Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 371368 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 51 B


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:11:48

— Siz nima deb o‘qidingiz?
— «Ilmo s’ezdi» deb.
— Ilmo?.. — Sobitqori harflarga uzoq tikildi. — «Ulamo» emasmikin?
Anvar peshonasiga yengil shapatiladi.
— To‘ppa-to‘g‘ri — ulamo! «Ulamo» jamiyati bo‘lgan-ku?! O‘shalarning s’ezdi-da! Men ahmoq shuni o‘ylamabman.
— Xijolat chekmang, Anvarjon, bu hammamizning fojiamiz.
Qori shunday deb, ko‘chaga qarab yurdi.
— Oyimning dardlari bor shekilli? — dedi Anvar, uni kuzatib chiqib.
— O‘zingizga ma’lumdir. Agar ixlosingiz bo‘lsa, bu ishni qilish kerak. Ixlos bo‘lmasa foydasi yo‘q.
— Qori aka, ixlos-ku bor-a, ammo hojat yo‘q. Es-hushim, Xudoga shukr, joyida. Yo siz ham?..
— Asti-asti, unday o‘ylamang, Anvarjon.
— Men boshqacharoq o‘ylab, boshqacharoq gapiraman, shekilli. Hamma bir xil o‘ylab, bir xil gapirishi shart emas-ku, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, Olloh taboraka va taolo bandalarini bu dunyoda sinash uchun turlicha qilib yaratgan. Faqat qiyomatda jannatga kirilganda barcha bir ko‘rinishda bo‘ladi. Chiroyda Yusuf alayhissalom, gavdada Dovud alayhissalom, odobda esa payg‘ambarimiz Muhammad salolloxu alayhi vassalam singari bo‘ladilar.
   Shu payt ikki eshik narida, Sobitxonning uyi oldida «Volga» to‘xtab, undan bir yigit tushdi. U avval eshikka qarab qadam tashladi. Qorini ko‘rgach esa, bu tomonga yurdi.
— Qori aka, olib ketgani keldim, — dedi u, salom bergach, qo‘lini qovushtirib.
Qori xayrlashib ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:12:52

   Anvar hovliga qaytgach, olib kelgan kitob-qog‘ozlarning changini yana bir qoqqan bo‘ldi-da, uyga kirdi. Tugunda bitta charm muqovali, bitta qalin qog‘oz muqovali kitob bor edi. Kitob bosma harflarda emas, qo‘lda husnixat bilan ko‘chirilgan, ammo sharq kitoboti san’ati qoidasiga zid ravishda sahifalarga zeb berilmagan edi. Charm muqovali kitobda diniy aqidalar zikr etilgan ekan. Anvar uni qo‘yib qalin qog‘oz muqovalisini qo‘liga oldi. Bu kitob chekkada qolib, chirib titilganmi yo atayin yirtib olinganmi, harholda bosh qismi yo‘q edi. Dastlabki satrlarni o‘qiboq Anvarning yuragi hapriqib ketdi: bu o‘sha, Zunnuniy aytgan asar edi!
   «...Yog‘iy Toshkanga mukammal sipohi ila Kalas tomondin ya’juz-ma’juz kabi yopirildi. Ayturlarki, qadimda Chingis lashkarlari-da bu kabi yovuzlik ila kirmaganlar va sibo’monand bo‘lmagan edilar.
Eski jo‘vada qiyomat sodir bo‘lub, o‘rus askarlarig‘a qiron yetkurildi. Inson qoni to‘kulmagan na bir ko‘cha qoldi, na bir xonadon. Jihodga kirgan Toshkan ahli «biz o‘lsak-da, o‘layluk, dinimiz bulg‘anmasun, musulmon tufrog‘i kofirlar oyog‘u ostida aziyat chekmasun, farzandi komillarimizning «Allohu akbar!» deb chiquvchi tillari kesilmasun», deb aziz jonlarini qurbon bera berdilarkim, ularga uqob ham havas qilgulik edi. Bu qadar qarshilikni ko‘rmagan yog‘iy fig‘oni falakni tutti. Barcha yerlarda ham shunchalar zarba berilganida erdi, yog‘iy furudastlikka mahkum bo‘lurdi. Xabissheva ahlidan bo‘lmish yog‘iy yoshmi, qarimi yoxud go‘dakmi — farqlamay otaverdi, chopaverdi. Faqiringiz bundayin sidrafarsoy manzarani ko‘rsatguncha ko‘zlarimizni ko‘r qil, deb yaratganga tavallolar qildum. Mo‘ylabi  chayonning dumi yanglig‘ tepaga qayrilgan bir malla qilichini shundayin zarb ila urdiki, selginchak osilgan beshik ham ikkiga bo‘lindi, unda belangan chaqaloq ham cho‘rt uzuldi. Bolam, deb nola qilgan o‘n to‘rt kunlik oydayin juvon boshi tanidan uzilib, beshik yonida qotdi...
   Yog‘iyga omonlik bermagan Eski jo‘va dahasini so‘ngroq uqalo «Janggoh» deb yuritmishlar...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:14:10

   Anvar kitobdan bosh ko‘tarib o‘yga toldi: «Qiziqku, «xalq otasi» buni boshqacha talqin qilib bergan. «Toshkent yigitlari chapani, urushqoq bo‘lgan. U mahalla bu mahalla bilan mushtlashish uchun Eski jo‘vada to‘planganlar. Eski jo‘vadagi maydon shu bois «Jangop», ya’ni «Janggoh» deb yuritilgan», deb yozaverib, bu gapning iyig‘ini chiqarib yuborgan-ku?»
   Anvar kitobga shu qadar berildiki, onasining hovli etagidagi uy eshigini ochib ikki marta chaqirganini ham eshitmadi. Xotinining kirib kelganini ham avvaliga sezmadi.
Xonzoda uyga kirib, sochilib yotgan eski qog‘ozlar, gazit-jo‘rnallarni ko‘rib, dastlab ajablandi. Yerda chordana qurib o‘tirganicha kitobga muk tushib olgan eriga qarab salom berdi. Anvar salomni eshitdi, biroq kitobdan uzilgisi kelmay bosh qimirlatib qo‘ya qoldi. Xonzoda, eri qarab ham qo‘ymagani uchun «yana kasallari tutdimi», deb qo‘rqib ketdi.
— Anvar aka, — dedi sekin, keyin cho‘chibroq bo‘lsa-da, ovozini ko‘tardi: — Anvar aka!
Anvar kitobdan bosh ko‘tarib, yalt etib xotiniga qaradi:
— Ha, keldingmi? — dedi-da, yana kitobga muk tushdi.
Xonzoda kiyimini almashtirib chiqqanida ham ahvol shu edi. U eriga bir oz tikilib turgach:
— Nima ovqat qilay? — dedi, aybdor odamning ovozida.
Anvar javob bermadi.
— Ovqatni so‘rayapman, — dedi Xonzoda, ovozini bir parda ko‘tarib.
— Bu yoqda odamlar qiyma bo‘lib yotibdi-ku, buning dardi ovqat, — dedi Anvar ming‘irlab.
— Nima deyapsiz, tushunmadim, — dedi Xonzoda.
— Mastava! — dedi Anvar jerkib.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:16:04

  Mastava Anvarning eng xushlamaydigan ovqati. Jahli chiqsagina shunday javob beradi. Xonzoda savolni qaytarishga hojat yo‘qligini bilib chiqib ketdi. Oradan bir piyola choy icharli vaqt o‘tib, onasi kirib keldi.
— Anvarjon, bolam, uydamisan? Chaqiraman, chaqiraman, indamaysan. Men seni qori bola bilan xudoyiga ketvordingmi, debman. Tog‘angnikiga nimaga boruvding, kitob olib keldingmi? Qanaqa kitob ekan?
  Anvar «O, shpion, yetkazibdi-da», deb o‘rnidan turdi-da, onasini yetaklab divan tomon yurdi.
— Qanaqa kitob deb so‘radim sendan, — dedi kampir joylashib o‘tirib olgach.
— Eskicha kitoblar.
Ziyrak kampir kelinining axborotidan so‘ng xavotirlanib chiqqan edi, shu sababli o‘g‘lining qisqa javobidan qoniqmadi.
— Tog‘angda eski kitoblar bo‘lmasidi, qani, o‘qi-chi?
Anvar bu «tergov»dan osongina qutulmasligini bilib, charm muqovali kitobni qo‘liga olib ochdi-da, duch kelgan yeridan o‘qiy boshladi:

— «Burun ul nimakim, farz etti Yazdon,
Erur oqilga bolig‘ bo‘lg‘ach imon.
Aning ma’nisidur til birla iqror,
Ko‘ngul birda inonmog‘lig‘ dag‘i bor.
Tilar bo‘lsang anga o‘zni yeturmak,
Bil, olti nimaga imon keturmak...»


Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:16:59

Anvar sahifalar orasiga barmog‘ini qo‘yib, kitobni yopdi.
— Bo‘ldimi, endi ishondingizmi?
— Sen endi, o‘qiganingni manga tushuntirib ber.
— Xudo iymonni farz etti, demoqchi.
— O‘qiganingda Xudo degan so‘z yo‘g‘idi-ku?
— Yazdon — Xudo degani. Qahhor, Jabbor deganda ham Xudoni anglaydilar. Xudoni anglatuvchi so‘zlar ko‘p.
— Bolamdan aylanay, shuncha narsalarni bilasanu pismayib, indamay yurasan-a? Onamning ko‘zlari ko‘r bo‘p qogan, shu bechoraga yaxshi narsalarni o‘qib beray, aytib beray, demaysan. Man saning noningga zormasman, bolam, yaxshi gapingga zorman... — Risolat kampir keyingi gapini hasrat ohangida aytdi. Ovozi titrab ketganini sezgan Anvarning yuragi siqildi.
— Oyijon, kitobni hozir olib keldim. Hali o‘zim ham o‘qib chiqqanim yo‘q. Shpioningiz bexato ishlashini bilganimda, yo‘ldayoq o‘qib kelardim.
— Gapni darrov egrilikka burma. Mani kelinimdaka kelin yo‘q bu dunyoda. Shpionlik qilib uyiga gap tashibdimi, yo ko‘cha-ko‘yda valaqlab yuribdimi? Xudoga shukr qilsang-chi?
Anvar onasining osonlik bilan chekinmasligini bilgani uchun doim qo‘llaydigan himoya usuliga o‘tdi — gapni hazilga burdi:
— Menday er nasib qilganiga Xonzodangiz shukr qilsin.
— San bolaga xotin zotining chidashi qiyin.
— Oyi, tergov tamom bo‘ldimi?
— Chiqib keting, demoqchimisan? Haydamasang ham ketaman.
Risolat kampir o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi edi, Anvar tezgina borib yoniga o‘tirdi-da, yelkasidan quchdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:18:26

— Xuddi xo‘ja qiziga o‘xshaysiz-a? Jahlingiz chiqmasin, hazillashyapman. O‘zim hozir yoningizga chiqmoqchi edim. So‘raydigan gaplarim bor.
— Bolani tug‘ib, boqib-boqib, qariganingda yoqmay qolarkansan, — dedi Risolat kampir, arazini davom ettirib.
— Buvamning xatlarini o‘qidim. Hammasida afsus chekyapman, deganlar. Nimadan afsuslanishlari mumkin?
— Bilmayman.
— Nimadan afsuslanishlari mumkin? — dedi Anvar o‘ziga o‘zi gapirayotganday. — Qilgan xizmatlarigami yo yoshlikdagi xatolarigami? Balki yoshlik chog‘larida biror do‘stlariga xiyonat qilgandirlar?
— Gaping qursin sani, adam rahmatli chumoliga ham ozor bermasidilar. Chaquvdan bo‘lgan hammasi. Stalinga qarshi to‘ntarish yasamoqchi, deb tuhmat qilishdi. Stalinday odamni to‘ntarib bo‘larkanmi?
— Harholda qiziq... Shoakbar Zunnuniyni o‘n to‘qqizinchi yilda Buxoro amiri ostirgan. Oradan o‘n sakkiz yil o‘tgach, uning do‘stini — mening buvamni qamashgan. Ikki hammaslak do‘stning biri eski tuzumga yoqmagan, ikkinchisi yangisiga... — Anvar bir qo‘li onasining yelkasida, ko‘zi deraza ortida yog‘ayotgan qor zarralarini ilib olayotgan daraxt shoxlarida edi.
— Aqlli odamning dushmanlari ko‘p bo‘ladi, bolam.
— Buvimga qiyin bo‘lgan ekan-da.
— Oyim boyaqish hasratda o‘tdilar, — Risolat kampirning ko‘ngli to‘lib, yengining uchi bilan ko‘zyoshini artdi.
— Yuring, oyi, tanchangizda bir oz o‘tiraylik, oyog‘im qaqshab qoldi, — Anvar shunday degach, kampir o‘rnidan turdi.
   Anvar onasini uyiga kuzatib, birpasgina o‘tirib qaytmoqchi edi. Onasi atayin uni ushlab qolmoqchi bo‘ldimi yo chindan ham kitob o‘qitib eshitgisi keldimi — Anvar farqlay olmadi. Xonzoda charm muqovali kitobni keltirgach, u qamaldagi odam holiga tushdi. Qishning bir tutam kunduzi tugab, shom qorong‘isi bostirib kirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:27:36

3

   Anvar o‘rin solayotgan xotinini yelkasidan quchdi. Xonzoda cho‘chib tushdi. Cho‘chiganini yashirish uchun tezgina o‘girildi-da, erining pinjiga kirdi — yelkasiga beozorgina bosh qo‘ydi.
— Sizdan yana iltimos qilaman, — dedi Anvar uni bag‘riga bosib. — Hamma o‘ylasa ham, siz meni jinni demang. Hadeb oyimga yugurib chiqavermang. Men sog‘man. Men ishxonadagilar uchun jinniman. Ular mendan qutulishning boshqa chorasini topisholmadi.
— O‘sha ishingiz ham quribgina ketsin. Boshqa ishlar to‘lib yotibdi-ku?
— Yo‘-o‘q, u yerdan ketmayman. Avval ishimni bitirib olay. Endi chekinsam, rostdanam jinni bo‘laman. Bugun topib kelgan kitob-qog‘ozlarim ularni portlatib yuboradigan atom bombaning o‘zi. Tilka-tilka bo‘lib ketishadi.
   Xonzoda erini gapirtirmaslik uchun lablari bilan lablarini qidirib topdi...
Xonzoda odati bo‘yicha yengil pishillay boshlagach, Anvar o‘rnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Deraza osha osmonga tikildi.
Tund osmon yorishmadi.
   «Chaqirsang kelamiz, deyishgan edi. Nima uchun daraklari yo‘q?..»

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:31:24

XIV  b o b

1

   Shaharning eng katta restorani ikki kun davomida Asadbek xizmatida bo‘ldi. Xonaki qimorbozdan tortib, orqa oynasiga oq parda tortilgan oq «Volga»larda yuruvchi zotlargacha xizmatda bo‘lishdi.
   To‘yning daragini eshitib Zohid ham, garchi taklif etilmagan bo‘lsa-da, keldi. U boshqalardek yelib-yugurib xizmat qilmadi. Asadbekning ko‘ziga ko‘rinib, jilmayib, ta’zim ham qilmadi. Bir chetda turib kuzatdi. Xizmat restoran xodimlariyu xodimalaridan ortmasa ham, «qamishdan bel bog‘lab xizmat qilishni niyat etganlar» tinib-tinchishmasdi. To‘y harakatlari ichkarida bo‘lishiga qaramay, Asadbek turgan yerda ivirsishardi. Ayrimlari yugurib kelib, Asadbekdan maslahat olib ketardi. Ayrimlari shunchaki kirib-chiqib turardi. Ular orasida tanish odamlarini ko‘rib, Zohid «hokim deyishganicha bor ekan», deb qo‘ydi.
   Zohid nikoh oqshomida kuyovning yonida Anvarni ko‘rib avvaliga ajablandi. Ustozi sabab bo‘lib, Anvar bilan bir-ikki suhbat qurgan edi. Adolat deb kuyinib yurgan yigitning adolatsizlik bilan topilgan pullar evaziga tuzalgan dasturxon to‘rida o‘tirishi unga g‘alati tuyuldi. Uning qarichi bilan o‘lchansa, Anvar do‘stining bu xonadonga kuyov bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim edi. Do‘stini qaytarolmagan taqdirda ham kuyovjo‘ra bo‘lib to‘rda o‘tirmasligi kerak edi.
   

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:36:34

   Chumoli uyasidek qaynayotgan to‘yxonada Anvar ham Zohidni ko‘rib, «Bu yigit nima qilib yuribdi?» deb ajablandi. «Xizmati yuzasidandir» degan gap xayoliga kelmay biroz g‘ijindi.
   Zohidning to‘yda ishtirok etayotganini faqat Anvar emas, Asadbekning odamlari ham payqashdi. To‘y o‘z yo‘liga, xizmat o‘z yo‘liga, deganlaridek, Asadbekning odamlari hushyor va ziyrak edilar. Kim keldi, kim ketdi, kim nima dedi — ularning nazaridan chetda qolmas edi. To‘ydagilarning qariyb yarmi taklif etilmasalar-da, Asadbekka sadoqatlarini bildirishib, o‘z ixtiyorlari bilan kelishgandi. Zohid ham taklif etilmaganlar safida, ammo uning maqsadi Asadbek odamlari uchun noaniq edi. Shu sababli «Sharif Namozov ishini ko‘rgan, hozir Shilimshiqning ishi bilan shug‘ullanayotgan» «bola»ning kelganini Asadbekka ma’lum qilib qo‘yishdi.
— Yeb-ichib o‘tiraversin, indamalaring, — dedi Asadbek. Keyin yonida qo‘l qovushtirib turgan Kesakpolvonga qaradi. — Haydar, direktoring ko‘rinmadimi?
— Kishinyovda o‘tiribdi. Samolyoti uchmayotganmish.
— Prokuror bolaning akasi o‘ldirilgan, devdingmi?
— Ha, shunaqa bo‘lgan ekan.
— Prokuror bola.... tuzukroq odammi?
— Bu yoqda hali tuzukroq ish bermadi. Milisadaligida sal o‘jarroq ekan. Odam bo‘lishi qiyin-ov...
— Xo‘jayini nima deydi?
— Odam bo‘lmasa dumini tugadi-da...
— O‘zing ham urinib ko‘r. Oyog‘imiz ostida o‘ralashmasin. Kavkazlik bolalarni topdilaringmi?
— Yo‘q, izi quribdi. Ularni akademik topgan bo‘lishi kerak. Prokuror bolaga o‘shani ro‘para qilaymi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  18 Oktyabr 2007, 14:38:00

   Asadbekka bu taklif ma’qul tushganday bo‘ldi. So‘ng Zelixon izidan is olgan prokuror oqibat Elchinga ro‘para kelishini o‘ylab, fikridan qaytdi.
— Yo‘q, — dedi u keskin ohangda. — Unga tegmalaring.
   Zohid «yuqori doiralarning» o‘zi haqida so‘z yuritayotganidan bexabar, «meni bu yerda hech kim tanimaydi», degan xotirjam o‘yda to‘y tamoshasini kuzatardi. Uning nazarida xonandalar ustidan sochilib, xipchabel raqqosalar oyog‘i ostida bosilayotgan pullar qog‘ozdan emas, odam qonidan ishlangan edi. Mast basharalar sanchqiga hil-hil pishgan qo‘y go‘shtini emas, odam go‘shtini ilib og‘izga solishayotganday edi... Shuni o‘ylaganida ko‘ngli ag‘darilib ketayozdi. Go‘yo ashulachi san’atini qadrlaganday pul sochayotgan, aslida o‘z qudratini, ayni choqda, Asadbekka bo‘lgan e’tiqodini namoyish etayotgan bu kiborlarning qay biri Jalol Komilovning erkakligini kesib tashlagan ekan, qay biri yuragiga pichoq sanchib, qay biri osib qo‘ygan ekan? Zohid «bu vahshiylik faqat mafiyaning qo‘lidan keladi, guruhlar orasida ixtilof chiqqanu Komilov qurbon bo‘lgan», degan qarorga kelgan edi. Bu vahshiylik «ijodkori» pul sochayotganlar emas, qo‘shiq aytib ko‘pning dilini o‘ziga rom qilishi mumkin bo‘lgan, hozir esa to‘rda kuyov saruposida o‘tirgan Elchin ekani xayoliga kelmaydi. Bu haqiqat tagiga yetgunicha ko‘p qoqiladi, peshonasi ko‘p g‘urra bo‘ladi...

Qayd etilgan