Bolalar ofitserlarning atrofiga tizilishdi. Polkovnik yonidagi yigitga ishora qildi.
- Bu serjant Deniel Neff. U serjant Gudrichning o’rniga keldi.
Bu serjant Gudrich birinchi marta tilga olingan xabar bo’ldi. Harbiy maktabda qanday g’ayritabiiy tuyulmasin, kursantlar bilan imkoni boricha o’lim haqida suhbat bormas, o’z joniga qasd qilish haqida gapirish esa umuman mumkin emasdi, zero bunday harakat erkak kishi uchun uyat hisoblanardi. Shuning uchun bechora Gudrich nomi birinchi va oxirgi marta eslatildi.
- Serjant Neff - tajribali askar, - so’zida davom etdi polkovnik, - va sizlarning Akademiyada eng yaxshi vzvod bo’lib yetishishingizga ishonaman. - Polkovnik jilmaydi. So’ngra Neffga o’girildi: - Endi, buyog’iga o’zingiz tanishib olasiz, serjant.
Neff qo’lini chakkasiga tiradi, so’ng polkovnikni orqasidan kuzatib qoldi.
Vzvodning eng oxirgi safida bo’yi barcha kursantlarnikidan baland o’smir turardi. U gavdali va semiz bo’lib, bo’yni va mushtlari tor ko’ylagining yoqa va yenglaridan beso’naqay tarzda chiqib turardi. Barzangining ismi Teddi edi. o’zining yoqimsiz tashqi ko’rinishini xaspo’shlash maqsadida, u doimo boshqa bolalarni xo’rlab yurardi.
Shu lahzada Teddi yangi serjantda taassurot qoldirishga ahd qildi.