1247/3. Mujiyba al-Bohiliy otalari yoki amakilaridan qilgan rivoyatlarida bu zot Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib, biroz turib, qaytib ketdilar. Bir yil o‘tgandan keyin yana keldilar. Avvalgi holatlari va ko‘rinishlari o‘zgarib ketgan edi. Bu kishi: «Ey Allohning Rasuli! Meni tanimayapsizmi?» degandi, Rasululloh (s.a.v.) «Sen kimsan?» dedilar. U kishi: «Avvalgi yil huzuringizga kelgan Bohiliyman», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Sen yaxshi ko‘rinishda eding-ku? Seni nima o‘zgartirib yubordi?» dedilar. U kishi: «O’sha sizdan ajrab ketganimdan keyin faqat kechqurun ovqatlandim. Ya’ni kunduzi ro‘zador bo‘ldim», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Nafsingga azob beribsan-ku!», deb, yana: «Sabr oyi, ya’ni Ramazon oyida to‘la ro‘za tutgin. Va har oyda bir kun ro‘za tut», dedilar. U kishi: «Menga ziyoda qiling. Chunki mening ro‘za tutishga quvvatim yetarli», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Ikki kun ro‘za tut», dedilar. U kishi: «Menga yana ziyoda qiling», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Uch kun ro‘za tutgin», dedilar. U kishi: «Yana ziyoda qiling», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Hurmatli oylarda (ya’ni rajab, zulqa’da, zulhijja, muharram) uch kundan ro‘za tut va tark qil», deb uchta barmoqlarini bukib-ochdilar. Abu Dovud rivoyatlari