* * *
Ayyosh bilan Umar (r.a.) Tanodubda uchrashdilar. Hishom kelmagan edi. Qarorga ko‘ra, uni kutib o‘tirmadilar, darhol yo‘lga tushdilar. Yasribgacha biron korhol yuz bermadi. Shaharning Avoli degan joyida Umayya ibn Zayd o‘g‘illarinikida mehmon bo‘ldilar.
Ko‘p o‘tmasdan Abu Jahl ukasi Horis bilan birga Yasribga keldi, Ayyosh ibn Robiani topdi. U amakilarining o‘g‘li va ona bir ukalari edi.
— Yemon bir ish qilding, ey Ayyosh! Sen qaytib Makkaga bormaguningcha, onang sochini taramaslikka, hatto soyaga o‘tmaslikka qasam ichdi. Bechora onangni 6u azobdan qutqarishing kerak, — deyishdi.
Ayyosh bu so‘zlarga ishondi. Hazrati Umar oraga kirdi:
— Ey Ayyosh, zinhor ularning so‘zlariga ishonma. Aldab, seni yo‘ldan urmoqchilar, birodar. Onang sochi qurtqumursqaga to‘lgach, tarashga, quyoshning qizig‘ida qolib boshidan kun o‘tgach, soyaga chekinishga majbur bo‘ladi. Mening so‘zimga kir, Makkaga qayta ko‘rma.
Ammo Ayyosh Hazrati Umarchalik irodali emas, buning ustiga, uning zaif joyidan ushlashgan edi.
— Onam qasam ichibdi, — dedi o‘ksib.
— Aldanma, bu gaplarning hammasi g‘irt yolg‘ondir. Bu odamlar hozirgacha doim yolg‘on gapirib kelganlarini unutma!
Abu Jahl jiddiy turib yana avvalgi gapini takrorladi:
— Onangga rahm qil, ey Ayyosh. Quyosh tig‘ida o‘tiribdi... Qasam ichgana... Soyaga chekinmasa, ahvoli nima bo‘ladi? Kim biladi, balki hozir kunning tig‘iga dosh berolmay hushidan ham ketgandir.
Aslida, g‘urbat hissidan, vatan hasratidan ezilgan Ayyosh ketish tarafdori edi.
— Men bu yerda senga qaram bo‘lib qoldim, ey Umar. Borib hech bo‘lmasa mol-mulkimdan olib kelay, — dedi:
— So‘zim so‘z, molimning yarmi seniki bo‘lsin, birodar.
— Baribir ular bilan birga qaytib ketmasam bo‘lmaydi.
Hazrati Umar uni bu qaroridan voz kechtira olmasligini tushundi. Nochor:
— Do‘stim, shu tuyam senga. O’zi zotdor, yuvosh. Bir minganingcha, ustidan tushma. Biron shubhali narsani sezsang, qochib qol, — dedi.
Yo‘lga otlandilar. Ayyosh onasini og‘ir ahvoldan qutqarish va vatan hasratidan xalos bo‘lish xayoli bilan hayajonda, Abu Jahl bilan ukasi esa, uni bunchalik osonlikcha yo‘ldan urganlaridan behad xursand edilar.
Safar bexavotir davom etdi. Abu Jahl bu g‘amxo‘rligi uchun Ayyoshni alqar, onaning farzanddagi haqqi har qanday boshqa haqdan ustun ekanini qaytaqayta ta’kidlar edi. Yo‘lga chiqqanlaridan beri orasira suhbat Ayyoshning onasiga borib taqalar, har gal yolg‘onyashiqlar ustmaust taxlanar edi. Abu Jahl:
— Eng oxirgi kun boshidan suv quymagunlaricha hushiga kelmadi sho‘rlik xotin, — deb xo‘rsindi.
—Shunchalik bo‘lguncha unga qarab o‘tiraverdilaringizmi? Soyaga chiqarib qo‘ysalaringiz bo‘lmasmidi?
— Necha marta soyaga oldik, ammo koshki ko‘nsa. Hushiga keldi deguncha, o‘rnidan sakrab turadida, «Yokding meni Ayyosh!» deb baqirib, yana quyoshning tig‘iga chopadi...