Kashmirga kelishdan oldin Gulbadan begim Akbarning iltimosiga ko‘ra «Humoyunnoma» kitobini yozib tugatgan edi. Humoyun davrining barcha achchiq-chuchuklarini birga boshdan kechirgan Ha¬mida bonu ham Gulbadanga o‘zi yaxshi bilgan voqealarni aytib berib, kitobning mukammal chiqishiga ko‘maklashgan edi. Akbarga Bobur bobosining o‘lmas xotiralariday samimiy va haqqoniy tuyulgan bu kitobda faqat ayollargina aytib bera oladigan shunday nozik va go‘zal nuqtalar bor ediki, ularni o‘qigan odam Gulbadan begimning nafis didiga ham, adiblik iste’dodiga ham tan bermay turolmas edi. Akbar ammasini shunday kitob yozgani uchun astoydil bir quvontirgisi kelib Kashmirga ataylab olib kelgan edi.
— Ammajon, siz Kashmirdan qanchalik zavqlan¬sangiz, men siz yozgan kitobdan shunchalik zavq oldim!
Akbarning bu bahosini eshitganda Gulbadan begimning ko‘zlariga quvonch yoshlari quyulib keldi.
— Ilohim uzoq umr ko‘ring, Akbarjon! Kashmi¬r¬ning bodomzorlari, anorzorlari, tutzorlari, mirzate¬raklari xuddi Farg‘ona vodiysini eslatar emish. Men o‘zim-ku, Farg‘ona vodiysini ko‘rganim yo‘q, lekin Qilichxon Andijoniy Kashmirga kelgandan beri tug‘il¬gan joylarini qo‘msab yuragi ezilib yuribdir.
Hamida bonu og‘ir tin oldi-yu:
— Mening rahmatli otam ham Toshkent-u Sa¬marqandni qayta ko‘rolmay armon bilan o‘tib ketdilar, — dedi.
Bu gaplar ta’sirida Akbarning xayoli tog‘lar osha Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylariga tomon uchdi. Kashmir orqali Qashqarga, undan O‘sh orqali Andijon-u Farg‘onaga olib boradigan tog‘ yo‘llarining xaritasini shu bugun kechasi sinchiklab ko‘rib chiqqani esiga tushdi. Himolay va Pomir tog‘larining oraliqla¬ridan o‘tadigan bu yo‘l Kobul va Termiz orqali boradigan yo‘ldan bir necha barobar yaqin. Dehlida Po‘lat vasvas otgan kamoni shoshiyning o‘qi, bu jarohati¬ning achchiq og‘rig‘i uni Turondagi g‘animlaridan o‘ch olishga undaydi. Ammo ikki orada Akbar uchun Himolay tog‘laridan ham ulkanroq moneliklar bor.
Movarounnahrda hamon Abdullaxon hukmronlik qilmoqda. Abdullaxon uchun eng xatarli raqib — Akbar bo‘lganligi sababli, u o‘zining eng sara qo‘¬shin¬larini Kobul va Kashmir bilan chegaradosh bo‘lgan janubiy o‘lkalarda saqlamoqda. Akbar otasi¬ning Balxda shayboniyzodalardan qanday yengilganini unutolmaydi, ular bilan bellashish uchun avval Hindistondagi ichki parokandalikni tugatib, barcha kuchlarni bir tug‘ ostiga yig‘ishni o‘ylaydi. U mana shu maqsadda Kashmirni ham markaziy davlatga qo‘shib oldi. Abdurahim xoni xonon Sind va Be¬lujistonga qo‘shin tortib ketdi.
Qaniydi, Akbarning o‘z o‘g‘li Salim ham Abdurahim kabi sadoqatli, qobil farzand bo‘lsa-yu, otasining og‘irini yengil qilsa! Salimning tashvishi ozlik qilganday, keyingi o‘g‘li Murod ham ichkilik¬boz¬likka o‘rganib, umrini bazmlarda o‘tkazmoqda. Akbar uni poytaxtdagi ulfat beklaridan uzoqroq tutish uchun janubdagi Malvaga hokim qilib jo‘natdi. Uchinchi o‘g‘li Doniyol hozir Qandahorda. Yoshi o‘n sakkizga kirib, u ham ko‘p ichadigan bo‘lgan. Nahotki uch o‘g‘ildan birortasiga Akbardagi iroda o‘tmagan bo‘lsa? Bu javobsiz savol hatto hozir Kashmir ko‘llarida suzib yurgan eng mas’ud damlarida ham uning diliga soya tashlab turibdi.
Tashqi ko‘rinishdan ammasi Gulbadan begim hozir o‘zini juda quvnoq sezayotganga o‘xshaydi. Lekin uning dilida ham armonlari ko‘p.
— Onam Samarqandda, otam Andijonda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-yu, men hanuzgacha ularning yurtini borib ko‘rolmasam-a? — deydi.