* * *
Bir kun hazrat Abu Bakr (r.a.) huzuriga Fujoa ismli bir kishi keldi va u xalifaga murojaat qildi:
- Ruxsat ber, ey, xalifa, Islomni tark etganlarga qarshi jihod qilayin. Menga ot va qurol ber, borib ularni dinga qaytaray, ular yana islomni tan olsinlar.
Bu taklif qabul qilindi. Ot va qurol berildi. Fujoa mamnun bo‘lib chiqib ketdi. Ammo Fujoa xalifa yonida ko‘rsatgan samimiyatini o‘sha yerning o‘zida qoldirgandi. Yo‘lida kim uchrasa, hatto mo‘min bo‘lishiga qaramasdan, o‘ldirib molini olardi. Unga Najaba bin Abu Mayso ismli qaroqchi qo‘shilib, ikki kishi bo‘lishgandi...
Bu xabar tezda Madinaga yetdi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) o‘zidan nihoyatda xafa bo‘lib ketdi. Turayfa bin Hojizga bir maktub yozdi. Vaziyatni bayon qildi. Uni tutib keltirishni buyurdi. Turayfa yo‘lga chiqdi. Natijada Fujoa sherigi bilan qurshab olindi. Otilgan o‘qlardan biri Najabani qulatdi. Yakka qolgan Fujoa vaziyatdan chiqish uchun:
- Ey, Turayfa bu nima qilganing?.. Sen xalifa nomidan jang qilayapsan, men ham. Shu qilichni ham menga shaxsan xalifaning o‘zi bergan. Shunday ekan, xalifa yonida sen mendan ko‘ra e’tiborli hisoblana olmaysan, — deya hayqirdi.
Unga javoban Turayfa shunday dedi:
- Agar so‘zlaring samimiy bo‘lsa, qilichingni tashla, birga xalifa yoniga boramiz.
Fujoa oyog‘i ostigacha kelgan o‘limdan qutulish uchun qilichini tashladi. Zotan, boshqa yo‘li ham yo‘q edi. Yolg‘iz o‘zi shuncha odamni qilichdan o‘tkaza olmas edi. Ammo, hazrat Abu Bakr (r.a.)ning ko‘nglini topib, bir yo‘lni topish umidida edi. O’ziga ishongan odamdek qurolini tashladi va ilgariladi. Birga Madinaga yo‘l olishdi.
Hazrat Abu Bakr Fujoani ko‘rgach, gapni cho‘zib o‘tirmadi. Olib borib yoqilishini buyurdi. Fujoa bu amrni eshitib, oyoqlaridan darmon ketdi. Uzr so‘rash uchun aytilgan uch-to‘rt kalima unga najot eshigini ocha olmadi. Turayfa uni shahar tashqarisiga olib chiqib, yonib turgan olovga qo‘llari bog‘liq holda tashladi...