Kun allaqachon yorishib ketgan. Chetdan "œtiq" etgan tovush eshitilmaydi, biroq u tevaragidagi hayot hayal o‘tmay odatdagi shovqini: qo‘pol ovozlar, uyqu aralash o‘qilgan duolar tovushi bilan uyg‘onishini bilardi. Bu hayotdan bekinib, u yuzi bilan devorga o‘girildi, qalpog‘ini bostirib, ko‘rpaga boshini burkadi va yirtilgan devorqog‘ozdagi rangi o‘chgan qizil gullarni tomosha qilishga chog‘landi. U gullarning alvon rangidan so‘nib borayotgan sevinchiga madad olishga urindi, uni o‘zicha samoga eltadigan qizg‘ish, alvon gullar to‘shalgan yo‘l, deya tasavvur qildi. Qanchalik toliqdi! Judayam toliqdi! O‘zi ham ularning qaynoq nurlaridan charchadi!
Issiq, charchoq ko‘rpaga yaxshilab burkangan boshidan umurtqalari bo‘ylab butun taniga yoyildi. U charchoqning vujudiga yoyilib borayotganini his etdi va unga qarshilik qilmadi, kulimsiradi. Hozir uyqu eltadi.
Oradan o‘n yil o‘tib, u tag‘in qizga she’r bag‘ishlagan edi. O‘n yil burun uning boshini sholro‘mol burkab olgan, issiq nafasidan chiqqan bug‘ oqshom havosida o‘rlar, poshnalari muz qotgan yo‘lga urilib taqqillardi. O‘sha eng oxirgi chana jo‘nashga shay edi, to‘riq otlar buni sezishar va pishqirib qo‘ng‘iroqchalarini silkitishardi. Konduktor yetakchi bilan gaplashdi va ikkalasi ham fonusning yashil yog‘dusida boshlarini sermashdi. Gapira turib qiz bir necha bor uning oyog‘i turgan zinaga oyog‘ini qo‘ymoqchi bo‘ldi va yana o‘zining zinasiga tushirdi, birmi, ikki marta qizning oyoqlari unikiga tegdi, qiz oyoqlarini uzatishni unutdi, biroq keyin uzatdi. Mayli-da. Bo‘lsa bo‘lar.
Aqlli bolalik davridan hozirgi telbalikkacha oradan o‘n yil o‘tdi. Xo‘sh, unga she’rini jo‘natsa nima bo‘ladi? Ertalabki choy payti, choyqoshiq bilan tuxumning po‘chog‘ini tiqqillatib, shu tovushga monand ovoz chiqarib o‘qishadi. Mana, chinakam telbalik! Qizning aka-ukalari masxaralab kulib, biri-biridan qizg‘anib, qo‘pol, dag‘al barmoqlari bilan varaqlarni tortilab yirtadi. Shirinsuxan ruhoniy, qizning amakisi oromkursida oldga cho‘zilgan qo‘lida varaqni ushlab, kulimsirab o‘qiydi va she’rning badiiy shaklini ma’qullaydi.