Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 440824 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 ... 111 B


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:47:26

101-bob. (Qavm dushmandan xavotir olib), sarosimaga tushganda imomning barchadan ilgari (xavf sezilgan tomonga ot choptirib) bormog‘i haqida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Madinada to‘s-to‘polon bo‘ldi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Talhaning otiga minib, (barchadan ilgari xavf sezilgan tomonga) ketdilar. (Qaytib kelgach): «Biz (ul yerda) biror xavfu-xatar borligini ko‘rmadik, (ammo) manavi otning dengiz (oqimi yanglig‘ bir tekis yurishini) bildik!»— deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:47:53

102-bob. (Qavm dushmandan xavotir olib), sarosimaga tushganda shoshilish va (ot) choptirish haqida

Bu yerda yuqoridagi hadis mazmunan takrorlangan.

103-bob. Sarosima (to‘s-to‘polon) vaqtida yakka o‘zi (ot choptirib) ketmoq haqida

Bu yerda hadis keltirilmagan bo‘lib, yuqoridagi hadis takrorlanishi kerak edi.

104-bob. (Kishining) Olloh taolo yo‘lida (uz mol-mulkidan kambag‘al mujohidlarga) in’omlar qilmog‘i hamda (ulovi yo‘q mujohidlarni o‘z otlariga) mindirib yubormog‘i haqida

Mujohid raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Ibn Umarga: «G’azotga (tayyorgarlik ko‘rayotirman)», — dedim. Ibn Umar: «(Unday ersa), men molimdan bir qismini senga in’om qilib, yordam qilayin!» — dedi. Men: «Boylikni menga Olloh taolo ato etsin!» — dedim. Ibn Umar: «Gar Olloh taolo senga boylik ato etadirgan bo‘lsa, mening molimdan olib, ato etsin!» — dedi. Shunda Hazrat Umar: «Darhaqiqat, ba’zi odamlar jihod qilish uchun bu moldan oladilar-da, jihodga chiqmaydilar. Biz shunday qilguvchilardan olgan molini (tortib) olishga haqlimiz», — dedilar».

Tovus va Mujohid: «Agar senga Olloh taolo yo‘lida jihod qilmog‘ing uchun biror narsa in’om qilingan bo‘lsa, uni xohlaganingcha tasarruf qil, xohla uni oilang oldiga qo‘y!» — deyishadi.

Ushr ibn al-Xattob raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men (ulovi yo‘q bir kishiga) Olloh taolo yo‘lida ot (in’om qilib, uni unga) mindirib yubordim. Keyin, o‘shal otning sotilayotganini ko‘rib qolib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan: «Uni sotib olayinmi?» — deb so‘radim. Shunda ul zot: «Uni sotib olma, sadaqangni qaytarib olma!» — dedilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis takrorlangan.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Agar mening ummatimga mashaqqatim bo‘lmaganida erdi (ya’ni, «Men g‘azotga chiqadirgan bo‘lsam, ummatimning nochor ahvoldagi qismi ham, garchi qiynalsalar-da, xijolat chekkanlaridan men birla chiqurlar. Agar shunday bo‘lmaganida erdi), g‘azotga otlangan qo‘shindan qolmas erdim. Lekin men ularni mindirishga na biror ot va na biror ulov topa olmasman, men g‘azotga ketib, ularning (nochorliqdan) uylarida qolishlari meni ko‘p qiyin ahvolga solur. Olloh taolo haqi, men: «Parvardigor yo‘lida shahid bo‘lib, so‘ng tirilsam, yana shahid bo‘lib, yana tirilsam, so‘ng yana shahid bo‘lsam!» — deyman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:48:12

105-bob. (Jihodda mujohidga xizmatkorlik qilmog‘i uchun yoxud jang qilmog‘i uchun) yollangan kishi haqida

Hasan va Ibn Sirin raziyallohu anhumo: «Jihodda mujohidga xizmatkorlik qilmog‘i yoxud o‘zi shaxsan jang qilmog‘i uchun) yollangan kishiga (jantda olingan) o‘ljalardan ulush beriladi», — deyishadi.

Atiyya ibn Qays raziyallohu anhu jangda olingan o‘ljalardan odatda boshqa otlar uchun beriladirgan ulushning yarmini berish sharti birlan bir otni birovdan ijaraga oldilar. (Jangdan so‘ng, o‘ljalar taqsimlanayotganda o‘shal) otning ulushi to‘rt yuz dinorga yetdi. Shunda, Atiyya (shartga ko‘ra), ikki yuz dinorni o‘zlariga olib qolib, (qolgan) ikki yuz dinorni otning egasiga berdilar.

Ya’lo ibn Umaiya raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Tabuk g‘azotiga chiqdim. (Keksaligim boisidan ulovim va narsalarimga qarab yursin, deb) bir kishini o‘zimga xizmatkorlikka yelladim. (U mendan o‘zining xizmat haqi qanchaligini so‘radi). Men: «Uch dinor», — dedim. Shunda u (achchig‘lanib) bir kishi birlan (ya’ni, Ya’loning o‘zlari birlan) urishib ketdi. Natijada, urushayotganlarning biri (ya’ni, Ya’loning o‘zlari) ikkinchisining qo‘lini tishlab oldi. Qo‘li tishlangan kishi (ya’ni, yollangan kishi) tishlab olgan kishining og‘zidan qo‘lini tortib olgan erdi, uning kurak tishi sug‘urilib chiqdi. Keyin, (tishi sug‘urilib chiqqan kishi) Janob Rasulullohning qoshlariga borib, tishini (oldilariga) quydi. Shunda ul zot: «Qulini senga uzatsa, ayg‘ir kabi tishlab olasanmi?!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:48:21

106-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bayroqlari haqida

Sa’laba ibn Abu Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Qays ibn Sa’d al-Ansoriy raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bayroqdorlari (alambardorlari) erdi. U haj qilmoqni niyat qilib, piyoda yo‘lga tushdi».

Salama ibn al-Akva’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ali raziyallohu anhu ko‘zlari og‘rib qolib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Xaybar g‘azotiga chiqolmadilar. (O’shanda) ul kishi: «Men Janob Rasululloh birlan birga chiqolmayman» — deb erdilar. Keyin, (Janob Rasululloh chaqirtirgach), Xaybarga kelibdilar-da, ul zotga uchrashibdilar.

Tonggida (Xaybar) fath qilingan kuni kechqurun Janob Rasululloh: «Men ertaga bayroqni Olloh taolo birlan uning Rasulini sevguchi kishiga (yoki Olloh taolo birlan uning Rasuli sevguchi kishiga) berurman, Olloh taolo uning quli birlan (Xaybarni) fath qilur» — deb marhamat qildilar. Shu payt biz Hazrat Alining kelayotganlarini ko‘rdik, ul kishi keladilar, deb uylamagan erdik. Odamlar: «Ana, Ali kelayotir», — deyishdi. Janob Rasululloh bayroqni Hazrat Aliga berdilar, Olloh taolo ul kishining qullari birlan (Xaybarni) fath etdi».

Nofi’ ibn Jubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Abbosning Zubayrga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bayroqni hov anavi yerga urnatishingni amr qildilar» — deb aytganini eshitdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:48:32

107-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Men (dushmanlardan) bir oylik masofa narida bo‘lsam-da, (qalblariga) gulg‘ula solinib, g‘olib qilindim» — deb aytganlari haqida

Olloh taoloning qavli: «Endi Biz kofirlarning dillariga g‘ulg‘ula solurmiz» («Oli Imron» surasi, 151-oyat).

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men suzlar majmuasi (ya’ni, Qur’on va sunnat) birlan yuborildim hamda (dushmanlardan bir oylik masofa narida bo‘lsam-da, qalblariga) g‘ulg‘ula solinib, g‘olib qilindim. Uyquda erkanligimda menga Yer xazinalari kalitlari ato etilib, qo‘llarimga qo‘yildi» — deb marhamat qildilar. Janob Rasululloh vafot etib, mana endi sizlar ul xazinalarni kavlab olayotirsizlar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Sufyon menga xabar qildilarki, Hiraql Iliyada ekanligida odam yuborib, ul kishini (hamrohlari birlan birga) o‘z huzuriga taklif qilibdi. So‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning maktublarini keltirishni amr qilibdi. «Maktub uqib bo‘lingach, — deydilar Abu Sufyon, — Hiraqlning huzurida g‘ala-g‘ovur ko‘tarilib, biz (saroydan) chiqarib yuborildik. Tashqariga chiqqanimizda men hamrohlarimga: «Abu Kabsha o‘g‘lining (ya’ni, Janob Rasulullohning) ishlari nihoyatda ko‘chayib ketdi, hatto Banu Asfar (ya’ni, rumliklar) podshohi ham ul zotdan qo‘rqayotir», — dedim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:48:44

108-bob. G’azotga (safar) ozuqasi birlan chiqmoq haqida

Olloh taoloning qavli: «Yo‘l uchun ozuqa olingizlar va ozuqaning yaxshisi taqvodur!» («Baqara» surasi, 197-oyat).

Asmo raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilmoqni iroda qilganlarida men (otam) Abu Bakrning uylarida ul zot uchun safar ozuqasi tayyorladim. Ammo, na xurjunlarining va na meshlarining og‘zini bog‘lashga narsa topmadim. Shunda (otam) Abu Bakrga: «Olloh taolo haqi, bog‘lashga kamarimdan bo‘lak narsa topmadim», — dedim. Abu Bakr: «Kamaringni ikkiga bo‘lgil-da, bir bo‘lagi birlan meshning va ikkinchi bo‘lagi birlan xurjunning og‘zini bog‘la!» — dedilar. Men aytganlaridek qildim. Shul boisdan men «Ikki kamar degan nom oldim».

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu: «Rasulloh sallallohu alayhi va sallamning zamonlarlda qurbonlik qilingan jonliqlar go‘shtini Madinaga (qaytayotganimizda) safar uchun ozuqa qilib olar erdik», — deydilar.

Suvayd ibn an-Nu’mon raziyallohu anhu xabar qiladilarki, ul kishi Xaybar (g‘azoti) yili Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga yo‘lga chiqibdilar. Sahbo degan yerga yetishganda asr o‘qishibdi. So‘ng, Janob Rasululloh yegulik keltirmoqni amr qilibdilar. Shunda ul zotga saviq (bug‘doy yoki arpa uni yoxud ulardan tayyorlangan bo‘tqa)dan bo‘lak yegulik keltirishmabdi. «Biz, — deydilar Suvayd, — o‘shal bo‘tqadan yedik, ichdik. So‘ng, Janob Rasululloh urinlaridan turib, og‘iz chayqadilar, biz ham og‘iz chayqadik. Keyin, namoz o‘qidik».

Salama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(G’azotlardan birida) odamlarning yo‘l ozuqasi oz qolib, nochor ahvolga tushib qolishdi. Shunda ular Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga kelishib, tuyalarini so‘yishga ruxsat so‘rashdi. Ul zot ularga ruxsat berdilar. Keyin, Hazrat Umar ularni uchratib erdilar, ul kishiga shul haqda aytishdi. Shunda Hazrat Umar ularga: «Tuyalaringizni so‘ygach, ne qilgaysizlar? (Axir, piyoda yuraverib, halok bo‘lgaysizlar-ku!)» — dedilar-da, Janob Rasulullohning huzurlariga kirib: «Yo Rasulalloh, tuyalarini so‘ygach, ne qilgaylar?» — deb aytdilar. Janob Rasululloh: «Odamlarga ma’lum qilingiz, safar ozuqalaridan neki qolgan bo‘lsa, hammasini olib kelishsin!» - dedilar. So‘ng, (erga) bir charm palos to‘shalib, odamlardagi safar ozuqasidan neki qolgan bo‘lsa, hammasi uning ustiga qo‘yildi. Keyin, Janob Rasululloh o‘shal to‘plangan yeguliklarga baraka tilab duo qildilar, so‘ng odamlarga: «Idishlaringizni olib kelingizlar!» — dedilar. Odamlarning barchasi palos ustidagi yeguliklardan hovuchlab-hovuchlab olishdi, hatto olmagan biror kishi qolmadi. Keyin, Janob Rasululloh: «Ollohdan bo‘lak tangri yo‘qligiga hamda o‘zimning Ollohning rasuli ekanligimga shahodat keltirurman!» — dedilar (ya’ni, mu’jiza sodir bo‘lganiga ishora qildilar)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:48:53

109-bob. Safar ozuqasini gardanga ortib olmoq haqida

Jobir raziillohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz uch yuz kishi bo‘lib (g‘azotga) chiqdik, safar ozuqalarimizni gardanimizga ortib olgan erdik. Keyin, safar ozuqamiz oz qolganidan bir kishi (bir kunda) bir dona xurmo yeydirgan bo‘ldi» —deb erdim, bir kishi: «Ey Abu Abdulloh, (bunday sharoitda) birov bir dona xurmoni ham tushirib qoldirarmidi?!» — dedi. Men: «Yo‘qotib qo‘yganimiz zahotiyoq uni (qidirib) topib olar erdik», — dedim. «Keyin, biz, — deya davom etdim men, — shu ahvolda dengiz sohiliga yetib bordik, qarasak, dengiz bir hutni sohilga chiqarib tashlabdi. Biz o‘shal hutni o‘n sakkiz kun yeb, ancha o‘zimizga keldik».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:49:02

110-bob. Ayolni birodari ortiga (tuyaga) mingashtirmoq haqida

Ibn Abu Mulayka raziyallohu aihu rivoyat qiladilar: «Oisha raziyallohu anho: «Yo Rasulalloh, sahobalaringiz haj va umra savobiga erishib qaytishayotir, men ersam faqat haj qila oldim, xolos», — dedilar. Janob Rasululloh: «Borgil, (birodaring) Abdurrahmon seni (tuyasiga) mingashtirib olsin!» — dedilar-da, Abdurrahmonga Oisha onamizni Tan’imdan boshlab umra qildirmoqni amr qildilar. Keyin, Janob Rasululloh Oisha onamizni umra qilib kelgunlaricha Makkaning yuqori tomonida kutib turdilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis mazmunan takrorlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:50:25

111-bob. G’azot va hajda (hamrohining otiga) mingashib olmoq haqida

Anas raziyallohu anhu: «Men Abu Talhaning (otiga) mingashib olgan erdim, barcha sahobalar haj va umraga talbiya aytib borishar erdi», — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:50:33

112-bob. Eshakka mingashmoq haqida

Urva raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘zlari eshakning ustidagi to‘qimga o‘ltirib, Usomani ortlariga mingashtirib oldilar».

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Fath kuni (dastyorlari) Usoma ibn Zaydni tuyalariga mingashtirib, Makkaning yuqori tomonidan kirib keldilar, (muazzinlari) Bilol birlan Ka’ba xizmatchilaridan (ya’ni, Ka’ba kaliti qo‘lida bo‘lgan kishilardan) Usmon ibn Talha ham (eshakda) ul zotning ortlaridan ketma-ket kirib kelishdi. Janob Rasululloh tuyalarini Al-Masjid (al-Harom)da cho‘ktirdilar. So‘ng, Usmonga Baytullohning kalitini olib kelmoqni amr qildilar. (U kalitni olib kelgach), Janob Rasululloh (Ka’ba eshigini) ochib, (ichkariga) kirdilar, Usoma, Bilol va Usmon (ibn Talha) ham ul zot birlan birga kirishdi. Janob Rasululloh ul yerda uzoq vaqt bo‘lib, so‘ng qaytib chiqdilar».

Nofi’ raziyallohu anhu bunday deydilar: «(Janob Rasululloh Ka’badan chiqishlari hamonoq) odamlar shosha-pisha ichkariga kirishdi. Abdulloh ibn Umar birinchi bo‘lib kirdilar-da, Ka’ba eshigi ortida Hazrat Bilolning turganlarini ko‘rib: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qaerda namoz o‘qidilar?» — deb so‘radilar. Hazrat Bilol ul zotning namoz o‘qigan joylarini ko‘rsatdilar. Abdulloh ibn Umar: «Necha rak’at o‘qidilar, deb so‘rashni unutibman», — deydilar».

Qayd etilgan