Aziz va muhtaram kitobxon! Fiqh ilmi, ya’ni islom huquqshunosligi eng sharafli ilmlardandir. Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Mingta johil obiddan ko‘ra bitta faqih yaxshiroq», deb marhamat qilganlar. Chunki inson faqih bo‘lsa, uni hech narsa chalg‘ita olmaydi, u har qanday oqim va guruhlarga o‘zini urmaydi. Aksincha, o‘z z’tiqodida sobitqadam bo‘ladi. Fiqhning eng ulug‘i esa sog‘lom e’tiqoddir. Binobarin, Hanafiy mazhabining asoschisi hazrati Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) e’tiqod ilmini «fiqhi akbar» deb, ya’ni «ulug‘ fiqh» deb ta’riflaganlar.
Ma’lumdirki, Yer yuzi musulmonlarining asosiy ko‘pchiligi hazrati Imomi A’zam mazhablariga rioya qiladilar. «Sunani Termiziy» kitobida esa xuddi ana shu mazhab jihatlari e’tiborga olingan. Hanafiy mazhabining fikr-qarashlarini Imom At-Termiziy «Kufa ahli»ning fikr-qarashlari tarzida bayon qilganlar. Aziz kitobxonlar ana shu jihatga e’tibor bermoqlari maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, kitobning ushbu o‘zbekcha nusxasida Hanafiy mazhabiga doir fatvolar, ilova va izohlar taqdim etilganki, bular o‘quvchi to‘g‘ri amal qilmog‘i uchun foydalidir.
Albatta, hadis sohasining o‘z atamalari, ilmiy istilohlari bor. Ana shunday ifoda va istilohlarni tushunmoqlari uchun, kitobxonlarga ko‘mak tariqasida, «Kitobxonga yordam» sarlavhasi bilan alohida so‘z taqdim ztildi.
Kitobda hadislarning o‘zbekcha tarjimasi asl arabiy matni bilan birga sahifalarga joylashtirildi. Bu usul til bilgan kitobxonlarga so‘zma-so‘z taqqoslab o‘rganishlari uchun qulaylik tug‘diradi.
Qo‘lingizdagi «Sunani Termiziy» kitobi tarjimasi xayrli ishlardan biri bo‘lib, ma’naviy-axloqiy kamolot yo‘lida, komil insonni tarbiyalash yo‘lida munosib xizmat qiladi, degan umiddamiz.
Abdulaziz MANSUR