133
Men Antraktikaning qoq o‘rtasida o‘lmoq istayman. U yerda hech kim meni topolmaydi va o‘lik tanamni ko‘rib g‘amga ham botmaydi.
Nima deb valdirayotganimni bilaman. Men unda bir marta bo‘lganman. Bu ham xalqaro anjumanlardan biri edi, homiylar chegarani buzib, Antarktikada yig‘ilish o‘tkazishga kelishishgandi. Men doimo bu mintaqaga borishni orzu qilardim. Shuning uchun bu Atlanta afsonasiga o‘xshagan bir narsa bo‘ldiki, qorli tog‘lardagi ishonish qiyin bo‘lgan g‘aroyibotlar ichida o‘z yo‘qotgan jannatingni topib olganday bo‘lasan kishi: uzun paporotniklar, dinozavrlar va bolalikdagi rangli, tasavvurlarga boy xayoliy hayotdagi yana minglab boshqa narsalar...
Afsuski, buning o‘rniga xunukdan-xunuk bir qavatli metall uylarni ko‘rdimki, ularning birida xalqaro anjuman homiylari «razminka» qilishni boshlashdi. Birinchi kun ichkilik bilan o‘tdi-ketdi, lekin Qozog‘iston cho‘llaridan kelgan Donobek degan bir yosh sovet yigiti bilan tanishdim. U yon atrofni aylantirishga va'da berdi va mijozlarimiz jo‘rlikda xurrak otishni boshlab yuborishganda, hujjatlarimizni stol ustiga qo‘yib, boshpanamizdan chiqib ketdik. Barcha yo‘l signal bayroqlari o‘rnatilgan simlar bilan belgilab qo‘yilgan, Donobekning tushuntirishcha, eng xavfli narsa qor ostidagi muz yoriqlari ekan. Shamol qaysidir tomondan yana bir qaysidir yoqqa esar, tikanli qor uchqunlari chirog‘imizning yorug‘ida nurlanib, naq ko‘zimizni mo‘ljalga olardi.