Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 265292 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:38:36

— Otang rashkchi edilar. Toqqa chiqib ketsalar ham tez-tez xabar olib turardilar. Men unda... pokiza edim. Otang tirikliklarida sira xiyonat qilmaganman. Bunaqa ish xayolimga ham kelmagan. O‘shanda pichanga ketdilar. Qaynonam... buving bilan munosabatimiz yaxshi emasdi. G‘alati odatlari bor edi... u kishi ham rashkchi edilar, — onasi shunday deb kulimsirashga harakat qildi, ammo bu kulimsirash ozg‘in yuziga ayanchli tus berdi. — Yolg‘iz o‘g‘illarini hatto mendan ham qizg‘anar edilar. Otangni kechalari ham chaqirib turardilar. Shunaqa asrardilar. Lekin... asragan ko‘zga cho‘p tushishini bilmagan ekanlar. Otang pichanga ketganlaridan keyin buving bilan aytishib qolib, uyimga ketdim. Sen hali qornimda eding. Uyga ketganimni kimdandir eshitib, bir kuni qorong‘i tushganida kelib qoldilar. Ortiqcha gap-so‘z bo‘lmadi. Dadam, akam bilan o‘tirib ichishdi, ovqatlanishdi. Keyin oralaridan gap qochdi. Yoqa bo‘g‘ishib qolishdi. Dadam bir urgan edilar... yiqilib, boshlari to‘nkaga urildi. Shu bilan oppa-osongina jonlari chiqdi-ketdi. — Onasi shunday degach, ko‘zlarini ohista yumdi.
    Chuvrindi bu holni ko‘rib qo‘rqib ketdi: o‘ldimi?! Shunaqa osonlik bilan jon berdimi? Yo‘q, onasi hali tirik edi. Og‘ir nafas oldi. Ko‘zlarini ochdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:39:29

— U kishini tut tagiga ko‘mdik. Odamlar bilib qolsa, dadam ham, akam ham ketar edilar. Otangning biznikiga kelganlarini odamlar ko‘rmagan ekan, bizdan gumon qilishmadi. Men esam... uyga sig‘may qoldim. Otangning ruhlari u uyda ham, bu uyda ham ta’qib qilaverdi. Tinchimni shaharda topmoqchi bo‘ldim. To‘g‘ri ishlab, to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri yashamoqchi edim. Odamlar darrov meni suyuqqa chiqarishdi. Seni tug‘masimdan oldin pokiza edim. Xudoga shukr, sen haromi emassan. Senga haromning tomchisi ham tegmagan. Buving bilan buvang tirnoqqa zor edilar. Shuning uchun ham seni ularga... qoldirdim. O‘zimning ota-onamga ishonmadim. Dadam bexosdan urib o‘ldirgan bo‘lsalar ham yomon ko‘rib qoluvdim. O‘zimni oqlamayman. Mayli, sen ham oqlama. Gunohlarimni bilaman. Seni tug‘ib qaynota-qaynonam bilan birga yashayversam ham bo‘lardi. Seni o‘g‘rincha tug‘ib, o‘g‘rincha tashlamasligim kerak edi...
    Dadil aytilayotgan gaplar asta o‘chayotgan shamdek      so‘na boshladi. So‘nggi so‘zlar shamchiroq singari titradi. Ko‘zlar yumildi. Yumilishi bilan bir tomchi yosh ojiz kipriklar orasidan sizib chiqdi. Shu dam darvoza ochilib, boshiga oq ro‘mol tashlagan ayol ko‘rindi. Uy bekasi shoshilib borib uni kutib oldi. Ayol erkak kishini ko‘rgach, yuzini to‘sdi. Chuvrindi nari ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:39:49

    Ayol ayvonga chiqib bemorning yoniga o‘tirdi-da, avval pichirlab, so‘ng ovoz chiqarib duo o‘qidi, so‘ng «Yosin» surasini o‘qiy boshladi. Chuvrindining onasi ko‘zlarini yumganicha harakatsiz yotaverdi. Ayol surani o‘qib bo‘lib, dam solgach:
— Egachi, ko‘zingizni oching, yaqinlaringizdan rozi bo‘ling, — dedi. — O‘lim haq. Hayot Olloh tomonidan bizga berilgan omonat. Mullaka, yaqinroq keling, siz ham rozi bo‘ling.
— Roziman...
Birgina so‘z... Tildan uchishi shunchalar og‘irmi? Yurakda tug‘ilgan so‘zning bo‘g‘izdan o‘tishi nechog‘li qiyin kechdi. Tildan uchishi esa yanada mushkulroq bo‘ldi.
Ajabki... ona-bola bu so‘zni bir vaqtda aytdilar...
— Endi, egachi, «la ilaha illoloh!» deng.
Onasi bu kalimani eshitib, ko‘zlarini javdiratdi. Kimdandir najot kutdi, qiynaldi.
— La ilaha illolloh, deng. Yengillashasiz, — dedi ayol.
Onasi ko‘zlarini javdiratib, to‘lg‘ondi. Necha kundan beri harakatsiz yotgan vujudning qimirlashi ajablanarli hol edi.
Ayol gapini uchinchi marta takrorlagach, onasi ko‘zlaridan yosh chiqdi. Titroq ovozda dedi:
— Ay-tolmayapman...
Ayol pichirlab duo o‘qib, yana dam soldi.
— Hech bo‘lmasa «Olloh!» deng.
Onasi yana to‘lg‘ondi. Ko‘zlari ola-kula bo‘ldi.
— Ay-tol-mayman...
Shunday dedi-yu, ko‘zlarini chirt yumib, bo‘shashdi-qoldi. Ayol uning jag‘ini ushladi:
— Bo‘ldi, — deb Chuvrindiga bir qarab oldi.
Uy bekasi yostiq tagidan oq ro‘mol olib ayolga uzatdi. U marhumaning jag‘ini bog‘ladi. Keyin ro‘molcha bilan oyoqlarning bosh barmoqlarini bog‘lashdi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:42:24

3

    Chuvrindi murdani qishloqqa jo‘natish xususida yigitlariga topshiriq berib, Asadbek huzuriga yo‘l olganida dafn marosimiga borish yo bormasligini o‘zi ham aniq bilmas edi. Ko‘ngli borishga undardi, yuragida uyg‘ongan boshqa bir ovoz esa «o‘likning orqasidan nima deb borasan? Qo‘lingga hassa olib, tobutning oldiga tushib «Voy, onajonim!» deb faryod solasanmi? Hammaga kulgi bo‘lasanmi, tashlandiq bola!» deb yo‘lini to‘sardi. Bu ovozni o‘chirishga o‘zida kuch topa olmadi. Bu ovozni Asadbekning amri bo‘g‘di.
    Uch qavatli bino yerto‘lasidan chiqqach, onasining joni uzilgan uyga bordi. Yigitlari   «Tez yordam» mashinasida kelib, murdani olib ketishgan ekan. Uy bekasi odamgarchilik qilib, ularga hamroh bo‘libdi.
    Qishloqqa kechki salqinda yo‘lga chiqishni mo‘l, uyiga ketdi. Barvaqt kelganidan xotini ajablandi. Chuvrindi unga bo‘lgan voqeani qisqa tarzda aytdi. Xotini qaynonasi borligini, uning bir necha soat burun jon berganini bugun eshitdi.
— Nega avval aytmagan edingiz? — dedi xotini hayratlanib.
— Bu sen aralashadigan ish emas.
Xotini ortiqcha gap aytib yuborganini fahmlab, labini tishladi.
Chuvrindi esa xotiniga qo‘pol gapirishga gapirib qo‘yib, afsuslandi. Ko‘pincha shunday bo‘ladi: nimadandir ko‘ngli g‘ashlanganida uyga qaytgisi, oila davrasida o‘tirgisi, xotinidan, bolalaridan shirin gaplar eshitgisi keladi. Ba’zan ishni o‘zi buzadi: bugungiday qo‘pollik qiladi-yu, xotini-bolalarining yuragini oladi, bechoralar gapirishga ham qo‘rqib qolishadi. Ba’zan esa qandaydir arzimagan ish katta bir tashvish ko‘rinishida unga arz qilinadi-yu, xufton ko‘ngli battar zulumot qa’riga cho‘kadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:43:35

    Hozir uyiga kelishidan maqsad — bir oz dam olish bahona, aslida xotiniga dardini yorib malham bo‘lguchi so‘z eshitish edi. «Bu sen aralashadigan ish emas», deganidan so‘ng malham bo‘lguchi so‘zdan umid qilmasa ham bo‘lar.
Xotini unga bir qarab oldi-da, aybdor odamning ovozi bilan so‘zlashga o‘zida jur’at topdi:
— Adasi, men ham borayinmi?
Chuvrindi buni o‘ylab ko‘rmagan edi. Darvoqe, borsinmi? Borganida nima qiladi? Kelinlik vazifasini ado etib «voy, onam»lab dodlaydimi?
— Yo‘q, — dedi Chuvrindi, shularni o‘ylab. Bir oz sukut qildi-da, so‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Bormaysan. Sen boradigan joy emas.
    So‘nggi gapni aytishi bejiz emas. Onasi-ku, o‘ldi-ketdi. Ammo bu xonadonda hali «bobo» deb atalishi lozim bo‘lgan odam, «tog‘a» deb ataluvchi kishi, yana o‘zi ham bilmaydigan bir to‘da qarindosh-urug‘lari bor. Ular ko‘p, ularni ko‘rishga esa unda ko‘z yo‘q. O‘zi ularni ko‘rishga toqat qilolmaydimi, bas, xotinining ko‘rishiga ham hojat yo‘q.
    Chuvrindining ma’yusligini ko‘rib, akaxonlari, ayniqsa Haydar akasi, endi esa xotini «onasining o‘limidan qayg‘uryapti», deb o‘ylashdi. Qayg‘urgani uchun Haydar akasining hatto g‘ashi ham keldi. To‘g‘ri, o‘lim tufayli ham uzoriga qayg‘u ko‘lanka soldi. Ammo ko‘nglini kemirayotgan bu ko‘lanka emas, balki onasidan eshitgan yangilik — otasining taqdiri edi. Aslida uni qishloqqa borishga undayotgan ham dafn marosimi emas, balki otasining necha yildan beri yashirin yotgan yerini ko‘rish, ziyorat qilish edi.
    Salqin xonaga kirib yotdi. Xotiniga «uxlab qolsam bir soatdan so‘ng uyg‘ot», dedi. Shu ahvolda uyqu kelar ekanmi? Yarim soatcha u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilib yotgach, o‘rnidan turib hovliga chiqdi. Yengil-elpi ovqatlangan bo‘lib, yo‘lga tushdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:45:24

    Qishloqqa kirib borganida xufton namoziga azon chaqirilmoqda edi. Onasi yashagan uy oldida uch-to‘rt odam gaplashib turardi. Chuvrindi mashinasini ulardan o‘n-o‘n besh odim narida to‘xtatdi. Mashinadan tushishi bilan turganlardan biri uni tanib, shoshganicha ichkariga kirib ketdi. «Xabar qilgani shoshilyapti. Menga kim peshvoz chiqarkin. Bobommi, tog‘ammi?» shu fikr xayoliga kelib, ijirg‘andi. Chunki hozir ikkovini ham ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi.
    Chuvrindi turganlar bilan so‘rashgach, eshik og‘zida bir oz to‘xtadi. Bu yerda turish noqulayligini bilib, yo‘lak sari ikki-uch qadam qo‘ydi.
    Hovliga chiroqlar yoqilgan. Ana, tut daraxti ko‘rinib turibdi. Sal narida temir karavotning bir cheti ko‘zga tashlanadi. Yo‘lakning oxirigacha borilsa karavot baralla ko‘rinadi. Tut daraxti... temir karavot... odamlar o‘tirishgandir... uning ostida esa... otasi...
    Hovlining chiroq nuri yetmayotgan tomonidan bir sharpa ko‘rinib, u tomon yura boshladi. Yorug‘ tomonga o‘tgach, bel bog‘lagan baqaloq odamni tanidi: «Tog‘am-ku?» U ichkari kirishni xohlamagan edi. Hozir bu uyga kelganidan, yo‘lakda turganidan afsuslandi. «Ertalab kelib ketsam ham bo‘lardi», deb o‘yladi. Endi vaqt kech, orqaga qaytishning iloji yo‘q. Tog‘asi:
—Voy jigarim, onangdan ayrilib qoldik, — deb quchoq ochdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:46:05

    Chuvrindi tisarildi. Uni urib yuborgisi keldi. Lekin o‘nlab ko‘zlar tikilib turganini fahmlab o‘zini bosdi. Quchoq ochib kelayotgan tog‘asiga qo‘lini uzatdi. Tog‘asi yig‘lamsirab bir nima demoqchi edi, gapini shart uzdi:
— Temir karavot ustida odam o‘tirmasin!
Dag‘allik bilan aytilgan so‘z tog‘ani gangitdi. So‘ng Chuvrindining nima uchun bunday deganini tushunib qo‘rqib ketdi-da:
— Xo‘p, xo‘p, jiyan, — dedi.
— Jiyan ham dema, tilingni sug‘urib olaman.
Mahmudning kelganini eshitib ajablangan tog‘a, endi bu gaplardan so‘ng tamom dovdirab qoldi.
— Ertalab kelaman, — Chuvrindi shunday deb shart burildi-da, mashinasiga qarab yurdi.
Bu uydan uzoqlashgach, qayoqqa borishini o‘yladi. Bolaligi o‘tgan uyda hozir bobosining jiyanlari turishadi. Kirib borsa, harholda, boshlari osmonga       yetmasa ham, izzatini joyiga qo‘yadilar. Lekin yarim tungacha o‘ziga yoqmagan suhbat bilan band bo‘lishi, keraksiz yuzlab savollarga javob berishi lozimligini o‘ylab borgisi kelmadi. Bolalikda orttirgan do‘stlarinikiga borishga ham nechukdir oyog‘i tortmadi. Xayoliga Hovuz polvon kelib, mashinani o‘sha yoqqa burdi.
    Hovuz polvonnikida tunashni o‘ylamagan bo‘lsa-da, birrov yo‘qlashni shahardayoq ko‘ngliga tukkan edi. Hozir unikiga borayotganidan o‘zicha quvondi. Avvalo o‘g‘lining taqdirini biladi, keyin polvonning suhbatini oladi, uzoq yillik gunohdan forig‘ bo‘lish yo‘lida yana bir qadam qo‘yadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:47:16

    Eshik og‘zida mashina to‘xtashi bilan ichkaridan olti-etti yoshlar chamasidagi ikki bola yugurib chiqdi.
— Polvon tog‘aning nevarasimisanlar? — deb so‘radi Chuvrindi, ulardan tasdiq javobini olgach, buyurdi: — Yugur, bobongni chaqir.
Bolalar yarim yo‘lga yetmayoq Hovuz polvonning ovozi eshitildi:
— Kiravermaysanmi, xuddi begonaga o‘xshab turishingni qara.
Chuvrindi Hovuz polvonning peshvoz chiqishini kutib o‘tirmay, ichkariga qadam qo‘ydi.
— Kelganing yaxshi bo‘libdi. Esli bolasan, kelishingni biluvdim. Xudo rahmat qilsin, kim bo‘lsin, shu yog‘och otga baribir minadi, — dedi Hovuz polvon uni bag‘riga bosib.
    «Aqlli odam, — deb o‘yladi Chuvrindi, — «onangni berib qo‘yibsan», demadi, anavi ahmoqqa o‘xshab «jigarim»lamadi...»
    Chuvrindi ayvon bahavo, shu yerda o‘tiraylik, degan edi, Hovuz polvon «sen ham kichkina odam emassan, izzatingni bil», deb ichkari uyga boshladi. Xontaxta atrofiga ikki qavat ko‘rpacha to‘shalib, lo‘labolishlar tashlangan edi. «Kelishimni kutganmi yo uy doim shunday yasatig‘liq turarmikin?» deb o‘yladi Chuvrindi.
    Kelin salom berib kirib, darrov dasturxon tuzadi. Bir piyola choy icharli vaqt o‘tgach, kosalarda ovqat kiritildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:48:00

— Uyingizni mehmon bosadigan paytda kelibman shekilli, — dedi Chuvrindi quvlik bilan. Hovuz polvon Chuvrindining uyida aytgan gapini eslab, kulimsirab qo‘ydi:
— Yo‘q, sen oshga tushgan pashsha emassan. Esingni taniganingdan beri uyimga endi kelishing. Men bobong bilan oshna edim. Bobomning ruhlari orom olsin, desang, do‘stlaridan xabar olib turishing kerak. Endi yosh bola emassan, bunaqa gaplarga ham aqling yetsin.
— Polvon tog‘a, siz otamni bilarmidingiz?
— Yo‘q, men bu qishloqqa keyinroq kelganman. Lekin otangning yo‘qolganini eshitganman. Har xil mish-mishlar yurardi.
— Qanaqa mish-mish?
— So‘raysan-a? O‘zing eshitmaganmisan? Shaharda o‘ynashi bor ekan, o‘sha kelib o‘ldirib ketgan, degan gap-da.
— Haqiqatni hech kim bilmaydimi?
— Nega bilmaydi? Xudo biladi.
— Men ham... O‘limi oldida aytdi.
— Bilganing yaxshi. Lekin endi foydasi yo‘q. Orada nima sir bor, bilmayman. Lekin sirligicha qolavergani ma’qul. Esli bolasan.
— Ha... — Chuvrindi xo‘rsindi. — Menga og‘ir meros qoldirdi. Bu sirni go‘rimga olib ketaman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:48:39

— Ovqatingni ich, ko‘zyoshing kosaga tushsa, sho‘rvaning sho‘ri chiqib ketadi.
Ko‘ngli ezila boshlagan Chuvrindi bu tanbehdan so‘ng bir oz yengil tortib, jilmayib qo‘ydi.
Kelin kosalarni olib chiqqach, Hovuz polvon choy quyib uzatdi-da:
— O‘g‘lim eson-omon chiqib keldi, rahmat, — dedi.
— Qani o‘zi? — deb so‘radi Chuvrindi.
— Toqqa chiqib ketdi. O‘t o‘ryapti.
— Men bilan birga ketsin.
— Yo‘q, ko‘z oldimda bo‘lsin. Sening ishingni bilaman, qaltis. Bugun oshig‘ing olchi, ertaga qarabsanki... Ke, qo‘y, mehnat bilan bo‘laversin. Yordaming kerak bo‘lib qolsa, yugurib boraveraman.
— Unda uylantirib qo‘ying. Bevosh yurmaydi.
— Ha, mo‘ljal bor. Xashakdan tushsin-chi.
— Xizmatning kattasini menga yuklaysiz. Hofiz mendan. Garniturni bu tomonlarda kuyov tomon oladi, a?
— Be, — Hovuz polvon kulimsirab, qo‘l siltadi, — shu uyga garnito‘rmi? Qo‘ysang-chi! Bitta sandiq, to‘rtta ko‘rpa-ko‘rpacha bilan turmush-tirikchiligim o‘tdi. Garnito‘ri kerakmas. Xudo baxtini bersin. Garnito‘riga tilla choynak-piyolalarni terib qo‘ysa-yu, Xudo baxtini bermasa hammasi bir pul.

Qayd etilgan