Hozir uyiga kelishidan maqsad — bir oz dam olish bahona, aslida xotiniga dardini yorib malham bo‘lguchi so‘z eshitish edi. «Bu sen aralashadigan ish emas», deganidan so‘ng malham bo‘lguchi so‘zdan umid qilmasa ham bo‘lar.
Xotini unga bir qarab oldi-da, aybdor odamning ovozi bilan so‘zlashga o‘zida jur’at topdi:
— Adasi, men ham borayinmi?
Chuvrindi buni o‘ylab ko‘rmagan edi. Darvoqe, borsinmi? Borganida nima qiladi? Kelinlik vazifasini ado etib «voy, onam»lab dodlaydimi?
— Yo‘q, — dedi Chuvrindi, shularni o‘ylab. Bir oz sukut qildi-da, so‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Bormaysan. Sen boradigan joy emas.
So‘nggi gapni aytishi bejiz emas. Onasi-ku, o‘ldi-ketdi. Ammo bu xonadonda hali «bobo» deb atalishi lozim bo‘lgan odam, «tog‘a» deb ataluvchi kishi, yana o‘zi ham bilmaydigan bir to‘da qarindosh-urug‘lari bor. Ular ko‘p, ularni ko‘rishga esa unda ko‘z yo‘q. O‘zi ularni ko‘rishga toqat qilolmaydimi, bas, xotinining ko‘rishiga ham hojat yo‘q.
Chuvrindining ma’yusligini ko‘rib, akaxonlari, ayniqsa Haydar akasi, endi esa xotini «onasining o‘limidan qayg‘uryapti», deb o‘ylashdi. Qayg‘urgani uchun Haydar akasining hatto g‘ashi ham keldi. To‘g‘ri, o‘lim tufayli ham uzoriga qayg‘u ko‘lanka soldi. Ammo ko‘nglini kemirayotgan bu ko‘lanka emas, balki onasidan eshitgan yangilik — otasining taqdiri edi. Aslida uni qishloqqa borishga undayotgan ham dafn marosimi emas, balki otasining necha yildan beri yashirin yotgan yerini ko‘rish, ziyorat qilish edi.
Salqin xonaga kirib yotdi. Xotiniga «uxlab qolsam bir soatdan so‘ng uyg‘ot», dedi. Shu ahvolda uyqu kelar ekanmi? Yarim soatcha u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilib yotgach, o‘rnidan turib hovliga chiqdi. Yengil-elpi ovqatlangan bo‘lib, yo‘lga tushdi.