8-BOB
MAVZU: TIKKA TURIB KICHIK QAZOI HOJAT QILMASLIK
12. 0isha (roziyallohu anho onamiz)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Kimki sizlarga, Nabiy sallallohu alayhi va sallam tikka turib peshob qildilar, desa, unga ishonmanglar. U kishi faqat o‘tirib bavl qilar edilar».
Ahmad (ibn Hanbal), Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, An-Nasoiy va ibn Moja ham bu hadisni rivoyat qilishgan. Hammalari Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilganlar. Abdulloh Hafza onamizning ukasidir.
Bu bobda (Hazrati) Umar, Burayda va Abdurrahmon ibn Hasan (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Oisha (onamiz)ning hadisi bu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng hasani va eng sahihidir. Termiziy, «Oishaning hadisi bu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng hasani va sahihi» deganda, bu hadisning eng oz zaif ekanini va ushbu bobdagi boshqa hadislardan ustun ekanini bildirishni qasd etgan. (Muborakfuriy).
(Hazrati) Umarning hadisi esa faqatgina Abdulkarim ibn AbdulMahoriqning Nofi’dan, Ibn Umardan, Umardan qilgan rivoyati tariqasida kelgan. Hadis ushbudir: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mening tik turib peshob qilayotganimni ko‘rdilar va: «Yo Umar! Tik turib bavl qilma!» - dedilar. Shundan so‘ng biror marta ham tikka turib peshob qilmadim».
Bu hadisni tanho Abdulkarim ibn Abdul-Mahoriq Umarga qoldirgan bo‘lib, u muhaddislar nazdida zaifdir. Ayyub As-Sahtiyoniy uning zaif ekanini qayd etib, tanqid qilgan.
Ubaydulloh, Nofi’dan, Ibn Umardan rivoyat qilgan, u aytadiki, «Umar (roziyallohu anhu): «Musulmon bo‘lganimdan beri tik turib peshob qilmadim» dedi». (Bu so‘zni Al-Haysamiy «Majma’-uz-zavoid» kitobida {1/206) nakl etgan va uni Al-Bazzorga nisbat bergan. Roviylarning ishonchli kishilar ekanligi alohida ta’kidlangan.) Bu hadis Abdulkarimning hadisidan ko‘ra sahihroq. Buraydaning bu bobdagi hadisi esa mahfuz emas.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tikka turib peshob qilishni man etganlari ta’dib (adab) uchundir, tahrim (harom qilish) uchun emas. Chunonchi, Abdulloh ibn Mas’uddan mana bunday deganlari rivoyat qilingan: «Odobga zid bo‘lgan harakatlardan biri tik turib peshob qilmoqlikdir».