Ikkinchi daraja — jon, ya’ni inson hayotidir. Chunki tiriklik sifati bilan Allohni tanish hosil bo‘ladi. Jonga qasd qilish garchi kufrdan kichik gunoh bo‘lsa ham, shaksiz gunohi kabiradir. Negaki, bu bilan ayni maqsad va maqsad vasilasi barham topadi. Dunyo hayotidan ko‘zlangan maqsad oxiratdir. Oxiratga yetishish Allohni tanish orqaligina amalga oshadi.
A’zolarni kesish va umuman insonning halokatiga sabab bo‘luvchi har bir harakat, hatto kaltaklash ham jonga qasd qilishdan keyingi gunohi kabiradir. Zino va bachchavozlik ham shu ikkinchi martabadagi gunohi kabiradir. Agar odamlar mana shunday buzuq asosda yaqinlik qilsalar, nasl qirqiladi, vujud halokat sari yuzlanadi. Zino mavjudlikning asosini yo‘qotolmaydi, lekin nasablarni qorishtirib, vorislik nizomini, hayot intizomini izdan chiqaradi. Zinoga ijozat bo‘lsa, qanday qilib bu nizom buzilmasin!?
Hayvonlarning erkagi va urg‘ochisi bir-biriga xoslanmagani uchun ularning bu ishida intizom bo‘lmaydi. Shuning uchun maqsadi isloh etish bo‘lgan hech bir shariatda zinoga ruxsat berilishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.