— Patrulning qo‘liga tushsak, hammamiz ketamiz, — dedi boyagi zorli ovoz.
— Yig‘lama, ukam, har qanday sharoitda ham yig‘lama, sen erkaksan, erkakka o‘xshab gapir. Endi gap shu: qimirlamay turlaring. Sheriklarim bilan maslahatlashib kelaman.
— Kechadan beri ikki kishi shunday deb ketdi, — dedi boshlab kelgan yigit.
— Menga qara, ukam, men unaqalardan emasman. Do‘ppimni ko‘rib ishonib keldingmi, endi shu ishonchingda tur.
Jalil shunday deb tez-tez yurganicha iziga qaytdi.
Ko‘chada Asadbek bilan Chuvrindi kulrang kostyum kiygan, qizil galstuk taqqan, ko‘rinishi kibor, qirq yoshlardagi bir odam bilan gaplashib turardilar. Jalil yaqinlashishi bilan Asadbek uni «qadrdon do‘stim», deb tanishtirdi. Kibor esa soxta jilmayish bilan unga qo‘l uzatdi-da:
— Kozlov, Aleksey Petrovich, — deb o‘zini tanitdi.
— Shu yerlik qadrdonlardan, — deb izoh berdi Asadbek.
— Asad, jiddiy gap bor, — dedi Jalil, uning izohiga e’tibor bermay.
— Keyinroq gaplashsak bo‘lmaydimi? — dedi Asadbek noxush tarzda.
— Yo‘q, eshit, — Jalil shunday deb ko‘rganlarini bayon qildi. — Tashlab ketsak bolalar uvol bo‘ladi. Ahvolini ko‘rsang, yig‘lab yuborasan. Yur, o‘zing borib ko‘r ularni.
Asadbek «buyog‘i qandoq bo‘ldi?» deganday iyagini qashidi. So‘ng Chuvrindiga qaradi:
— Mahmud, borib kela qol. Pul-mul ber.
— Odammisan o‘zing! — dedi Jalil zarda bilan. — O‘zing borsang, moyaging uzilib tushadimi?!