzimadimi?
Aka, uzr. Avvalom bor, bular haqda sizga yozmasligim kerak edi, Sizni bilganimdan, ichim achigandan, yozib qo‘yibman. Siz hech kimga o‘xshamassiz! Sizdek odamga chegara-sarhadlar nima ekan?! Tuzumlar nima ekan?! Hammasi noqis, noodil ekanini, o‘tkinchi sanashingizni koshki bilmasam! Hech biri Alloh yaratgan shariatdan, zimmamizga yuklagan burchu so‘raladigan narsalardan ustivormasdir?
Men o‘zingizni ko‘r-ko‘rona olovga urib, bo‘yningizni sirtmoqqa tutib bering demoqchi emasman. Lekin inson Qiyomatni, Mahshar kunini, Allohning oldida turmog‘ini unutmog‘i mumkinmi? Ko‘ra-bila turib, o‘zini sharmisorlikka qoldirmog‘i mumkinmi? Sizdek odam bunga rozi bo‘lmog‘ini hech tasavvur eta olmasman...
Yana ming bor uzr, men mushtipargina kennoyimizni deb, shularni yozdim. Aybsitmaysiz. Adashgan bo‘lsam, Alloh kechirsin. Qolaversa, tili achchig‘u qo‘li kalta ukangizni kechirib qo‘ying! Nima degan bo‘lsam, avvalo, Sizni suyganimdan, Allohning oldida yuzingiz yorug‘ bo‘lishini istab yozdim. Hamma kechirmasa ham o‘zingiz kechirasiz, siz tushunasiz deb, mirzo ukangiz, Maqsud.

O‘zingiz bilgan Toshkandi azimning
Katta Qangli biqinida
oshyon tutgan xeshu
aqrabolaringizdan sog‘inchli salomlar
yo‘llab qolaman».

Qayd etilgan