Hazrat Ali (r.a.) «Men borman, boshqasi yo‘q» deb iddao qilmas edi. Chunki Rasululloh (s.a.v.)ning so‘nggi kunlarida amakivachchasi hazrat Abbos bilan bo‘lgan bir voqea hadis kitoblaridan joy olgan. Birgalikda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) huzurlaridan chiqqach, hazrat Abbos unga qarata shunday degan edi:
- Men Hoshim o‘g‘illari o‘layotganda yuzlarida qo‘rgan ifodamni Rasululloh (s.a.v.)ning yuzlarida ham ko‘rdim. Bir-ikki kun ichida vafot etadilar, deb taxmin qilyapman. Kel, birgalikda huzurlariga kiraylik, musulmonlarni boshqarishni kimga qoldirishlarini bilaylik. Shoyad bizga qoldirsalar. Agar shunday bo‘lsa, hujjatlashtiramiz. Agar bizdan boshqasiga qoldirishni o‘ylasalar, uni bizga qoldirishlari uchun ishontirishga harakat qilamiz, — degan edi.
Hazrat Ali (r.a.) esa:
- Yo‘q, men bu mavzuni Rasululloh (s.a.v.)dan so‘ramayman. Agar xalifalikni bizga qoldirmasalar, insonlar bu ishni bizga aslo topshirmaydilar, — deb qarshilik ko‘rsatganlar.
Hazrat Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Xaybar jangida bayroqni turli kimsalarga bergandilar. Holbuki, xastalik paytlarida o‘n yetti vaqt namoz faqat hazrat Abu Bakr (r.a.) tomonidan o‘qittirildi. Rasululloh (s.a.v.) istaganlarida bu vaqt ichida turli odamlarni imomlikka qo‘yar edilar. Hazrat Ali (r.a.) bu yerdagi noziklikni anglamay qolmasdi.
Hazrat Ali (r.a.)ga Payg‘ambarimiz (s.a.v.) taraflaridan xalifalik maxfiy ravishda topshirilganligi, bu haqida bir vasiyat topilganligi haqidagi asossiz rivoyatlarga ishonmaslik kerak. Haqiqatan shunday bir vasiyat bo‘lsa, hazrat Ali (r.a.) bu vasiyatni amalga oshirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilardi. Hech bo‘lmaganda, masjidda barcha mo‘minlarning huzurida izoh bergan bo‘lardi. Holbuki, bu mavzuda hazrat Ali (r.a.)dan bizga biror rivoyat yetib kelmagan. Agar Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday vasiyat qilgan bo‘lsalar-u, hazrat Ali (r.a.) buni umr bo‘yi sir tutgan bo‘lsalar, unda uni xoinlikda ayblash kerak bo‘ladi. Biroq hech bir musulmonning hazrat Ali (r.a.) haqida bunday fikr yuritishi joiz emas. Hayoti davomida Rasululloh (s.a.v.)ga sodiqligini jonini tikib isbotlagan hazrat Ali (r.a.) hech qachon bunday holatga tushib qolishi mumkin emas.
Xullas, hazrat Ali (r.a.)ga xalifalik berilsa «yo‘q» demasdi, ammo u berilmagani uchun islom ummatini rohatsiz etadigan va ularga zarar yetkazadigan harakatlar qiladigan inson emas edi. U bu maqomga haqiqatan ham Abu Bakr (r.a.)ni loyiq ko‘rmoqda edi. Shuningdek, o‘ttiz yildan keyin o‘lim to‘shagida ekan, «O’rningga bir xalifa tayinlamaysanmi?» deganlarga «Rasululloh (s.a.v.) xalifa tayinlamaganlarida men tayinlayinmi?, - deb javob bergan edidar.
Faqat Allohgina insonlar uchun yaxshilik istasa, ularni yaxshi bir insonning atrofida birlashtiradi. Shuningdek, Rasululloh (s.a.v.)dan so‘ng ham insonlarni bu ummatning eng yaxshisi atrofida birlashtirgandi. Agar hazrat Ali (r.a.) bu mavzuda juda havasli, mukkasidan ketgan inson bo‘lganda edi, Abu Sufyon tomonidan kiritilgan taklifni qabul qilar, uning to‘plagan qo‘shini bilan hazrat Abu Bakrga qarshi chiqqan bo‘lardi. Lekin, u imoniga qarshi bormadi.