Jahongir shu topda nima uchundir shakl xususidagi o‘sha bahslarni esladi. Shogirdlarining kuyib-pishib tortishishlari ko‘z oldiga kelib, kulimsiradi. U yoshlarning ilm borasida bahslashishlarini xush ko‘rardi. «Astoydil, jonu dili bilan, ammo mantiqiy asoslarga suyanib bahs qiluvchi yoshlargina yaxshi olim bo‘lib yetishadi». Ustozning bu gaplari uning uchun ham qonunday bo‘lib qolgan edi. Ana shu bahslar natijasida kashfiyot yaratildi — elalloma shakllandi.
Jahongir orqaga qaytib, eshik yonidagi kresloga o‘tirdi. Yana elallomaga tikildi. «Chakki ish bo‘ldi, — deb o‘yladi u, — holimga qaramagan ekanman. Aslida elektrodlarni Mansurga o‘rnatib, tajribaga rahbarlik qilaverishim mumkin edi. Mansur hali yosh, har qanday og‘irlikka chidash bera olardi. Shuni chuqurroq o‘ylab ko‘rmabman. Hali ham unga aytsammikin? Qanday aytaman? To‘lqinga o‘xshab javob qaytarsa-chi?.. Yo‘q... Nima bo‘lganda ham tajribani oxiriga yetkazishim kerak.
Qiziq... Elalloma bir xilda — o‘zgarishsiz ishlayapti. Avvalgi murdalarda ham shunday ishlagandi. Qabul qilish, tiklash, uzatish, tahlil, xulosalash davridagi kuchlanish o‘zgarmayapti. Lekin ikki tajriba natijasidagi farq osmon bilan yercha. Sababi nimada? Murdalardami? Yoki tashqi muhitdan biror ta’sir bo‘ldimikin?..»
Eshik ochilib, Jahongirning fikri uzildi.
— Men ketib qoldingizmi, deb o‘ylabman, — dedi xonaga kirgan chuvakkina yigit. Bu Jahongirning iste’dodli shogirdlaridan biri, tajribani boshqarayotgan Mansur Xalilov edi.
— Ketganimcha yo‘q, endi nima qilishni o‘ylayotgan edim. Qani, o‘tir, xo‘sh, nima gap?
— Tajriba usulini bir oz o‘zgartirsakmikin?
— Nima uchun?
— Siz...
— Qanday taklifing bor?
— Elallomaga robot ulasak qanday bo‘larkin?
— «Qanday bo‘lishini» o‘ylab ko‘rmadingmi?