* * *
Din himoyasi va targ‘iboti sabab bo‘lib o‘tgan bundan keyingi bir necha janglarda ham mo‘minlar g‘olib keldilar. Anbar, Aynuttamr, Husayd, Madih kabi joylarda Islom bayrog‘i hilpiray boshladi.
Bu orada haj mavsumi boshlandi. Shu munosabat bilan Xolid bin Valid fursat topib, eng qisqa yo‘llar bilan Makkaga bordi. Haj amallarini ado etdi va qo‘shinga qaytdi.
Hajdan qaytganlar bilan suhbatlashayotgan hazrat Abu Bakr (r.a.) eshitgan bu xabaridan hayratda qoldi. Odamlar Xolid bin Validni Makkada ko‘rganliklarini aytishardi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) buni tadbirsizlik deb baholadi. Sababi, ketma-ket janglar bo‘lib turgan bir paytda Xolid qo‘shinni qo‘mondonsiz qoldirib ketmasligi kerak edi. Uning yo‘qligini dushmanlar sezib qolsa hujum qilishi va katta falokat kelishi mumkin edi.
Shu bois Xolid bin Validga bir maktub jo‘natadi. Xatda uning Allohning marhamati bilan boshqa qo‘shinlar qilolmagan ishni bajarganini, bundan keyin solih amallar qilish niyatini faqat qalbida tutishi lozimligini, shunday qilsa Alloh bu niyatlarni amalga oshgandek qabul qilishini aytadi. Va maktubi so‘ngida «O’zingni yaxshi ko‘rib manmanlik yo‘lini tutma, aks holda parishon bo‘lasan», deb ogohlantirdi.
Bu maktubni va undagi amrni olgan hazrat Xolid, Musannani Xirada qoldirib, qo‘shinning bir qismi bilan birga g‘arb tomon yo‘naldi. U Basra shahriga tomon otlangan edi.
Hazrat Abu Bakr (r.a) Madinaga kelib, sahobalar bilan uchrashdi. Bu gal Rumlar bilan ro‘baro‘ kelish vaqti kelgan edi. Ular ham xuddi shu fikrda ekanliklarini aytishdi. Shunday qilib, Mutening intiqomi olinardi.
Sahobalarning ham fikrlarini bilgach, atrofga odamlar jo‘natdi, jihodga tayyor turish kerakligi haqida xabar qildi.
Shu maqsadda to‘plangan guruhlarni beshga bo‘ldi. Amr bin Os, Yazid bin Abu Sufyon, Abu Ubayda bin Jarroh, Shurayh bin Hasan va Xolid bin Said bu guruhlarga qo‘mondon etib tayinlandilar. Hazrat Umar (r.a.)ning Xolid bin Saidga amal bermaslik haqidagi qatiy fikrlari hazrat Abu Bakr (r.a.) tomonidan e’tiborga olinmadi.