Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 125896 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 05:10:47

Ayol erining o‘z so‘zlaridan qaytmasligini ko‘rib, ko‘ziga yosh oldi, go‘yo pushaymon bo‘ldi. Badaviy ham xotinining ko‘z yoshlaridan ta’sirlanib, aytgan so‘zlaridan bir oz pushaymon ham bo‘ldi.
Erining pushaymonligini sezgan ayol unga shunday maslahat berdi:
-Ko‘zada yomg‘ir suvi bor. Butun mol-mulkimiz shundan iborat. Bu ko‘zani olib, hoqonlar hoqonining huzuriga boringda bu sovg‘amizni bera turib shunday deng: «Bizning bundan bo‘lak hech mol-mulkimiz yo‘q, zotan, cho‘lda bundan yaxshiroq sovg‘a ham topa olmaysiz. Podshohimizning xazinalari to‘la bo‘lsa ham unda bu kabi suv topilmasa kerak. Bunday suvni topish oson emas».
Bechora ayol Bag‘dod shahrining o‘rtasidan daryo oqib o‘tishini qaerdan bilsin? O’zi to‘plagan suvni maqtagandan maqtayverdi, eri ham nihoyat uning so‘zlarini ma’qul deb topdi:
-Bunday sovg‘a tayyorlash hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Bunaqa toza suvni faqat podsholar ichib huzurlanishlari mumkin.
Shu qarorga kelgan badaviy ko‘zaning og‘zini mahkamlab, Bag‘dod sari yo‘lga tushdi. Ko‘za sinib qolmasin, suvi to‘kilmasin, deb uni ko‘z qorachig‘idek asradi. Kunlar, haftalar yo‘l bosib, nihoyat Bag‘dodga yetib keldi. Izlab-izlab halifaning saroyini topdi. Saroy posbonlari uni to‘xtatib, maqsadini so‘radilar.
-Ey muhtaram zotlar, men bir g‘arib badaviyman. Podshohimizning lutfu marhamatlaridan umidvor bo‘lib cho‘ldan keldim. Bu sovg‘amni podshoh hazratlariga elting, podshohdan umidvor bo‘lgan kishining ehtiyojlariga shu yo‘sinda javob bering. Bu nihoyatda totli suvdir. Uni cho‘lda yomg‘ir tomchilaridan to‘plaganmiz. qarang, ko‘zam ham yap-yangi...
Posbonlar avvaliga badaviydan kuldilar. Keyin uning sofdil niyatlarga o‘ralgan sovg‘asini qabul qilib oldilar. Badaviy esa saroyning narigi qanoti ortida ko‘pirib oqayotgan daryodan xabarsiz podshodan xabar kutib o‘tirdi.
Badaviyning suv to‘la ko‘zasini xalifaga berishgan edi, u nihoyatda quvondi. Badaviyni huzuriga chaqirtirdi. Undan hol-ahvol so‘rab, yangi ust-boshlar kiydirdi-da, xizmatkorlariga amr etdi:
Ko‘zasini oltinga to‘ldirib, egasiga qaytaringlar. Uyiga esa daryo yo‘li bilan kemada olib borib qo‘yinglar. U bu yerga cho‘l yo‘lidan kelibdi. Unga daryo yo‘li yaqindir.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:10:56

Badaviy daryoni ko‘rganda hayratdan shoshib qoldi va Allohga shukrlar qildi.
Endi mazkur rivoyatning sharhi sifatida mavlono Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»larining ma’nosi bilan tanishsak:
«Ey o‘g‘il! Sen butun dunyoni og‘ziga qadar ilm va go‘zallik bilan liq to‘lgan bir ko‘za deb bilginkim, ko‘zada to‘lib turgan ilm va go‘zallik Allohning hikmati bo‘lgan daryodan bir qatradir. U yashirin bir xazina edi. To‘lib-toshib, tuproqqa jon berib, bu tuproqni osmondan ham moviylashtirib yubordi. Yashirin xazina shu tarzda oshkor bo‘lib, tuproqni atlasga o‘ralgan holga keltirdi. Bu badaviy ham Allohning daryosidan bir qatra ko‘rganda edi, haqiqatda dengiz bo‘lgan bu qatraning qarshisida ko‘zasini chil-chil sindirgan bo‘lur edi».
Rivoyatda «xalifa saroyi» deb bildirilgan joyni «Ilohiy dargoh» deb anglamoq lozim. Musulmon kishi naqadar ilm, irfon, mol-mulk va ibodat sohibi bo‘lsa ham, bu boyliklarga ishonib, o‘zidan ketmasligi, ularning borligidan aldanmasligi kerak. Bu boyliklarini Allohning bir lutfi o‘rnida ko‘rib, o‘z amallari esa daryoga nisbatan bir piyola suv miqdorida ekanligini aslo unutmasligi zarur.
Badaviyning cho‘lda ming mashaqqat bilan yiqqan bir ko‘za suvi uning uchun hayot dorisi - tiriklik suvi edi. Holbuki bu «dori» daryoga to‘kilgandan keyin bir zumda yo‘q bo‘lib ketdi. Insoniyatning bashariy imkonlar bilan qo‘lga kiritishga uringan narsalari ham, ilohiy san’atdan tushunib yetgan narsalari ham «daryo»ning bir tomchisiga arzimaydi. Bu holat chumolining o‘z inini, baliqning esa hovuzni yoki akvariumni dunyo deb bilishi kabidir xalos. Insonlar ham o‘zlarining nodonliklarini unutib, ulkan ko‘zguning yolg‘onlariga ba’zan ishonib qoladilarda xuddi o‘sha chumoli va baliq holiga tushadilar. Alloh bizlarni shundan asrasin!
Payg‘ambarimiz alayhissalomning «Allohim, Senga shukr va tasbeh aytaman. Biz Seni Senga loyiq ma’rifat bilan taniy olmadik», degan muborak so‘zlarining mag‘zini chaqib ololsak edi...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:11:05

* * *

Bir zolim odam yomonlikdan qaytishni ixtiyor etib, bir kuni saharda ibodat qilib o‘tirsa, ro‘parasida farishta paydo bo‘lib debdiki:
— Yomonliklaring uchun Alloh senga jannatni ravo ko‘rmadi. Lekin qilayotgan ibodatlaring evaziga jannatdan bo‘lak nimani so‘rasang, beriladi.
— Agar jannat menga harom qilingan bo‘lsa, — debdi zolim odam, — ibodatlarim uchun so‘raganim ijobat qilinsa, so‘rovim shuki, Alloh meni shu qadar bahaybat odamga aylantirib qo‘ysinki, mendan boshqa hech kim do‘zaxga sig‘masin.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:11:12

* * *

Podshohning ustozi unga «Sen uch kishini o‘limga hukm qilishda hech tahammul (sabr) qilmag‘il: birinchisi — mulkingni egallashga harakat qilgan kishini, ikkinchisi — molingni o‘g‘irlagan kishini, uchinchisi— siringni fosh qilgan kishini», deb qayta-qayta nasihat qilardi. Bir kuni podshoh vazirini saroydan chetlatish niyati borligini aytib, ustozi bilan maslahatlashdi. Vazir bu maslahatdan ogoh bo‘lib, bir tadbir ishlatdi. Podshohning ustozini mehmonga chorlab, izzat-ikrom bilan kutib oldi. Ustoz o‘zini tiya olmay, sharobdan ko‘proq ichib, podshohning niyatini aytib qo‘ydi. Vazir esa tongga qadar mol-mulkini ro‘yxat qilib, podshohning huzuriga kirib: «Ey podshohim, shu ro‘yxatdagi barcha mol-mulk siznikidir, kamina bu boyliklaringizga faqatgina posbondirman, bu boylikni qabul eting, olampanoh, meni zinhor dushman deb gumon qilmang», degach, podshoh ajablanibdi. Ustozini chaqirib, «Vazir haqidagi niyatimni faqat sizga aytuvdim, u makkor qaydan ogoh bo‘ldi ekan?» deb so‘rabdi. Shunda ustoz uzr bilan debdiki:
— Sirni dushmanga aytganim, ajalim yetganidan dalolatdir. Garchi mastlikda aytib yuborgan bo‘lsam-da, bu mastlik uzr qatoriga o‘tmaydi. Endi pand-nasihatimga ko‘ra, meni o‘limga hukm qilmog‘ing shart. Aks holda, saltanatingdan baraka ketadi.»
Podshoh ustozini kechirsa ham, u o‘z so‘zida qattiq turib oldi va o‘z qilmishiga yarasha o‘lim topdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:11:22

* * *

Dunyo sarmoyasini oxirat sarmoyasiga olib boruvchi vosita sifatida ko‘rmas ekanmiz, bu dunyodagi amallarimiz shaytonlarga yem bo‘lishda davom etaveradi. Natija esa g‘am-alam va aldanishdan iboratdir. Isrof tentakligi va marhamat yo‘qsilligi bu dunyoning bosh balosidir, oxiratda esa azob sarmoyasidir. O’tgan kunlarimizning mohiyatini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Kelajagimizning mohiyati esa shubhalidir. On bu ondir. Bu onimizning ko‘ngil va peshona terlarini hayot tuprog‘iga eka olsak, insha Alloh, oxiratimiz yorug‘ bo‘lg‘uvsidir.

* * *

Donishmand debdiki:
— Haqqa - sadoqat bilan, xalqqa - insof bilan, kufrga - qahr bilan, kattalarga - xizmat bilan, kichiklarga - shafqat bilan, do‘stlarga - nasihat bilan, dushmanga - yumshoqlik bilan, olimlarga - tavoze bilan, johillarga - homushlik bilan, darveshlarga - odob bilan munosabatda bo‘lmoqlik joizdur.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:11:30

* * *

Hozir isbot etilgan narsalar ilgarilari faqat tasavvurda mavjud bo‘lgan. Bugun haqiqat deb e’zozlanayotgan qanchadan qancha narsalar to ro‘yobga chiqarilgunicha avvaliga bid’atga o‘xshab tuyulgan. Hatto bu haqiqatlar avvaliga masxaralangan. Tarixga qarab turib, har qanday ta’limot uch bosqichdan, ta’bir joiz bo‘lsa, uch chigiriqdan o‘tgan, desak ham bo‘lar. Avvaliga uni aqlga sig‘maydi, degan ovoza tarqatib unga hatto xuruj qiladilar. Keyin bu ta’limotda ozginagina haqiqat borga o‘xshaydi, deb tan ola boshlaydilar. Nihoyat uning g‘oyat muhim, olamshumul ekanini tan oladilaru so‘ng «uni men ochdim»!, «Yo‘q, sen emas, bu mening kashfiyotim!» deb talasha boshlaydilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:11:40

* * *

Bir mamlakatda har kuni podsho o‘zgararkan. Ertalab taxtga o‘tirib, shomda amalni topshirarkan. Bir odam «agar men podsho bo‘lsam bir kun emas, o‘lgunimcha taxtda o‘tiraman», debdi. Do‘stlari uni kulgi qilibdilar. Ittifoqo o‘sha odam podshoh bo‘libdi. Taxtga o‘tirishi bilan «Hamma saroyga bittadan tuxum olib kelsin», deb amr qilibdi. Amr ijro bo‘lgach esa, peshin chog‘ida «Hamma o‘zi olib kelgan tuxumini olib ketsin», deb farmon beribdi. Odamlar «men olib kelgan tuxum kattaroq edi», deganlaricha shoshilib, tanlab-tanlab, tortishibdilar oqibat shu bo‘libdiki, o‘zlarinikini emas, boshqalarnikini olibdilaru luqmalariga harom aralashibdi. Tuxum talashib, shom chog‘i podshohni unutishibdi va u odam aytganiday to o‘lgunicha qadar taxtdan tushmabdi.
Qissadan hissa shuki, faqat halol luqmagina mamlakatni obod qila oladi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:11:51

* * *

U dunyodagi arosat haqida eshitganmiz. Bu yorug‘ dunyo arosatichi? O’tmish shoirlaridan biri «na chin musulmonmiz, na kofir» degan mazmunda bayt bitgan ekan. Xalqda «musulmon bo‘lib masjidi yo‘q, nasroniy bo‘lib cherkovi yo‘q», degan maqol ham bor. Arosatda yurganlar oz emas.
Bir necha yil avval Rusiyaning Tula shahriga borib, dunyoning buyuk adiblaridan hisoblanmish Lev Tolstoy yashagan uyni ko‘rdim. Yozuvchi nasroniylar qabristoniga emas, o‘zining bog‘iga dafn etilgan. Nasroniy odatiga zid ravishda qabri tepasiga xoch (krest) qo‘yilmagan. O’shanda bu holatga uncha e’tibor bermagan edim. Keyinroq yozuvchining islom olamiga munosabati, islom olimlari bilan aloqalari haqidagi ma’lumot bilan tanishgach, xoch qo‘yilmaganining sababini anglaganday bo‘ldim.
Lev Tolstoy cherkovni inkor etish darajasiga borgan edi. Lenin uning bu harakatini xudosizlar nuqtai nazari bilan baholab, yozuvchiga «rus revolyutsiyasining ko‘zgusi» deb ta’rif berib, salkam kommunistga aylantirib qo‘ya qolgan edi.
Tolstoy Xudodan emas, cherkovdan yuz o‘girgan edi. U Xudoni islomiy qalb bilan taniy boshlagan edi. Ammo u uzil-kesil bu komillik cho‘qqisiga ko‘tarila olmadi. U ikki oyog‘ini ikki kemaga qo‘yib olgan odam kabi halokatga uchradi. U uyini tashlab chiqib ketdi. Olimlar uning bu harakatini izohlab, «Vasiyatnomasiga xotini qarshi chiqqani uchun Tolstoy uydan chiqib ketdi», deyishadi. Yo‘q, gap vasiyatnomada emas edi. Gap Xudoni tanishdagi diniy qarashlarning ziddiyatida edi. Tolstoy uydan chiqib ketdi — yo‘lda vafot etdi. U bir qarashni, bir dinni tark etdi, ikkinchisiga yetib bora olmadi. Xuddi arosatga o‘xshaydi bu holat...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:11:59

* * *

Og‘zida bironta tishi yo‘q qariya bilan o‘spirin birgalikdan ovqatlanib o‘tirishardi. Ikkovi baravariga yig‘lab yuborishdi.
— Nega yig‘layapsiz? — deb so‘rashdi qariyadan.
— Og‘zimda tishim yo‘q, to men yamlaguncha, bu yigitcha ovqatni paqqos tushirib, men och qolyapman.
— Sen nega yig‘layapsan? — deb so‘rashdi o‘spirindan.
— Men ovqatni chaynagunimcha bu chol chaynamay yutib, ovqatning barakasi uchib ketdi, och qoladiganga o‘xshayman, — degan ekan o‘spirin.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:12:09

* * *

Sahroda ov qilib yurgan podshoh mulozimlaridan ajrab, adashib qolibdi. Yonidagi sodiq vaziri bilan yura-yura toliqibdi. Shomga yaqin cho‘ponning chodiriga yo‘liqishibdi. Cho‘ponning ikkitagina qo‘yi bor ekan. Mehmonlarning izzati uchun bittasini so‘yib, taom pishirib kelibdi. Podshoh taomga qo‘l ham uzatmabdi. Shunda vazir xojasining faqat kalla go‘sht iste’mol qilishini aytibdi. Cho‘pon avval bitta kallani pishirib keltiribdi. So‘ng ikkinchi qo‘yini ham so‘yibdi. Ketar mahallarida vazir:
— Olampanoh, ko‘rdingizki, cho‘pon boyaqish borini dasturxonga qo‘ydi, siz uchun ikkala qo‘yini so‘ydi. Agar biron boy bizni bundan o‘n ziyoda to‘kinlik bilan mehmon qilganida ham, uyida bundan yuz barobar ko‘proq mulki qolardi. Bu boyaqishning esa hech nimasi qolmadi, — debdi.
Podshoh bu gapdan erib, cho‘ponga qamchisini uzatibdi-da, debdi:
— Saroyimga bor, bu qamchinni ko‘rsatsang hech kim sening yo‘lingni to‘smaydi. Men sening boshing ustidan dur sochaman.
Uch-to‘rt kun o‘tgach, cho‘pon «borib ko‘ray-chi», deb yo‘lga tushibdi. Chindan ham uni saroy eshigi oldida birov yo‘lini to‘smabdi.
Cho‘pon ichkariga kirganida podshoh ibodat qilayotgan ekan.
— Nima qilyapti u? — deb ajablanibdi cho‘pon. U shu yoshga kirib namoz nimaligini bilish u yoqda tursin, Allohning nomini ham eshitmagan ekan.
— Iltijo qilyapti, — deb tushuntirishibdi unga.
— Nima so‘rayapti? — deb so‘rabdi cho‘pon.
— Boylik so‘rayapti, — deyishibdi.
— Agar o‘zi boylik so‘rayotgan bo‘lsa, mening undan bir nima so‘rashimga hojat yo‘q ekan. Men undan emas, balki u iltijo qilayotgan Zotning o‘zidan so‘ray qolaman, — deb iziga qaytibdi.
Cho‘pon podshoh qanday harakatlar qilgan bo‘lsa, qaytarib «Ey Xudo, senga podshoh ham iltijo qilib boylik so‘radi, o‘sha boylikdan menga ham ber, ko‘rib turgandirsan, men juda kambag‘alman», debdi.
Oradan hafta o‘tib, cho‘pon chodirini ko‘chirish harakatiga tushibdi. Ustunni ko‘mish uchun chuqur kavlayotgan ekan, oltin va kumush to‘la ko‘za chiqibdi. Cho‘pon ko‘zani ko‘tarib, podshohga ro‘para bo‘libdi.
— Shu paytgacha nega kelmading, seni kutdim? — deb so‘radi podshoh.
Cho‘pon kelib-ketganini, ko‘rganini aytgach:
— Men ham siz iltijo qilgan zotdan so‘ragan edim, shu boylikni berdi. Mulozimingizga ayting, hisoblab, qabul qilib olsin.
Podshoh cho‘ponning marhamatidan quvonib, oltin-kumushlarni sanab olishni buyuribdi. Vazir esa bosh chayqab debdi-ki:
— Cho‘ponning ikkitagina qo‘yi bor edi, siz uchun so‘ydi. Siz uni mukofotlamoqchi edingiz, u sizdan hech nima so‘ramadi. Uni Xudo taqdirladi. Endi Xudoning in’omini tortib olmoqchimisiz?
Qissadan hissa: ko‘z to‘ymasa shunaqasi ham bo‘lib turarkan.

Qayd etilgan