Juda alomat ish bo'lgan ekan, toza kuldik.
Yaqinda dadam uyga mehmon keladi, deb qoldi. Nozikroq mehmonlar ekan, oyim katta hozirlik ko'rdi. Er-xotin bo'lib olti kishi kelishdi. Fato'sh mehmonlarga yoqib qoldi. Juda odobli, shirin so'z qiz ekan, deyishdi. Bola tarbiyasidan gap ochilib, ko'p maqtashdi. Dadam ham ularga qo'shildi.
— Bizning xonim bolalarni ko'chaga yolg'iz chiqarmaydi, afandilar. Shuning uchun ham tarbiyalari joyida.
— Ha, ko'cha bolani buzadi. Bolalar ko'chada har xil yomon gaplarni eshitadi. Shuning uchun Fato'shni hecham ko'chaga chiqarmayman, — deb qo'ydi oyim.
— Juda to'g'ri ish qilasiz, xonim afandim, — dedi
mehmon ayollardan biri oyimga qarab. — Ko'cha uyoqda tursin, hozir maktab ham bolalarni buzyapti. Ko'z tegmasin, qizchangiz g'oyat odobli ekan, yaxshi tarbiya beribsiz.
Bu maqtovlarni eshitib Fato'sh shishib ketdi. Butun bilgan narsalarini ishga solib, yana nimalarga qodir ekanini mehmonlarga ko'rsatib qo'ymoqchi bo'ldi.
— Ho'v dada!
Fato'sh hamma kulib yuboradi, deb o'ylagan edi. O'tirganlar sovuqqina kulgan bo'ldi. Og'ir jimlik cho'kdi. Dadam xijolatpazlikdan nima qilarini bilmay, qiyin ahvolga tushib qoldi. Fato'sh mehmonlar nega sharaqlab kulmaganiga hayron bo'ldi, yaxshi eshitishmagan bo’lsa kerak, degan xayolda qattiqroq baqirdi:
— Ho'v dada! Sizga aytyapman!