Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139451 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:05:59

— Dahshatli odamsan sen, Stiven, — dedi Deyvin og‘zidan trubkani olarkan, — doim yakkasan.
— Endi, umumjahon tinchligi murojaatnomasiga imzo chekkaningdan keyin, — dedi Stiven, — men qo‘lingda ko‘rgan o‘sha kichkina daftarchani yoqib tashlasang kerak, deb o‘ylayman.
Deyvindan sado chiqmagach, Stiven daftarchadagi gaplardan parcha keltira boshladi:
— Fianna oldga yur! Fianna o‘ngga burilib, oldga yur! Fianna, salom qil, raqaming bilan sana, bir, ikki!
— U boshqa masala, — dedi Deyvin. — Birinchidan, men irland millatchisiman. Sen esa hammasidan chetda yurasan. Sen, Stiven, maynavozchi bo‘lib tug‘ilgansan.
— Sizlar chavgonlaring bilan qurollanib, navbatdagi isyonlaringni boshlaganlaringda, — dedi Stiven, — sizlarga xabarkash kerak bo‘ladi, menga aytsang, men senga kollejdan ulardan bir juftini topib beraman.
— Seni hech tushunolmayman, — dedi Deyvin. — Bir qarasang ingliz adabiyotini tuproqqa qorib tashlaysan, bir qarasa irland xabarkashlarini. Isming ham allaqanday... va mulohazalaring ham. Irlandmisan o‘zi sen?
— Yur men bilan arxivga, men senga oilamning nasl-nasabini ko‘rsataman, — dedi Stiven.
— Unda biz bilan birga bo‘l-da, — dedi Deyvin. — Nega sen irland tilini o‘rganmaysan? Nega birinchi mashg‘ulotdan keyinoq ligadan chiqding?
— Bitta sabab senga ma’lum, — dedi Stiven.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:06:16

Deyvin boshini sermab kuldi.
— Qo‘ysang-chi, — dedi u. — O‘sha yosh qizaloq va hazrat Moren uchunmi? Bularni sen o‘zing o‘ylab topgansan, Stivi. Ular shunchaki gapirishgan, kulishgan, xolos.
Stiven churq etmadi va qo‘lini birodarlarcha Deyvinning yelkasiga qo‘ydi.
— O‘sha kunni, biz sen bilan tanishishgan kunni, eslaysanmi, — dedi u, — biz birinchi marta uchrashganimizda sen mendan birinchi kurslar qaerda o‘qiydi, deb so‘raganding va birinchi bo‘g‘inga urg‘u berganding? Eslaysanmi? Sen o‘shanda hamma iezuitlarni hech ikkilanmay "œtaqsir" derding. Ba’zan men: "œU xuddi gapirgan gapiday, lafziday samimiy, makr-hiyladan yiroqmikan?" deb o‘ylanib qolaman.
— Men oddiy odamman, — dedi Deyvin. — Buni sen bilasan. Sen menga o‘sha Xarkort-stritdagi oqshomda o‘z hayoting haqida gapirib berganingdan so‘ng, gapning ochig‘i, Stivi, men keyin ovqat yeyolmadim. Kasal bo‘lib qoldim. O‘sha oqshom uxlay olmay chiqdim. Nega sen buni menga aytding?
— Rahmat senga, — dedi Stiven. — Sen menga yovuz odamsan, deb shama qilayapsan.
— Yo‘q, — dedi Deyvin. — Buni gapirmasliging kerak edi.
Sirtdan do‘stona muomalani saqlab turgani bilan Stivenning ichi qaynab-toshib kelardi.
— Meni shu xalq, shu mamlakat va shu hayot paydo qilgan, — dedi u. — Borim shu va shundayligimcha qolaman.
— Bizga qo‘shilishga urinib ko‘r, — takrorladi Deyvin. — Ruhan sen irlandsan, biroq g‘urur senga yo‘l bermayapti.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:06:35

— Mening ota-bobolarim o‘z tilidan voz kechishgan va boshqa tilni qabul qilishgan, — dedi Stiven. — Ular bir to‘da kelgindilarga o‘zlarini ezishga qo‘yib berishgan. Xo‘sh, menga ularning xatosi uchun shaxsiy hayotim va budu-shudimni qurbon qilishni buyurasanmi? Nimaning evaziga?
— Bizning ozodligimiz uchun, — dedi Deyvin.
— Ton yashagan zamondan to Parnell zamonigacha, — dedi Stiven, — sizlar uchun o‘z hayotini, yoshligini va mehr-muhabbatini bag‘ishlagan birorta halol, samimiy inson yo‘qki, sizlar sotmagan bo‘lsanglar, azobga duchor etmagan, boshidan mag‘zava to‘kmagan bo‘lsanglar, xiyonat qilmagan bo‘lsanglar. Endi sen menga o‘zlaring bilan birga bo‘lishni taklif qilayapsanmi! La’nat sizlarga!
— Ular o‘z ideallari uchun qurbon bo‘lishdi, Stivi, — dedi Deyvin. — Biroq bizning ko‘chada ham bayram bo‘ladi, menga ishon.
O‘z xayollariga berilib ketgan Stiven bir daqiqa jim qoldi.
— Ruh, — dedi u xayolchan, — ayni shu, men senga aytgan daqiqalarda tug‘iladi. Bu sekin, sirli tug‘ilish, vujudning tug‘ilishidan ko‘ra sirliroq. Bu mamlakatda inson ruhiga tug‘ilayotgandayoq, parvoz qilmasligi uchun, to‘r tashlanadi. Sen menga milliylik, din, til haqida gapirasan. Men bunday to‘rlardan qochishga harakat qilaman.
Deyvin trubkasining kulini qoqib tushirdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:06:59

— Bu gaplardan men hech qanday ma’no uqmayapman, Stivi, — dedi u. — Biroq birinchi galda vatan. Irlandiya birinchi galda, Stivi. Shoir bo‘lasanmi, mutasavvirmi, bu keyingi masala.
— Bilasanmi, Irlandiya nima? — so‘radi Stiven sovuq qahr bilan, — Irlandiya — bu o‘z bolalarini yeydigan qari cho‘chqa.
Deyvin o‘rnidan turdi va boshini g‘amgin sermab, o‘ynayotganlar tomon yurdi. Biroq sanoqli daqiqalar ichida g‘amgin kayfiyat uni tark etdi, u endi Krenli va ikki o‘yinchi bilan hozirgina tugagan o‘yinni qizg‘in muhokama qilayotir. Ular kechqurun bir qur o‘ynashga kelishib olishdi, biroq Krenli mening koptogim bilan o‘ynaysizlar, deb turib oldi. U koptogini yerga ikki-uch marta urib, keyin jahd bilan maydonchaning uzoq etagiga qaratib uloqtirdi-da, qichqirdi:
— Qorangni ko‘rmay seni!..
Stiven o‘yinda hisob orta boshlaguncha, Linchning yonida turdi. Keyin Linchning yengidan tortib, uni o‘ziga qaratdi. Linch unga bo‘ysundi va g‘ashiga tegib dedi:
— Krenli aytmoqchi, uzdikmi?
Stiven bu qochiriqqa kulimsiradi.
Ular bog‘ orqali qaytishdi va munkillagan qari qorovul taxtaga allaqanday e’lonni qaltirab qadayotgan zal bo‘ylab o‘tishdi. Zinapoya oldida ikkalasi ham to‘xtadi va Stiven, cho‘ntagidan sigaret qutisini chiqarib, hamrohiga chekishni taklif qildi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:07:21

— Bilaman, bir miriyam yo‘q senda, — dedi u.
— Eh senimi, sulloh shumqiliq! — javob qildi Linch.
Linchning so‘zga chechanligi ikkinchi bor asoslangani Stivenning kulgisini qistadi.
— "œShumqiliq" so‘zi sening suyukli so‘kishingga aylangan kun, — dedi u , — Yevropa madaniyati uchun bayram sanaladi.
Ular chekishdi va o‘ng tarafga yurishdi. Biroz sukut saqlab, Stiven dedi:
— Aristotel rahm-shafqat va qo‘rquvga ta’rif bermaydi. Men esa beraman. Mening nazarimda...
Linch to‘xtadi va bepisandlik bilan uning gapini bo‘ldi:
— Bas! Eshitishni xohlamayman. Ko‘nglim ayniydi. Kecha kechqurun bizlar Xoren va Goggins bilan o‘lguday ichdik.
Stiven gapida davom etdi.
— Rahm-shafqat — bu shunday tuyg‘uki, u inson musibatlaridagi jamiki muhim va muntazam jihatlar oldida fikrni to‘xtatib qo‘yadi va bizni izillab turgan fojialarga bog‘laydi. Qo‘rquv tuyg‘usi inson musibatlaridagi jamiki muhim va muntazam jihatlar oldida fikrni to‘xtatib qo‘yadi va bizni ularning yashirin sabablarini izlashga majbur etadi.
— Takrorla-chi, — dedi Linch.
Stiven ta’rifni sekin takrorladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:07:50

— Yaqinda Londonda, — davom etdi u, — bir qizaloq izvoshga o‘tiradi. U uzoq vaqtlar ko‘rmagan onasini kutib olishga borayotgan edi. Qaysidir ko‘chaning muyulishida aravaning shotisi chiqib ketib, izvoshning derazasini chilparchin qiladi, xuddi ignaday uzunchoq shisha siniqlari qizning yuragiga sanchiladi. Qiz shu zahotiyoq jon taslim qiladi. Muxbir buni fojiali o‘lim, deb ataydi. Bu to‘g‘rimas. Bu rahm-shafqat va qo‘rquv haqidagi mening tushunchamga to‘g‘ri kelmaydi.
Fojia tuyg‘usi, mohiyatan, har ikki tomonga, qo‘rquvga va rahm-shafqatga yuzlangan bir kishining diqqat-e’tibori, ularning har qaysisi — uning ayni damdagi holati. E’tibor qildingmi, men to‘xtatib qo‘yadi degan iborani ishlatdim. Bu bilan men fojia tuyg‘usining turg‘unligini, harakatsizligini ta’kidlayapman. Aniqrog‘i, dramatik tuyg‘uning. Soxta, haqiqiy bo‘lmagan san’at paydo qiladigan tuyg‘ular — bu mayl, intilish va nafratlanish, hazar qilish. Mayl-rag‘bat bizni yaqinlashishga, qo‘lga kiritishga chorlaydi. Nafrat-hazar tuyg‘usi tark etish, inkor qilishga undaydi. Bunday tuyg‘ularni uyg‘otadigan san’at — pornografiya va didaktika — haqiqiy bo‘lmagan, soxta san’atlar. Shu bois, bu holatda estetik tuyg‘u harakatsiz, turg‘un holatda bo‘ladi. Fikr to‘xtab qoladi va mayl hamda nafrat tevaragida aylanadi, xolos.
— Sen aytmoqchisanki, san’at mayl-rag‘batni uyg‘otmasligi kerak, demoqchisan, — dedi Linch. — Esimda, men bir kuni senga muzeyda qalam bilan Veneraning dumbasiga ismimni yozganimni aytgan edim. Bu maylga kiradimi?

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:08:13

— Men odatdagi, tabiiy naturani nazarda tutayapman, — dedi Stiven. — Sen menga yana o‘zingning g‘aroyib karmelitlar maktabingda qanday qilib sigir tezagini yeganingni gapirib berganding.
Linch tag‘in otga o‘xshab pishqirdi.
— Ha, shunday ish bo‘lgandi! — xitob qildi u.
Stiven hamrohi tomon burildi va bir soniya uning ko‘zlariga tik qaradi. Linch kulishdan to‘xtadi va kamsitilganday mulzam bo‘lib, uning ko‘ziga qaradi. Uzun peshayvonli shapka tagidagi cho‘zinchoq, ensiz, pachoq boshi allaqanday o‘rmalab yuruvchi jonivorni eslatardi. Xira yiltillab turgan ko‘zlari va ruhsiz, o‘lik nazari ham ilonning qarashini yodga solardi. Biroq ayni daqiqadagi uning kamsitilgan, bezovta qarashida odamga xos bir ma’no — ezgin, baxtsiz, azob chekkan va darg‘azab qalbning behalovatligi aks etib turgandi.
— Xo‘sh, nima bo‘pti, — dedi shunchaki xushmuomala ohangda Stiven, — biz hammamiz jonivorlarmiz. Men ham.
— Ha, sen ham, — dedi Linch.
— Biroq biz hozir ruhiy olamda mavjudmiz, — davom etdi Stiven. — Haqqoniy bo‘lmagan estetik vositalar ta’sirida uyg‘ongan mayl va nafratni faqat ularning tabiatan haqqoniy emasligi uchun estetik tuyg‘umas, deyish kamlik qiladi. Chunki ular atigi jismoniy sezgilarga aloqador, xolos. Qo‘rquvni sezganda vujudimiz kichrayadi va asab sistemasiga beixtiyor ta’sir qilgan narsaga javob qaytaradi. Qovog‘imiz, hali anglab, payqab ulgurmasidan burun, ko‘zimizga pashsha urilayotganini sezganday, oldindan beixtiyor yumiladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:08:50

— Har doim ham emas, — kinoya qildi Linch.
— Shunday qilib, — davom etdi Stiven. — Sening tanang senga yalang‘och haykal ko‘rsatgan ta’sirga javob qaytargan, biroq bu, takror aytaman, asab sistemasining g‘ayriixtiyoriy reaktsiyasi. Musavvir tomonidan aks ettirilgan go‘zallik esa bizda, jismoniy sezgi deb atash mumkin bo‘lgan, yuzki ehtiros va hissiyotlarni paydo qila olmaydi. U estetik stasisni, ya’ni ideal mehr-shafqatni yoki ideal qo‘rquvni — yuksak darajada yuzaga keladigan, davom etadigan va nihoyat, men go‘zallik ritmi, deb ataydigan tuyg‘uga aylanadigan taassurotni uyg‘otadi yoki uyg‘otishi lozim, paydo qiladi yoki paydo qilishi kerak.
— Buni endi qanday tushunsa bo‘ladi? — so‘radi Linch.
— Ritm, — dedi Stiven, — bu har qanday estetik butunlikda qismlarning o‘zaro ilk yuzaki estetik aloqalari yoki estetik butunlikning uning qism yo qismlariga yoxud estetik butunlikdagi har qanday qismning butunlikka yalpi munosabati.
— Agar bu aytganlaring ritm bo‘lsa, — dedi Linch, — unda marhamat qilib ayt-chi, sen nimani go‘zallik deb ataysan? Yana, iltimos, unutmaginki, men faqat go‘zallik oldida ta’zim qilaman.
Xuddi birovga salom berayotganday, Stiven shapkasini ko‘tarib qo‘ydi. Keyin, biroz qizarinqirab, Linchning kamzulining yengidan ushladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:09:07

— Biz haqmiz, — dedi u, — boshqalar esa adashadilar. Bu narsalar haqida gapirish, ularning siru sinoatini bilishga urinish va sirini anglab-bilib, sekin-asta, qat’iyat va izchillik bilan ta’riflash, tavsiflash, zamindagi oddiy narsa-hodisalardan: tovush, shakl yoki ranglarni his etishdan uyg‘ongan tuyg‘ularga, qalbimizning bu zimiston qa’rlariga nazar tashlash — biz ilg‘agan go‘zallik timsollari — san’at deganlari aslida mana shu.
Ular kanal ustidagi ko‘prikka yaqinlashishdi va yo‘ldan burilib, daraxtlar tagidan yurib ketishdi. Ko‘lmak suvda aks etgan kir-kulrang shu’la va tepalaridagi nam shox-shabbalarning hidi — barchasi Stivenning fikrlash tarziga zidday tuyulardi.
— Biroq sen mening savolimga javob bermading, — dedi Linch, — san’at nima o‘zi? U ifodalagan go‘zallik nima?
— Buni men senga, badbaxt, qovoqkalla hayvonga aytgan birinchi ta’rifimdayoq bayon qilgan edim, — dedi Stiven, — o‘shanda men bu savolning javobini endi ichimda pishitib olayotgan edim. O‘sha oqshom esingdami? Krenlining achchig‘i chiqqan va uiklou cho‘chqasining go‘shti haqida gapira boshlagan edi o‘shanda.
— Esimda, — dedi Linch. — Esimda, uning o‘sha la’nati semiz cho‘chqalar haqida gapirgani.
— San’at, — dedi Stiven, — bu insonning predmetni estetik butunlikda aqlga muvofiq yoki sezgi-idroki orqali qabul qilish qobiliyati. Cho‘chqalar haqida eslaysan-u, bu gaplarni esa esingdan chiqaribsan-da. Sen bilan Krenliga o‘zi ishonib bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:09:30

Linch bulutli kulrang osmonga qarab, aftini burishtirdi.
— Modomiki, men sening estetik falsafangni tinglashga mahkum ekanman, unda hech bo‘lmasa, menga yana bitta sigareta ber. Bu gaplar meni umuman qiziqtirmaydi. Hatto ayollar ham meni qiziqtirmaydi. Jin ursin, sizlarni! Boshimga uramanmi bu gaplarni! Menga bir yilda besh yuz funt to‘laydigan ish kerak. Menga shunday ishdan gapir, mard bo‘lsang.
Stiven unga sigaret qutisini uzatdi. Linch qutidagi oxirgi sigaretani olib, dedi:
— Davom et.
— Foma Akvinskiy aytadi,— dedi Stiven, — bizning idrokimizga xush yoqqan narsa go‘zaldir.
Linch boshini irg‘adi.
— Esimda, — dedi u. — Pulcra sunt guae visa placent.
— U visa so‘zini ishlatadi, — davom etdi Stiven, — bu bilan har qanday estetik idroklashni: ko‘rish, eshitish yoki idroklashning boshqa turlarini nazarda tutadi. Bu so‘z, mujmal bo‘lishiga qaramay, baribir bizda mayl va nafrat hissini uyg‘otadigan yaxshi yoki yomon tushunchani istisno qilish uchun yetarli darajada aniq. Shubhasiz, bu so‘z stasisni nazarda tutadi. Xo‘sh, haqiqat nima? Haqiqat ham ongning stasisini uyg‘otadi. Sen hech qachon to‘g‘riburchakli uchburchak gipotenuzasiga ismingni qalam bilan yozib qo‘ymasding.

Qayd etilgan