Jahongirni birinchi bo‘lib Samariddin ko‘rdi. Onasining ro‘moliga o‘ralib zinapoyada turgan bola, aftidan, uni har kuni kutar edi. Ishonchlari, umidlari aldanmagan bolaning quvonchlarini bir ko‘rsangiz edi! Samariddin Jahongirning bo‘ynidan mahkam quchib oldi. Jahongir «Xayriyat, meni ham intiq kutadigan, qarshilaydigan tirik jon bor ekan», deb Yaratganga shukrlar qildi.
Dalada ish qolmagan, dehqonlarga issiq uyda yotishdan bo‘lak yumush yo‘q edi. Grigorich «shu yerda qishlaydigan bo‘lsang o‘tin tayyorla», degach, o‘rmonga borib o‘tin kesdi. Bir kuni chol barvaqt chiqib ketib, kun peshindan oqqanda qaytdi. Kampiri uzatgan choyni likopchaga quyib xo‘rillatib ichdi.
— Uchrashdingmi? — deb so‘radi kampir betoqat bo‘lib.
— Uchrashdim, — dedi chol.
— Nima dedi?
— Nima derdi, Grigorich nima desa, shu bo‘ladi-da, — chol bu gapni mag‘rur bir ohangda aytdi. Choyini ichib bo‘lgach, Jahongirga qaradi: — Jenya, men rais bilan gaplashdim. Sen Grigorich oilasining a’zosi sifatida kolxozda ishlaysan. Cho‘chqa boqish qo‘lingdan keladimi?
— Grigorich, qo‘limdan kelmaydi. Meni bunaqa ishga ro‘para qilmang.
— Boshqa ish yo‘q kolxozda. Molga qaraydigan odam tayin. Cho‘chqaboqarga yordamchi kerak. Bilaman, cho‘chqani harom deysan. Lekin sen cho‘chqa go‘shtini yemaysan-ku, ovqat berasan, tagini tozalaysan, vassalom! Ishlab turmasang bo‘lmaydi.