Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 371186 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 51 B


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:25:57

   Zohid o‘ylanib qoldi. Bu shunchaki formula emas, dunyo ishlaridan zada bo‘lgan yurakning nolasi edi. Bu nola uning dardiga hamohang edi. Zohid professorning ukasi bilan bir-ikki marta shu uyda hamsuhbat bo‘lgandi. Uning tarixni buzib talqin etilayotganidan kuyinishlari, pichingli gaplari, zamonni turli maxluqlarga o‘xshatishi Zohidni hayron qoldirgan edi. «Bu tuzum zahm bilan og‘rigan fohishaning o‘zi. Hammani o‘limga giriftor qilib, so‘ng o‘zi ham o‘ladi», degan gapini Zohid ko‘p o‘ylab yurdi. Gap mag‘zini chaqqani sayin unga bo‘lgan hurmati ortib bordi. So‘nggi marta uni bir-ikki yil oldin qabristonda ko‘rgan edi. Hamkasbining otasi qazo qilib, janozaga borishganida uchratgandi. Ko‘zida yosh bilan yurgan ekan. «Bir ajoyib shoir o‘zini osib o‘ldirdi», deb yig‘lagan edi.
— «O‘zbek bo‘lib tug‘ilmaganda, Ko‘rmas edi shunchalar xo‘rlik...» deb yozib, xor bo‘lib o‘ldi. Hammamiz ham xorlanib yuraveramizmi?! — degan edi. «Shoir nima uchun xo‘rlandi?» deb so‘rashning mavridi emasdi. Zohid keyingi uchrashganimda so‘rarman, devdi. Oradan ancha vaqt o‘tib ketdi. U bilan ko‘rishmadi. Ana endi jinnixonada emish... Yaratgan formulasi...
— Yechimi to‘g‘ri, — dedi Zohid, o‘rnidan turib.
— Aytdim-ku, hammang birsanlar!

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:27:19

    Dunyo ilm ahlining e’tiboriga tushgan, ammo o‘z yurtida turtkilanayotgan olim o‘z taqdiridan nolimay, ukasi va Zohidga o‘xshash yoshlarning iqtidorini tutantiriqqa sarf etayotganidan kuyardi. Har to‘kisda bir ayb deganlaridek, bu professorga matematika ilmi omon bo‘lsa bas, uningcha barcha haqiqat shu ilmda. Shu azim shaharning yana qaysidir mavzeida, yana qaysidir ikki xonalik sovuq (balki issiqdir — Xudo biladi!), chakka o‘tayotgan (balki chakka o‘tmas) uyda bir fizik (balki kimyogar) haqiqat faqat fizikada (balki kimyoda) deb bahs yuritayotgan bo‘lsa ajab emas. Habib Sattorov toifasidagi odamlar uchun bu aldamchi dunyoning hiylalari odatiy hol. Ular bu hiylalarga bas kela olmasliklarini biladilar. Osmonga otilgan tosh qaytib tushgani qanchalik haqiqat bo‘lsa, ular uchun bu yorug‘ olamni tozalash mumkin emasligi shunchalik isbot talab etmovchi haqiqat. Adolat istovchilar Sattorov nazarida kamikadze, qaysidir fizik nazarida esa shamol tegirmonini dev deb faraz qilib, jangga kirgan nodon Do‘n Kixotlardir.
    Har bir odam dunyoga o‘z ko‘zi bilan qaraydi, har bir narsani o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Oqibatda o‘z idrokiga xos ravishda dunyo formulasini yaratadi. Shunday ekan, professor bilan bu sohada bahslashishi foydasiz.
    Zohid ustozining hovuri bosilishini kutib, indamay o‘tirdi. Oyoqlari uni bu tomonga boshlaganda ko‘ngli taskin istagan edi. Qiziq, haqiqat uchun kurashish foydasiz degan aqida bilan yashovchi odam unga qanday taskin berishi mumkin? U bir yil davomida ingliz ilm ahlini lol qoldirib yuradi. Bu yerda esa kim kimni o‘ldiradi, kim mansab kursisiga intilib hamkasbini yanchib o‘tadi, kim kimni kamsitadi — bu bilan ishi bo‘lmaydi. Zohid shuni o‘ylab, ustozidan nafratlana boshladi. Hatto shartta turib, chiqib ketgisi ham keldi. Biroq, farishtalar uning qilig‘iga «o‘zingni bos, axir kimdir ilm bilan ham shug‘ullanishi kerak-ku? Adolat deb, to‘rt xonalik yaxshi uy olaman, deb, akademik bo‘laman, deb bir nodon bilan olishsa, ilm nima bo‘ladi?» deya shivirlab uni shashtidan qaytarardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:30:44

3

    Zohid professornikiga kirayotganida qanday tushkun holda bo‘lsa, chiqayotganida yelkasidan bosib turgan dard yuki bir misqol ham kamaymagan edi. Mashina g‘ildiraklari ostida ezg‘ilanib, kirlanib ketgan qor eriy boshlagan, go‘yo atrof balchiqqa belanayotganday edi. Zaif qor uchqunlari esa bu ifloslikni qoplab ulgurmasdi.
    Zohid uyga borsammi yo qishloqqa chiqib ketsammi, deb picha ikkilandi. Qishloqdan kecha kechqurun keldi. Bugun borsa ota-onasi «nima bo‘ldi?» deb xavotirlanishadi. Uyda hech kim yo‘q — xotini ishda, o‘g‘li boqchada... U yana oyoqlariga erk berdi. Bizga shunday tuyuladi: go‘yo oyoqlarimizga erk beramiz, bu erkin oyoqlar bizni qaygadir boshlab boradi, go‘yo qayoqqa borayotganimizni bilmaymiz. Holbuki, miyamizdagi yashirin bir nuqta bu erkin oyoqlarni boshqaradi, «u yoqqa yurma, bu yoqqa yur», deb turadi. Hozir Zohidning oyoqlari uni (go‘yo beixtiyor) vinzavod tomonga yetakladi. Bilchillab eriyotgan qorlarni bosib, ko‘lmaklarni chetlab o‘tib, qorovulxonaga ham olib kirdi.
    Qorovulxona temir panjara bilan ikkiga bo‘lingan, panjara o‘rtasida bir qulochli aylana temir eshikcha bor edi. Panjara ortidagi eski stol atrofida uch yigit davra qurib, choyxo‘rlik qilib o‘tirardi. Ular Zohidga bir qarab qo‘yishdi-yu, indashmadi. Zohid ham ularga qarab turaverdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:32:46

— Ha, ukaxon, xizmat bormi? — dedi qo‘ng‘iz mo‘ylovli yigit.
— Qilich aka kerak edilar, — dedi Zohid.
Yaxshiki qorovul «nima ishingiz bor edi?» deb so‘ramadi. So‘rab qolganida Zohidning dovdirashi tayin edi.
— Qilich akamlar bugun ishga chiqmadilar. Toblari yo‘q, — dedi qorovul.
«Bilmaydimi yo laqillatmoqchimi?»
— Sharif aka-chi?
Qorovul kulimsiradi.
— Sharif akangizga besh-o‘n yildan keyin kelasiz, ukaxon.
— Nimaga? — dedi Zohid ajablanganday.
— Safarga ketganlar, — dedi gapga aralashmay o‘tirgan qorovul yigitlardan biri. Uning so‘zlarini ma’qullab, sheriklari kulishdi. Shu payt zavod hovlisiga olib chiquvchi eshik ochilib, yelkasiga suvsar yoqali palto tashlab olgan do‘mboq juvon qorovulxonaga kirib barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi.
— Salimchik, mana buni yopishtirib qo‘y, — dedi juvon qo‘ng‘izmo‘ylovli qorovulga bir parcha qog‘oz uzatib.
— Siz yopishtir, deysiz-ku, biz yopishtirmaymizmi, — dedi qo‘ng‘izmo‘ylov, o‘rnidan turib. Bu hazildan sheriklari miriqib kulishdi. — Nima bu o‘zi?
— Ministrning pirkazi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:33:22

    Qo‘ng‘izmo‘ylov chap qo‘li bilan qog‘ozni olib, o‘ng qo‘lini ayolning dumbasiga yubordi. Juvon «otstan» deb qo‘liga asta urib qo‘yib, iziga qaytdi. Qo‘ng‘izmo‘ylov qog‘ozga ko‘z yugurtirdiyu ajablanib sheriklariga qaradi.
— Ie, vey, — dedi u, — bu yog‘i allambalo bo‘p ketdi-ku, «Sulaymonov ishdan olinib, Namozov direktor vazifasini bajarishga kirishsin...»
Ikkala yigit shoshib o‘rnidan turib, qog‘ozga qaradi.
— Birov hazillashgandir?
— To‘xta, — dedi qo‘ng‘izmo‘ylov telefon tomon yurib. Shunda begona yigit serrayib turganini eslab, unga norozi qiyofada boqdi. — Hech kim yo‘q bugun, ertaga kelasiz.
— Nima yumushingiz bor edi, o‘zi? — dedi hali gap tashlagan yigit.
— Ishga kirmoqchiydim, — dedi Zohid.
— Bu yerda ish yo‘q, qurilish-purilishga boring, — dedi yigit.
Zohid bu qimmatli maslahat uchun minnatdorlik bildirib, tashqariga chiqdi-da, zinadan pastga tushmay turdi. Orqasiga bir qaraganda qo‘ng‘izmo‘ylov telefonda gaplashayotgan edi. Yana bir qarasa buyruq yozilgan qog‘ozni devortaxtaga yopishtiryapti. «Demak, bu yog‘i ham pishgan. Qo‘ng‘izmo‘ylov kimga qo‘ng‘iroq qildi? Ministrlikkami? U yerdagilar qorovul bilan gaplashib o‘tirisharmidi? Kimdan so‘radi? Asadbekdanmi?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:36:36

IX  b o b

1

   Tabibboshi Anvarning gaplarini eshitib, «bari-bir yalinib kelar ekansan-ku», deganday istehzo bilan kulimsirab qo‘ydi.
— O‘jarlik qilib chiqmay qolganingizda sizni chindan ham telba degan bo‘lardim. Hozir do‘xtiringizga aytaman, qog‘oz yozib beradi.
— Birato‘la majruhlikka chiqarib yubormaysizlarmi ishqilib? — dedi Anvar xavotir bilan.
— Qo‘rqmang, — tabibboshi «holing shumidi» deganday yana iljaydi, — invalidlikka chiqish osonmas, yana ikki-uch marta kelsangiz, ana o‘shanda o‘ylab ko‘ramiz.
— Hali yana ko‘rishar ekanmiz-da, — Anvar unga ko‘zini lo‘q qilib tikildi. — Sizni tortib ko‘rish yanagi safarga qolarkan-da a? Necha kilo go‘sht berishingizni bilmay chiqib ketaveramanmi endi?
— Bas qiling!..
Tabibboshi asabiy holda emas, yalinish ohangida aytdi bu gapni. Gap ohangi Anvarni ajablantirdi. Bu yerda boshqa qiladigan ishi yo‘q edi, chiqib ketaversa ham bo‘lardi. Biroq, tabibboshi yuzida istehzo uchqunlarining yo‘qolib, ko‘ziga mung soya tashlashi uni hayron qoldirib joyiga mixladi. Tabibboshi uni haydab chiqarmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:37:02

— Xafalik sizga yarashar ekan, ko‘zlaringiz chiroyli bo‘lib ketarkan.
— Qo‘ying, gapirmang, — tabibboshi o‘rnidan turib deraza tokchasiga qator terilgan tuvakdagi gullar oldiga keldi. Qo‘llarini qovushtirganicha Anvarga orqa qilib turdi. Undan anchagacha sado chiqmadi.
— Jinnilik ham evi bilan-da, — dedi u nihoyat. —
Kimligingizni bilmaymanmi? Siz alamingizni mendan olmoqchisiz. Men bir bechora tul ayol bo‘lsam. Sizning erkak degan nomingiz bor... — tabibboshi shunday degach, Anvarga o‘girildi. — Ha, faqat nomingiz bor. Gapimdan ranjimang, yolg‘iz siz emas, hammangiz... birsiz... Aslida erkak zoti qolmagan. Hammayoqni xotinchalish bosib ketgan.
   «Bu yog‘i zo‘r bo‘ldi-ku? — deb o‘yladi Anvar. — Nimaga shama qilyapti u, yo qarmoq tashlamaganimgami? Qani, eshitaveray-chi...»
— Zo‘r bo‘lsangiz, aqlli bo‘lsangiz, haqiqatparvar bo‘lsangiz nimaga bu yerda miq etmay o‘tiribsiz. Bu yerga yuborganlarga qarshi nima uchun bosh ko‘tarmadingiz? O‘rtog‘ingiz-chi, u kim? Endi Asadbekka malaylik qilyaptimi? Siz chiqib kim bo‘lasiz? Siz ham Asadbekning yalog‘ini yalaysiz. Yalamay ko‘ringchi!.. — Tabibboshi erimning kuni boshingizga tushadi, demoqchi edi, lekin ro‘parasida hasratdoshi emas, begona erkak o‘tirgani uchun bunday demadi. Birdaniga yorilib, shuncha gaplarni aytvorgani ham yetarli edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:37:39

    Tabibboshi aslida Elchin kelib-ketganidan so‘ng aytmoqchi edi bu gaplarni. Sirtdan qaraganda beg‘am, hayot lazzatlaridan bahramand yashayotganday ko‘ringan bu do‘mboq ayolning ichi hasratga to‘la edi. To‘g‘ri, yemoq-ichmoqdan kam-ko‘sti yo‘q. Lekin ayol kishiga shuning o‘zi yetarlimi? Qimorboz bo‘lsa ham eri bor edi. Ertaga qaysi erkak erkalar ekan, degan o‘yda yashamasdi. Yetim to‘shakka kirganida ko‘kraklari o‘rgangan qo‘lni qo‘msab zirillaydi. Kelinlik chog‘lari o‘rganolmay qiynalgan aroq va sigaretning aralash qo‘lansa hidini ham sog‘inadi. Uning dardini faqat yostiq biladi. Ko‘zyoshlarga aylangan hasratni yostiq bag‘riga singdirgan. Yer qon ichib to‘ymaganidek, yostiq ham hasrat ko‘zyoshlarini ichib to‘ymaydi.
   Soppa-sog‘ yigit-qizlarning bu yerga yotqizilishiga u ko‘nika boshlagan edi. Ayniqsa jinoyat qilib qo‘ygan yoki harbiydan qochirilganlar bu yerga tez-tez keladi. Tabibboshi bu holdan iztirobga tushmasdi. Lekin hech qanday jinoyatga aloqasi yo‘q, faqatgina to‘g‘ri gapni aytishni yaxshi ko‘ruvchi odamlar keltirilganda o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolardi. To‘g‘ri, u ruhiy xastaliklar bo‘yicha mutaxassis emasdi. Lekin odamning ko‘ziga, so‘zlariga qarab es-hushi joyidaligini ajratish qiyin emas-ku! Anvarni dastlab ko‘rganida ham esi butunligini bildi. Keyin ish joyi, kasb-kori bilan qiziqdi. «Bu yigitning kasali — haqiqat», deb o‘zicha tashxis qo‘ydi. Tabibboshi bu esi sog‘ odamga achinsa, u «necha kilo go‘sht qilarkinsiz», deb masxaralab yuribdi. Tabibboshining alami shundan edi. Gapirib sal xumordan chiqqanday bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:39:18

   Anvarga, shubhasiz, uning kechinmalari begona edi. Tabibboshi u uchun zanjirning bir halqasi edi xolos. Ayolning gaplarini alamga to‘la yurak sadosi sifatida emas, shunchaki gina kabi qabul qildi. Tabibboshining «Asadbekning yalog‘ini yalaysiz», degani tovonigacha zirillatib yubordi. «Siz-chi, kimnikini yalaysiz, xalqlar otasinikinimi?» demoqchi bo‘ldi-yu, shu gapni aytsa bahs cho‘zilishini bilib o‘zini tiydi. «Jinnixona malikasi» deb nom olgan bu do‘mboqqina ayol bir nimalar deb valdirasa javob qaytarish shartmi, balki meni sinamoqchidir, balki gap olmoqchidir, balki uchinchi qavatga «ko‘tarish» uchun zamin hozirlayotgandir...» Anvar shu fikrlar bilan o‘zini ovutdi.
Tabibboshi Anvardan sado chiqmagach, gapim ta’sir qildi, degan xulosaga kelib: «Xayr bo‘lmasa», dedi.
Anvar bosh irg‘ab o‘rnidan turdi. Bir-ikki qadam qo‘yib, orqasiga o‘girildi.
— Ko‘rishgunchami? — dedi kulimsirab.
Tabibboshi bu gapni eshitib, tutaqib ketdi:
— Odam emasakansiz! — deb yuzini chetga burdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:41:20

2

   Havo aytarli sovuq emasdi. Ammo qor uchqunlarini o‘ynatib yurgan shamol «ust-boshingning qalinligi menga cho‘t emas, baribir qaqshataman», deganday odamlarga hamla qilar edi. Shunday havoda pinjagining yoqasini ko‘tarib, qo‘llarini cho‘ntaklariga solib, shumshayib qolgan yigitga qarab birovlar «esi sog‘mi bu odamning» desa, birovlar «yo‘lto‘sarlar yechintirib olgan shekilli», deb achinardi. Hech kim «bu bechorani kuzda jinnixonaga xuddi shu kiyimda olib kelishgan edi, «xotinim palto olib kelar», deb kutib o‘tirmay chiqib kelaveribdi-da», demas edi.
Avtobusda Anvarning joni picha orom olgan edi. Pastga tushib besh-o‘n qadam bosmay yana qaltiray boshladi. Tez-tez yursa ham isimadi. Hovlisiga bezgakka uchragan odamday titrab-qaqshab kirib keldi. Uyiga kirmay, to‘g‘ri hovli etagidagi onasining xonasiga qarab yurdi. «Uydamikinlar ishqilib?» deb o‘yladi u. Onasi, ko‘zi ojizligiga qaramay, devorlarni paypaslab yurib qo‘shnilarnikiga yo‘rg‘alab qolardi. Mahalla-ko‘yning issiq-sovug‘idan doimo xabardor bo‘lib turgan ayol ko‘zdan qolsa qiyin ekan. Uyga sig‘maydi. Ko‘ngil qurg‘ur «o‘tirma, qo‘ni-qo‘shnilarnikiga chiq, dardi bo‘lsa dardini ol», deyaveradi. Shunaqa paytda yomg‘irmi-qormi, issiqmi-sovuqmi  farqi yo‘q— uydan chiqadi.
   Eshikka yaqinlashganida radiodan chiqayotgan ovoz eshitildi. «Uyda ekanlar» deb o‘yladi Anvar yengil tortib. Eshikni ochib ichkari kirishi bilan onasi:
— Kim? — dedi. Javob kutmay so‘radi: — Anvar, senmisan?
— Menman, oyi, assalomu alaykum.
— Voy, bolaginamdan aylanay, kelgan bo‘lsang o‘rgilay, nimaga qaltirayapsan, bolam? — u shunday deb o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Anvar tez-tez yurib borib cho‘k tushdi-da, onasini quchdi.

Qayd etilgan