Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 283502 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 ... 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:18:21

— Siz qaysi Vatanni nazarda tutyapsiz? Sovet Ittifoqinimi? Men esa Vatan deganda faqat O‘zbekistonni tushunaman. O‘zbekiston ozod bo‘lsa bas! Uning ozodlik kunini ko‘rsam — armonim yo‘q. O‘zbekiston ozod bo‘lsin, men uning ko‘chalarini supurib yursam ham mayli. Men amalga intilmayman. Sizlardan iltimos qilishimning sababi — o‘sha amal hozirgi ishimiz uchun zarur edi. Boltiq bo‘yidagi davlatlarda millatparvarlar hukumatga kiryaptilar. Bizda esa haliyam Moskvaga qarab chapak chaladiganlar o‘tiribdi. Qarab turasiz, erta-indin Boltiq bo‘yidagi uchchala davlat ajralib chiqadi. Biz o‘tiraveramiz ammamning buzog‘iga o‘xshab.
— Shuni tushuntiribroq aytsangiz bo‘lardi-ku?
— Gapirtirishga qo‘ydimi, Bek akangiz? Yana nuqul «juhud xotiningiz» deydi. Qayoqdan olgan bu gapni, hayronman. Aytib qo‘ying unga, xotinim, Xudoga shukr, muslima!
«Bu gaplar suyak-suyagini zirillatib yuborgan ekan-da, — deb o‘yladi Chuvrindi. — Xotini juhudmi, o‘zbekmi o‘zim ham bilmayman. Bek akam balki boshqa birov bilan adashtirib aytib yuborgandirlar».
— Orzubek aka, siz ulug‘ odamsiz, — deb gap boshladi u.
— Piching qilmang, iltimos.
— Piching emas, rost gap bu, — dedi Chuvrindi samimiy tarzda. — Siz ulug‘ odamsiz. Ulug‘ odam mayda-chuyda gapga o‘ralashmasligi kerak. O‘shanda bek akamning kayfiyatlari chatoq edi. Xotiningizni emas, o‘zingizni ham «juhud» deb yuborishlari mumkin edi. E’tibor bermang u gaplarga. Biz sizni hurmat qilamiz. To‘g‘ri, biz millat uchun sizday jon kuydira olmaymiz. Lekin «millat» deydiganlarni boshimizda ko‘tarib yuramiz. Biz ham tirik jonmiz, bizda ham dard bordir.
Uchoqqa chiqishga ijozat berilgani haqidagi xabar aytilganiga qadar ham Orzubek va Chuvrindi shu xildagi gaplarni gapirib o‘tirishdi. Uchoqda ham bu mavzu davom etdi. Orzubek «shu odamlar tushunsa yaxshi edi», degan fikrda gapirardi. Chuvrindi uning gaplarini aqlan yaxshi tushunardi. Ammo yurakdan his qila olmasdi. Chunki uning qalbi mol-dunyo degan pardaga o‘ralgan, tuyg‘u ko‘zlariga tilla eritib quyilgan edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:18:45

2
Ular Moskvada xayrlashdilar.
Moskvaga kelgan ikki o‘zbek ikki tashvish, ikki dard bilan ajralishdi...
Xongireyning idorasini uch soat deganda topishdi. G‘ilay Shomil bu yerga bir marta kelgan, lekin qaysi ko‘chalardan yurganini eslay olmadi.
— Kayf bor edi, — dedi u o‘zini oqlab, — yuzta quyib bersangiz, moment topaman. Mastlikda kelgan joyni mastlikda topish kerak.
— Bekor aytibsan, bir tomchi ham ichmaysan.
— Qizil maydondan o‘tgandan keyin bir jononning haykali bor edi.
G‘ilayning bu gapi Chuvrindiga kulgili bir sinemani eslatib, ichida kuldi-da:
— Chaykovskiymi? — deb so‘radi.
— Familiyasi esda yo‘q, — dedi G‘ilay.
Chuvrindi bu gapni eshitib baralla kulib yubordi. So‘ng G‘ilaydan ish chiqmasligini anglab, tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib aniqlashtirdi.
Xongireyning qarorgohi ko‘p qavatli uyning uchinchi qavatiga joylashgan edi. Eshik tepasidagi telekamerani ko‘rib Chuvrindi o‘zicha «Zo‘r-ku!» deb qo‘ydi. Qo‘ng‘iroq tugmasini bosishi bilan eshik o‘z-o‘zidan ochildi. Chuvrindi shundagina eshikda tutqich yo‘qligiga ahamiyat berdi. Eshik ochilishi bilan to‘rda o‘tirgan militsiya zobiti kiyimidagi barvasta yigitga ko‘zlari tushib, joylarida qotdilar.
— Kiraver, zemlyak, qo‘rqma, — dedi zobit kavkazcha sheva bilan.
Ular ostona hatlashlari bilan eshik yopildi. Yon xonadan bir yigit chiqib ularni ichkariga boshladi. Yana uch xonani oralab o‘tishgach, Xongireyga ro‘para bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:24:29

— Kel, o‘zbek qardoshim, kel, mening aziz qo‘nog‘im bo‘l, qalbing huzurli o‘lsun, — dedi u o‘rnidan turib.
Chuvrindining nazarida Xongirey soxta lutf ko‘rgazayotgandi. Chunki Xongireyni dastlab ko‘rganida u butkul o‘zgacha vajohatda edi. Mehmonxonada, Asadbek huzurida u kavkazliklarga xos qo‘pol, takabbur bir odamni ko‘rgan edi. Chuvrindi Xongireyga baho berishda yanglishdi. Chunki avval ko‘rganida Xongirey mehmon, hozir esa mezbon martabasida edi. Bu idora Xongireyning uyiday gap. Chechenlar esa uylariga kelgan har qanday mehmonni izzat qiladilar, unga lutf ko‘rsatadilar.
Ular o‘tirishgach, qaldirg‘och mo‘ylovli xushsurat yigit choy keltirdi. Bir-ikki ho‘plam choy ichganlaridan so‘ng Xongirey tilga kirdi:
— Xo‘sh, Asad qardoshim nechukdir? Avval ko‘rganimda xasta edi. Sog‘-omonmi?
Xongirey «xasta edi», degan so‘zlarga urg‘u berib, ahvoldan xabardor ekaniga ishora qildi.
— Sizga salom dedilar, yaxshilar, — dedi Chuvrindi.
— Sog‘ bo‘lsin, qardoshim. Xo‘sh, meni nima uchun qidirdilaring?
— Qidirganimizning boisi... — Chuvrindi uning o‘tkir nigohlariga dosh berolmay ko‘zlarini pastga qadab oldi. — Bir odamingiz Hosilni izlab borgan ekan. Bilganlarimizni o‘zingizga aytgani atayin keldik.
— Nima, mening odamimga ishonmadilaringmi? — dedi Xongirey bir oz dag‘al ohangda.
— Ishonishga ishonamiz. Lekin bo‘lgan voqeani o‘zingiz eshitsangiz yaxshi bo‘ladi. Vositachiga aytilgan gaplarga yo bitta so‘z qo‘shilishi yoki tushib qolishi mumkin.
— U vositachi emas, u — vakil! — dedi Xongirey.
— Ha, albatta, sizning vakilingiz, — deb xatosini tuzatdi Chuvrindi.
— Qani ayt-chi, Asadning vositachisi, nima bo‘ldi?
— Hosilni noma’lum odamlar o‘g‘irlashgan.
— O‘g‘irlashgan? — ajablandi Xongirey. — Shunday odamni o‘g‘irlash mumkin ekanmi?
— Mana bu kishi — Hosilning eng yaqin odami. Ular shaharda ketishayotganda ikkita mashina siqib to‘xtatgan. Odamlar Hosilni tushirib olib ketishgan.
— Tushunarli, demak, noma’lum odamlar. Hosil lapashang esa qarshilik ham ko‘rsata olmagan.
— Ular guvohnoma ko‘rsatishibdi.
— Qanaqa guvohnoma? — Xongirey shunday deb G‘ilayga o‘qrayib qaradi.
— «KGB»niki, — dedi G‘ilay.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:25:06

— «Qaysi «KGB?» — dedi Xongirey undan nigohini uzmay.
— Qaysiligini bilmayman. «KGB» deganini eshitdim.
— Familiyasini-chi, eshitmadingmi? «Andropov» emas ekanmi? — deb kesatdi Xongirey.
Bu pichingni fahmlash uchun G‘ilayda farosat yetmas edi. Shu sababli familiyani eslamoqchi bo‘lganday go‘yo o‘ylandi-da:
— Familiyasi esimda yo‘q, — dedi aybdor odam ovozida.
— Sen yaqin odami emassan! — dedi Xongirey keskin ohangda.
— Xudo ursin, bolaligidan yonidaman. Bir marta kelganman bu yerga. Sizga tilla haykalcha olib kelganmiz. Men ko‘chada edim, sizni ko‘rmaganman.
— Bekor aytibsan, g‘ilay! Menga hech kim tilla haykalcha olib kelmagan. Sen Hosilning odami emassan, sen qo‘shmachisan.
— Nega ishonmaysiz? — dedi zorlanib G‘ilay. Uning ko‘ngli ish yomonlik tomon burilayotganini sezib, g‘ashlandi.
— Ikkita sababi bor: birinchisi — ahmoq odam Hosilning yaqin odami bo‘lolmaydi; ikkinchisi — sen uni himoya qilmagansan!
Shu yerda Xongirey yanglishdi. Hosil atrofiga ko‘proq ahmoqlarni to‘plagandi. O‘ziga bino qo‘ygani uchun ham «Menga aql so‘qadiganlar kerak emas», derdi.
— Imkoniyat bo‘lmadi, — dedi G‘ilay ko‘zlarini pirpiratib.
G‘ilay Shomil biror kimsani siquvga olganida uning ko‘zlarini pirpiratib, yalinishini xushlardi. Ko‘zlarning pirpirashi, yoshlanishi ba’zan samara berar, ba’zan esa pirpirab-pirpirab charchab, manguga berkilardi. Ana shunday odamning ko‘zlari hozir o‘zi sezmagan holda pirpirardi... Qarshisidagi odamniki esa aksincha, quvvat manbaidan uzib qo‘yilgan robot singari qotgan, hatto kiprik ham qoqmas edi.
— Xo‘jayinni saqlab qolish uchun imkonni senga kim berishi kerak edi. Tur o‘rningdan, choy ichishdan avval aft-basharani yuvish kerak.
G‘ilay «nima qildik?» deganday Chuvrindiga qaradi. Undan «Tur, deganidan keyin tur», degan ishora bo‘lgach, amrga bo‘ysindi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:25:25

Dam o‘tmay narigi xonada nimadir taraqladi, so‘ng kimdir ixrandi, keyin kimdir gursillab yiqildi.
Xongirey indamay o‘tirdi. Chuvrindi esa nima voqea yuz berganini taxminan chamalab, sabr bilan kutdi. Narigi xonadagilar tinchigach, choy keltirgan yigit ko‘rindi-da:
— Vannaxonada oyog‘i sirg‘anib yiqilib tushdi. Hammasi joyida, yuvinyapti, — deb xo‘jayiniga axborot berdi.
— Ha, — dedi Xongirey Chuvrindiga sinovchan tikilib. — Bizning vannaxonalar sirg‘anchiq. Bilib oyoq tashlamasang, mayib bo‘lishing hech gapmas.
Xongirey ma’noli ohangda shunday deb jim bo‘ldi. Ammo nigohini Chuvrindidan uzmadi. Chuvrindi o‘zini yo‘qotmadi. Nigohini yashirishga urinmadi.
— Demak, Hosilni o‘g‘irlashdimi? — dedi nihoyat Xongirey.
— Ha, o‘g‘irlashibdi.
— Xo‘p, men bunga ishondim, deylik. Xo‘p, senlar meni ahmoq qildilaring ham deylik. Xo‘sh, senlar bundan nimani yutasanlar?
— Biz sizni ahmoq qilmoqchi emasmiz. Hosilning yo‘qolishidan bizga manfaat ham yo‘q. Uning mol-mulkiga ko‘z tikkan emasmiz. Biz o‘z-o‘zimizcha ishlar edik. Bir-birimizga sira halaqit bermaganmiz, aksincha, ko‘maklashardik. Hosil Bek akamning shogirdlaridan hisoblanardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:25:42

— Ha... yaxshi — shogird, yaxshi — ustoz, — deb Xongirey stolni chertib qo‘ydi. — Bilib qo‘y: senlar bitta xato qildilaring: bu yerga kelmasliklaring kerak edi. Senlar meni ishontirmoqchi bo‘lyapsanlarmi? O‘q ilon aqlini yo‘qotib qo‘yibdi. Yo sen laqmalar uni yo‘ldan uryapsanlarmi? Men uning kasalini bilaman. Lekin o‘lgunicha nima qilmoqchi? Maqsadi nima? Ayt, sendan so‘rayapman?
— Bilmayman, — dedi Chuvrindi.
— Sen... bilmaysanmi?
— Keyingi paytda, kasallarini bilib, g‘alati bo‘lib qolganlar. Maqsadlari aniq emas.
— Hosilni o‘ldirmadimi?
— Yo‘q. Nega Bek akamdan gumonsirayapsiz?
— Men gumonsiramayman... Men har bir narsani aniq bilaman. Agar laqma bo‘lsam, o‘risning poytaxtida hukm surmas edim. Men senlarda nimalar bo‘lib turganini bilib turaman. Men Kremldan ham sezgirroqman, kallangga tugib ol. Sen Asadning maqsadidan bexabar ekansan. Bunga, men laqma, ishondim. Shuni hisobiga endi ayt: Kozlov qaerda?
— Kozlov? — Chuvrindi yelkasini qisdi. — Biz uni Krasnoyarda ko‘rgan edik. Shundan beri daragi yo‘q.
— Qiziq... «daragi yo‘q», degin? Daragi yo‘q odamga vagonda musallas yubordilaringmi?
— Yubordik, — deb tan oldi Chuvrindi.
— Men, aloqa qilmalaring, deb ogohlantirsam ham yubordilaringmi?
— Shartnoma avvalroq bo‘lgan edi.
— O‘sha shartnomangga, — Xongirey bu yog‘iga chechenchalab nimadir dedi. Chuvrindi uning nimani nazarda tutganini o‘zicha taxmin qildi.
— Xo‘sh, — deb davom etdi Xongirey ruschalab. — Shuncha molni yuborishga yuborib qo‘yib, uning taqdiri bilan qiziqmadilaringmi?
— Qiziqyapmiz.
— Xo‘sh?
— Mol qo‘lga tushgan. Mol yuborganlarni Moskva prokuraturasidan odamlar borib qamashgan.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:26:04

— Bilganing shumi?
— Ha.
— Unda kallangga mixlab ol, Asadga ham borib ayt: bu mening ishim edi. Prokuraturadan borganlar menga tegishli odamlar. Agar istasam avra-astarlaringni ag‘darib tashlayman. Agar istasam, hammang Butirkada* chiriysan, agar marhamat qilsam, ularni ertagayoq chaqirtirib olaman. Xo‘sh, qaysi biri ma’qul?
— Sizga marhamatli bo‘lish yarashadi, — dedi Chuvrindi jilmayib.
— Ayyor ekansan. Sen ayt: o‘zingga qaysi biri ma’qul?
— Uchinchisi. Hamma ishning tinch yo‘l bilan hal bo‘lgani durust. Chunki biz, hammamiz bir olamning odamlarimiz.
— Ha... chiroyli gapirding. Ammo sen «Biz hammamiz jinoyat olamining odamlarimiz», deb nazarda tutding, shunday emasmi? Axir hamma bizni jinoyatchi deb hisoblaydi-ku?
— Umuman olganda shunga yaqinroq, — deb tan oldi Chuvrindi.
— Senlarning kaltabinliklaring ham shunda. «Biz bir dunyoning odamlarimiz» — qaysi ma’noda, bilasanmi?
— Siz ayting.
— Biz hammamiz musulmonmiz. Bir qavmdanmiz. Biz bir ota-onaning farzandlarimiz. Anovi qizil devor ortidagilarning ota-bobolari bizlarning yurtlarimizni oyoqosti qilishdi, mozorlarimizni bulg‘ashdi, qizlarimizni badnom qilishdi. Yana yuz yil, yana ming yil, yana qiyomatga qadar shunday qilishmoqchi. Agar mening bobolarim jannatda bo‘lishsa men ularning ko‘zlariga ko‘rinishdan uyalib, do‘zaxga qochaman. Men o‘ch olmasdan yashay olmayman. Biz kichkina xalqmiz. Bularni butunlay yenga olmaymiz. Lekin biz ularni titrab, qo‘rquvda yashashga majbur qilamiz. Bizlarning yurtimizni bosib olgani uchun ular bobolarini la’natlab o‘tishlari kerak! Men agar istasam, ertaga Kremlini portlatib yuborishim mumkin. Lekin bundan menga nima foyda? Muhimi— ularga so‘zimni o‘tkaza olish! Men bunga asta-sekin erishyapman. Buning uchun menga kuch kerak. Buning uchun sen aytgan olamning birlashuvi kerak. Hosil shuning tarafdori edi. Lekin sening xo‘jayining — eshshakday qaysar, buni istamaydi. U ahmoq qizil devor ichidagilarga qulluq qiladi. Men esam ular ustidan hokim bo‘laman, qarab turasan hali. Hosilni senlar yo‘q qildilaring. Lekin men senlarga qarshi urush ochmayman. Chunki senlar o‘zbek qondoshlarimsan. Bilasanmi, men nima uchun o‘zbekni yaxshi ko‘raman. Chunki o‘zbekni ustozim yaxshi ko‘rardi. Bilasanmi, ustozim kim — Akademik!— Xongirey shunday deb ko‘rsatkich barmog‘ini faxr bilan havolatdi. — Eshitganmisan?

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:26:34

— Ko‘rganman.
— Qaerda?
— Bek akamnikida. «Farg‘onada bir g‘alva boshlanadigan, aralashinglar», deb kelgan ekan.
— Ha, u shunaqa edi. Burnini siyosatga tiqqan edi, o‘ldi. Uni men ham asrab qololmadim. Uch harf* mendan kuchlilik qildi. Sen ajablanma, «Kremlni portlatishni o‘ylagan odam ustozini qutqarib qololmadimi?» dema. Kreml — bugunning ishi emas. Bir kunmas bir kun portlaydi. Mening qo‘limdan kelmasa, o‘g‘lim, bo‘lmasa nevaram qiladi bu ishni.
Xongirey shunday deb sovub qolgan choydan bir ho‘pladi. Tin oldi. So‘ng gapini davom ettirdi:
— Bir paytlar o‘zbeklar chechenlarga joy bergan, non bergan. Zelixon aytgan: kafanligini ham bergan ekan. Shuning hurmatiga senlarga qarshi urush ochmayman. Men katta ishlarga qo‘l urayotganimda yonimda ishonchli hamrohlar bo‘lishini istayman. Bilib qo‘y:  senlar to‘dakashliklaring bilan menga hamrohlikka yaramaysanlar. Bu ahvolda senlar bir-birlaringni qo‘llamaysan, shuning uchun yigitlaring ham bir-birlariga yelka tutmaydi. Hech bo‘lmaganda bir-birlaringni hurmat qilishni bilmaysanlar, kerak bo‘lsa, bo‘riday g‘ajiysanlar. Shuning uchun ham katta kuch bo‘la olishlaringga qaramay, mayda kuchlar oldida egilib kun ko‘rasanlar. Yana shuni bilib qo‘yki, ahil yashamas ekansanlar, bir kissavurday, bir mayda boqqolday xor bo‘lib yuraverasanlar.
Xongirey Chuvrindi uchun kutilmagan gaplarni so‘zlardi. Hozir u butun mamlakatdagi to‘dalarga hukmini o‘tkazishni istaydigan amirga emas, balki talabalarga ma’ruza qilayotgan falsafa muallimiga o‘xshardi. Chuvrindining nazarida Xongirey o‘z fikrlarini bayon qilmas, balki kimdir yozib bergan gaplarni aytardi. Shu sababli uning aytganlari g‘ayritabiiy tuyulib, o‘rnida bir qimirlab oldi.
— Nimaga bezovtalanayapsan? — Xongirey shunday deb so‘radi-da, o‘rnidan turib kerishdi. — Sherigingni sog‘inyapsanmi?
— Ha, yuvinishi cho‘zilib ketdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:26:44

— Yuvinishimi?.. Hali uzoq cho‘ziladi. Aniqrog‘i, qiyomatgacha.
— Hozir shartmidi? — dedi Chuvrindi norozi ohangda.
— Hozirmi? Mutlaqo shart emas. Uni o‘ldirishdi deb o‘ylayapsanmi? Kallang bormi, o‘zi? Idorada, uyda odam o‘ldiradimi? Eshitding-ku, yiqilib tushibdi. U endi dam olsin. Sen ham Moskvada uch-to‘rt kun o‘yna. Qachon ketishingni o‘zim aytaman.
— Shomilga rahm qiling. U xo‘jayiniga sodiq edi.
— Bekor aytibsan! Sodiq bo‘lsa xo‘jayinini oldirib yurmaydi. Ahmoq bo‘lmasa, mening oldimga guvohlikka keladimi? Sen globusni ko‘rganmisan?
Mavzuning bu qadar o‘zgarishi boisiga tushunmagan Chuvrindi ajablanganini yashirmay:
— Ha, — dedi.
— Globus bir tomonga og‘ib turibdi, a? Nimaga, bilasanmi? Yer yuzida ahmoqlar ko‘payib ketgan. Yerni to‘g‘rilash uchun ahmoqlarni kamaytirish kerak. Hech bo‘lmasa bittasini kamaytirib turaylik. Uning tirik qolganidan senga nima foyda? Hosilga hiyonat qilgan senga yararmidi? Uning masalasi hal. Sen qaytishda bir o‘zing uchasan. Ketguningcha birovga, ayniqsa, Asadga telefon qilma. Biz senga mehmonxonadan joy hozirlab qo‘yganmiz. Hamma narsa tayyor. Hattoki eng zo‘r jonon ham. Ko‘chaga chiqmay, maishat qilaverasan. Chiqimi — bizdan.
Chuvrindi huquqshunoslar tili bilan aytilganda «Uy hibsxonasi»ga hukm qilinganini angladi. Xongireyning bundan qanday maqsadni ko‘zlaganini esa bilolmay garangsidi.
— Menga boshqa gaping yo‘qmi? — dedi Xongirey uning o‘ylanganini ko‘rib.
— Bor, — dedi Chuvrindi, xayolini jamlab. — Bir iltimosim bor.
— Ayt.
— Jamshid degan yigit bor...

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:26:58

— Ha, aytmoqchi, Asadning kuyovini otib ketishibdimi? — dedi Xongirey uning gapiga e’tibor ham qilmay.
— Shunaqa bo‘ldi.
— Kimligini bilmassan?
— Bilmayman.
— Qizi narkomanka emishmi?
— Shunaqa edi, boshlanishida sezib qoldik. Davolanyapti.
— Hosil menga bir qiziq videokasseta berib yuborgan ekan, vaqti kelsa senga ko‘rsataman. Ha, Asad nima uchun Jamshidni o‘ldirmoqchi edi?
— Buni hech kim bilmaydi. Hatto Jamshidning o‘zi ham bilmaydi. Jamshid o‘g‘lidek qadrdon edi Bek akamga.
Chuvrindi yana yolg‘on so‘zladi. Unga taxminan bo‘lsa-da, ma’lum edi. Faqat taxminini bu odamga aytishni istamadi. Sir — ko‘p hollarda sirligicha qolgani ma’qul. Chuvrindining aqidasi shunday edi.
Chuvrindi Moskvada besh kun qolib ketdi. Boshqacha aytganda, besh kun «mehmonxona qamog‘ida» bo‘ldi. Xongirey va’dasining ustida turdi — sharoit oliy maqomda yaratildi. Har kuni choyshab, yostiqlar, soqchilar almashtirilgani kabi, jononlar ham o‘zgarib turdi. Bir tomondan Chuvrindining ko‘ngliga maishat sig‘magani, ikkinchi tomondan biron marazni yuqtirib ketishdan cho‘chib, ularga yaqinlashmadi. Umid bilan kelgan fohishalar divanda yolg‘iz yotib tong ottirdilar. Chuvrindi uzatgan pulni olmay, lablarini burib «He, erkak bo‘lmay o‘l», deganday chiqib ketdilar.
G‘ilayning taqdiri Chuvrindiga picha ayon bo‘lsa-da, o‘ziniki qorong‘i edi. Xongirey uni Butirkada chiritmas-u, ammo o‘ris qabristonidagi chirib yotgan birorta murda yoniga joylab qo‘yishi mumkin. Lekin u nimani kutyapti? Chuvrindiga shu tomoni qorong‘i edi.
Holbuki, uning nimani kutayotganini bilish qiyin emas — u vakilining qaytishini kutardi. Shuning qatorida prokuraturadan borganlarning ishi natijasi ham uni qiziqtirayotgan edi. Arina Bergerning hamma yoqni ostin-ustin qilib yuborganini eshitib mamnun bo‘ldi. SSSR prokuraturasida so‘zi o‘tadigan «ko‘p hurmatli o‘rtoq»qa telefon qilib, Bergerni hozircha chaqirib turishni, Kozlov topilgach, ishni qayta boshlashni iltimos qildi.

Qayd etilgan