Tog‘alarimu xolalarim qaysi bir voqeani eslab, barchalari kulishdi.
— Chakalakning shaytoni-da. Qaerniki bo‘lardi,— deb qo‘ydilar katta xolam, — odam joy tanlamay yotib qolavursa, shu-da.
Yana kulishdi. Shu asno pochcha mening qo‘limni qo‘yib yuborib edilar, boshqalar bilan ham ko‘rishib chiqa boshladim. Tog‘alarim duo qilib, xolalarim esa, yelkalarimga qoqib, kuraklarimni silab ko‘rishishdi. Keyin o‘tirib mening haqqimga, Sultonmurod akam, Olim akamlarning, barcha orqada qoladiganlarning haqqiga duo qilishdi. Hammalari bir og‘izdan «Iloy, shularga to‘zim bergin, ittifoqlik ato etgin, orqamizdan chirog‘imizni yoqib o‘tirishsin, tup qo‘yib palak yozishsin» deb, duolar qilishdi. Keyin «Mana bu sening nasibang, ol, ol, muntazir qilma» deb sho‘rvayu manti olib kelishdi.
— Mantini Mahfuz kennoying qildi. Har galgidek bir o‘xshabdi, bir o‘xshabdi. Ol, bolam, xamiri piyozni po‘stidan yupqa tortib ketipti, ol, — deb oyim qistadilar.
— Baraka topsin, ko‘p pazanda ekan, bu tog‘lik kelinimiz, — deb alqadilar Mubor xolam.
— Qo‘ying, opa, hamma maqtasayam siz maqtamang, ko‘ziz tegadi, — dedilar Xidoy xolam, u kishi xafa bo‘ladilar demay ham.
— Ha, men shunchaki, Xidoy. Suyganimdan, — dedilar xolam shirin jilmayib. U kishining bir ko‘zlariga jindek oq tushgan, boshqasida esa, xol bor — ana o‘sha yomon, astoydil qarasalar otni yiqitadilar, deyishardi. Mubor xolam kirib kela boshlasalar oyimgilar kelinlarga hay-haylab, shirin talpinadigan bo‘lib qolgan chaqaloqlarini darrov yashirishga tushishar, sog‘ib turgan, yangi bo‘shangan sigirlarini ko‘rsatmay qo‘ya qolishar edi. Negaki, o‘sha sigirga xolamning ko‘zlari tushdi deguncha u emchagiga qo‘l urdirmay, tepib tashlaydigan bo‘lib qolar, har yuvvosh sigirlarni ham jin urardi-qolardi.
— Sizni suyganiz bor bo‘lsin, — deb to‘ng‘illab qo‘ydilar Xabira xolam. — O‘zini kuygani yetmaydimi, eri kelolmay qaerlarda yuribdi-ku.
— Alloh hafiz. Eshon pochchamni qancha alg‘ov-dalg‘ovlardan asragan, o‘g‘lini ham asrar, — deb qo‘ydilar Mubor xolam.