Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 128156 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 35 B


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:27:30

U uyalib bosh silkidiyu, keyin turgan yeridan chaqqon burilib, To‘ramning hujralari tomon chopdi va ostonadanoq ovoza qildi:
— Buva, bilasizmi, kim keptu?! Sultonmurod boturizzi xeshlari kelishuptu!..
Shu barobar eshik lang ochilib qadimgi oq ruh karavotda yarim yonboshlagan To‘ram taqsir ko‘rindilaru biz shoshib qoldik. U kishining bir chiroyli kuzalgan oppoq soqollari o‘zlariga yarashib tushgan bo‘lsa-da, yuzlarida allaqanday dard asari ham ko‘rinib turgandek edi.
— Ie, taqsir betobmidilar? Aytmaysizlaram?!— deb yukinib kira boshladim.
U kishiga to‘rdagi darcha tagidan joy qilib berishgan, Olim akam esa dasturxon tuzalgan kursi yoniga tiz bukkancha o‘ltirar edi. U qori bolaning so‘zidan hayratga tushib, o‘girilgan joyida ko‘zi menga tushdiyu:
— Ie, chindanam, mirzo-ku, xolavachchamiz-ku, — deb tura boshladi va Yodgorni ko‘rib, kalovlanib qoldi.
Men uning boyagi so‘zlaridan endi bir narsalarni anglagandek bo‘lar edim-u, ammo bir to‘xtamga kela olmasdim: nechuk hech kimga maslahat solmay kelaveribdi?..
Endi ularni mahtal qilib bo‘lmasdi. Men yo‘lakay Olim akam bilan so‘rashib, To‘ra buvaning yonlariga o‘taverdim.
— Assalomu alaykum, imom buva. Bahay-bahay, biz eshitmabmiz-ku. — deb yukinib borib, tiz bukdimu qo‘llarini olib o‘pib, yuzlarimga surta ketdim. Ajab, sariq baxmaldan ham yumshoq, momiqdan ham mayin bu qo‘l muzdek edi. Lekin shu muzdek kaftdan mushk-anbar bo‘ylariga o‘xshash bir bo‘y taralar edi. Uni o‘pib, yuzlarimga surtar ekanman, o‘zimda yo‘q huzur topardim, tavba. U kishi ham bundan mutaassirlanib, peshonayu qansharlarimni asta silar:
— Va alaykum, mirzo, va alaykum, — deb shivirlar, — bu tong-sahar ko‘z o‘ngimdan o‘tuvdingiz, Siz ham, toyim ham — ko‘rsatganiga shukr, sog‘inganlarimni olib kelibsiz, baraka toping, Allohdan qaytsun,— der edilar.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:27:39

Bunga sari men u kishining bag‘rilariga singib ketgim kelar, hech jilmasam derdim. Shu orada u kishi engahlarini sal ko‘tarib, nigohlari ila Yodgornimi, kimnidir izlayotganlariga ko‘zim tushib qoldiyu joy bo‘shatishga oshiqdim. Ana shunda u kishining bir burda yuzlariga oftob tushgandayin mamnunlik yugurmoqqa boshlagan edi.
So‘ng xastahol ovozda chorlab:
— Voy, toyim-toyim. G‘unan toyim, do‘nan toyim. Bunaqa sog‘intirishga kelishmagan edik-ku, — deya o‘pkalamoqqami, erkalamoqqa tushdilar-da, boshlarini silagancha duoga berildilar:
— Ilo-oy, yetimlarning murabbiysi O‘zingsan, orqamizda qoladigan bu mahbublarimizning ham umrini chiroyli qil. Ota-onalariga to‘zim ber. Ularni O‘zing yana qovushtirib, judoliklariga chek qo‘y. Shu norasida bandang haqqi ularga ro‘shnolik ato et.
Mijjalaridagi ikki tomchi yoshga ko‘zim tushib, ichim allatovur sidirildi. O‘zim chetga qarab olgan, ammo ko‘z oldimdan To‘ramning nurli siymolari, qu-loqlarining yumshog‘iga dovur tutashib borgan qor-  day oppoq soqollariyu mijjalaridagi ikki tomchi yosh nari ketmasdi. U kishi uzib-uzib, duoda davom etardilar.
— O‘zingga oson. Mujohidlaringni bu dunyoyu u dunyosini chiroyli et. Shu jumladan boturlarimni ham, biznikini ham...
Keyin uning peshonasini silagancha, jim qoldilar.
Olim akamning issiq nafasi qulog‘imga urilib, o‘zimga keldim.
— Taqsirni toliqtirib qo‘ymay chiqa qolaylik, nima deding?
Men uning yuziga hayron termuldim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:27:51

Olim akam o‘sha-o‘sha shipshir edi:
— Yaqinda tig‘ ostidan chiqibdilar. Boshqa gal kelarmiz.
— Mayli, — dedim noiloj.
Ammo shu on u kishi niyatimizni sezib qolib, bizni qistay ketdilar:
— O‘tiringiz-o‘tiringiz. Nima bo‘ldi, mirzom, kelmasdan turib olibsizlar?
Mening o‘rnimga ham Olim akam qo‘l qovushtirib, izn so‘ramoqqa boshlagan edi, u kishi bosh saraklatib zinhor ko‘nmadilar:
— Yo‘q-yo‘q, bu azizlarimga javob yo‘q. Men bularni o‘zim sog‘inib yotib edim. Sizga esa, xizmat bo‘lmasa, bir yumush bor.
— Jonim bilan, buyuring, — deb akam qayta tiz bukib, yana qo‘l qovushtirdi.
U kishi Yodgorni bag‘rilaridan bo‘shatmay turib, nimagadir ishora etdilar:
— Haligi «anqoning urug‘i»ni u kishimdan so‘ramay qo‘ya qoling. Emiga tushmay yurmasin. So‘rashga arzigulik boshqa bir beg‘ubor odam bor.
— Bir og‘iz so‘ziz, kim? — dedi akam.
— Ko‘p yaxshi, pokiza odam. O‘sha muftiy janoblariga noib. Mirzakarimboy avlodidan, eshitgan chiqarsiz.
— Ie, Mirzamurod akami? — dedi akam.
— Duoi salomimni yetkazsangiz, bizni diyorlarda otliqqa ham topilmaydurgan zamzamni ana shu kishidan topgaysiz, Xudo xohlasa...

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:27:59

«Voh, izlayotgan narsalari shu ekanmi?! Bor ekan-ku shifosi?!» derdim ichim toshib. Akam esa, cho‘k tushgan holida kamiga ta’zimga egilgan ko‘yi:
— Rahmat, To‘ra buvajon, rahmat. Bizdan qaytmasa, Allohdan qaytsin, Alloh O‘zi sizni qo‘llasin, — deb yukinar edi. Bu juda-juda g‘alati edi. Iltijosi ham, iltimosi ham...
— Olib kelsangiz, keyin o‘zim, albatta, dam urib bergayman. Inshaalloh, san ko‘r, man ko‘r bo‘lib ketgay, — dedilar u kishi. Ana shunda Olim akam:
— Baraka toping, Alloh nafasizzi bundanam o‘tkur etsin. O‘zi sizga ham shifoi komillar bersin, — deya turib, qo‘l qovushtirgancha orti bilan yurib, kovshandozga tusharkan, Yodgor ham, men ham hangu mang qolgandik: kim-kim, qarshimizda bizdan avvalroq otini qamchilagan va kennoyimga yaxshilik sog‘ingan yana bir odam turar edi.
Shu tob To‘ram qo‘llarini ko‘tarib, unga shoshmang imosini qildilar:
— Ilojini qilsangiz, idoraga o‘ting. Hojimni o‘sha yerdan topasiz, — deb turib, yumshoq jilmaydilar. — Shu bugun ola kelsangiz nur ustiga a’lo nur bo‘lib, kelinimizni ham quruq qaytarmasdik.
Ana xolos!.. Bu karomatga nima demoq mumkin?!. Yodgor ikkimiz ham yoqa ushlagancha qolgan edik. Biz mayli, kelishimiz xovflarida ma’lum bo‘pti! Ammo kennoyimni qayoqdan bildilar, hech aql bovar qilmasdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:09:01

8. Qora darveshning iltifoti
Hikoyachiga qorong‘u, yolg‘iz muallifga ayon tarixlardan


«...Hayyalal falah! Hayyalal falah!»
— Sohib, azon chaqirishadir.
U o‘ziga kelib, o‘girilib qaradi. Xizmatchi «namozga chiqqaysizmi?» degan kabi ostonada turar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidlari tomondan esa, azonning so‘nggi kalimalari yangrab kelmoqda edi: «La-a ilaha illallo-oh!»
U afsus-nadomatga tushib, yomon ezildi. So‘nggi necha yil badalida u asr jamoatidan benasib qolmoqda edi. Hamma — hamma bilan, u o‘zidan tinchigan bir odam... kuppa-kunduzi asr jamoatiga yetisholmagan, osmon maloikalari almashinib, Tangri taolo huzuriga qaytadigan va ul Zotning «bandim ne bilan mash¬g‘ul?» degan so‘rog‘iga «jamoatda ibodat ila mashg‘ul» javobi beriladigan kezda... u bu martaba — Alloh dargohida munosib eslanishdan benasib qolmoqda edi. Xayoli nimalarga qochdi? Shayton yozg‘irmasa, jamoatga allaqachon yetib borgay edi-ku, emaklab bo‘lsa-da, yetib bormoq kerak edi-ku!..
 U quloq yumshoqlariga dovur lovullab, o‘rnidan turarkan, yo‘lakay xizmatchiga xijolatomuz nigoh tashlab:
— Qara-chi, yana kim bor ekan, jamoat savobidan bebahra qolmasduk, hali ham bo‘lsa, — deya tahorat yangilashga shoshildi.
Alloh o‘zi mehribon, qo‘shni do‘kon xizmatchisi ham do‘konni yopib ulgurmagan ekan, u ham kirib, takbir tushirdilar. Payg‘ambar masjidlariga yetolmagan bo‘lsalar-da, Alloh oldidagi xijolatpazlikdan jindek qutulgan edilar.
Ammo unga bugun nima bo‘ldiki, sal qolsa asr sharofatidan bebahra qoladi ekan. Chindan shayton yozg‘irdimi yoxud diyordan kelgan maktub parishon etdimi? Bir bo‘lsa o‘sha faromush etdiyov.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:09:11

Ular asrni qiyomiga yetkazib o‘qib, duolar ila o‘rnilaridan qo‘zg‘olisharkan, u shukrona lozimligini sezdi:
— O‘ziga shukr, Alloh sizlarni yetkazib, jamoat savobiga dohil etdi. Endi hech qachon, hech birimizni bu baxtdan benasib etmasin, omin, — dedi. Sheriklari-da, bundan mutaassirlanib bosh silkidilar.
Dunyo keza-keza shu tabarruk zaminda qo‘nim topmish bu uzoq yurtlik musofir hech kutilmaganda bugun so‘lg‘in va faromush ko‘rinar edi. O‘sha uzoq diyorga jo‘natmish elchilari qaytib, necha kungacha ularni yonidan jildirmay suhbatlar qurgan, keltirgan mujdalaridan boshi ko‘kka yetib, vatandoshlarini ziyofatlarga chorlab, suyunchiliklarini baham ko‘rgan bo‘lsa-da, bugun yana xomush edi. Nima bo‘pti ekan? Hatto Peshovardan atay tashrif buyurgan vatandoshini kecha yeru ko‘kka ishonmay, yonidan bir qadam jildirmay mehmonnavozlik qilib o‘tirib edi. U Makkaga o‘tib ketdiyu bu yana so‘ndi-qoldi. Bog‘dagi qo‘sh xurmo o‘rtasiga tuproq to‘ktirib yasatgan supasida, ha, o‘sha qo‘shqavat ko‘rpachalar yozdirib vatandoshlarini ziyofatu suhbatga chorlaydigan joyda yolg‘iz o‘zi o‘sha do‘sti-yoroni ketgan taraf — qiblaga termulib o‘ltirar edi. Yonidagi qo‘sha-qo‘sha par yostiqlardan birontasini tirsagi tagiga tortib yonboshlasa ekanki, xotirjam desang, bir xayolga toldi-da, desang.
Xuddi o‘sha Peshovardan daragi chiqqan do‘sti qaytib ko‘rinmaguncha shunday o‘tiraverishga qasam ichgan kabi qimirlamas, chordona qurib o‘tirgani-o‘tirgan edi. Xayoldan tolmagani uning!

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:09:19

Soqol-murtiga oq oralab, kelbatli, fayzli kishilar qatoriga kira boshlagan kezda nimani qo‘msab qoldi? O‘sha qirchillama yigit yoshida tark etgan joylarinimi, yetisholmagan qon-qardoshlarinimi? Ularni demasa, nimadan kamchiligi bor? Bir kam dunyo deb shuni aytar ekanlar-da! Bo‘lmasa, bu munavvar zamin, qiyomatga qadar qut-baraka yog‘ilgan bu shaharga kimlar yetdi, kimlar yetolmadi? Bu yonda xotamun nabiy masjidlari, u yoqda Uxud tog‘lari, Badr vodiysi, ansoru muhojir sahobalar yotgan Baq’i qabristoni, yana qanchadan-qancha Payg‘ambar qadamjolari — hamma-hammasidan saodat asrining nafasi kelib turibdi. Erta tonglarda tanga rohat Madina shabadalari esib, Nabiy masjidlari tarafdan nainki azon sadolarini, o‘sha saodat asridan qolgan ifor hidlarini ham olib kelayotgandek, taratib o‘tayotgandek bo‘laveradi. Ular qiyomatga qadar tuganmasligi, taralib turaverishi tayin.
U yoqda esa, qiblagoh — Ka’batulloh turibdi, sog‘insang yetgudek joyda. Shu dindagi bir insonga bundan ortiq yana nima kerak?! Har yili umra yo haj qilmoq mumkin. Ka’batullohni tavof etmoq, payg‘ambarlar, avliyolar qadamlari yetgan Minolarga bormoq, Arofotda turmoq, Muzdalifada tunab, qonib-qonib ibodatlar qilmoq mumkin. Yolg‘iz Allohga suyanib qolgan bandaga bundan ortiq nima kerak? Ko‘nglining yana qaerida kemtik qopti ekan? Shuncha dunyo kezib, shu yerlarga yetib ham yana qanday armoni bor uning?
Xizmatkorlar uning yoniga yo‘lay olmasdilar, bir qur bo‘lsa-da, ko‘ngil so‘ray olmasdilar. Axiyri shivir-shivir bilan xonum bekaga ma’lum qilishni afzal topdilar. Shunaqa damlarda Marg‘u xonim yoniga Fotma-Zuhra qizlarini olib, otalari qarshisiga salomga chiqishadiyu Bahriddinxo‘ja o‘z holiga qaytadi. Undan beriga shu o‘tirishi o‘tirish. Faqat azon bilan namozga chorlab, o‘ziga keltirmoq mumkin.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:09:30

Marg‘uxonim o‘sha Qashqardan kelinlik sepiga qo‘shib berilgan olma gulli choynak-piyolalarga choy damlab chiqib, hojasiga tavozula boqarkan:
— Adasi, o‘zimizni Toshkancha qora choy damlab edim, iching. Zora g‘uborizzi olsa,— dedi ra’yiga qarab.
— G‘uborni olib, ko‘ngilni yozadigan narsaga nima yetsin. Valloh-valloh. Bu chinnilarda kechagindayoq choy damlab chiqarmoq lozim edi, — dedi Bahriddinxo‘ja ularni ko‘rgandayoq bahri-dili ochilib. (Hazilmi, bular uzilgan nikoh rishtalarini ulagan vallomat oshnasidan sovg‘a tariqasida kelgan-ku. Nainki yolg‘iz o‘zi, manavi kelinbonu bilan kelgan! Uning daragini eshitiboq, nikohidagi ayolini sovg‘a-salomlar bilan jo‘natgan kishini shu chinnilarda siylamoq lozim emasmidi?!.)
Marg‘ubonuning ko‘zlari yer suzdi:
— Uyaldim, adasi, — deb qo‘ydi sekin. — Keyin o‘ziz aytdiz, u kishining ko‘ngli yarimtamush.
Bahriddinxo‘ja choy xo‘plab, bosh irg‘adi:
— Sen haqsan. Yarimtalikka yarimta. Ko‘z ochib ko‘rgani mana qancha yilki yolg‘iz Yodgori bilan sarhad ortida. Na xabar oldira oladi, na mujda keladi, — u yana boyagi hardamxayol holiga qayta boshlagan edi, ayoli chalg‘itmoqqa jazm etdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:09:52

— Nima, Peshovarda joy-do‘konlari bormikan, bunchalik bog‘lanib qolmasalar?
— Yo‘q, uni u yerda tutib turgan — boshqa narsa. Bilasan, Sultonmurod joy-do‘konlardan, bu dunyoning xoyu havaslaridan balandroq turadi. U yerda jamiyat ochgan. Bizga o‘xshagan musofirlarning boshini qovushtiraman deb yuribdi shu diyorlarda ham. — Bahriddinxo‘ja to‘liqib, entikib qo‘ydi, — O‘zi bu ahvolda... yana kimlarning g‘amini yeydi! Birovga en bo‘lguncha o‘zingga yeng bo‘l, deganlari bekor ekan!
— Kecha kelganlarida elchingiz olakelgan xat-xabarlardan boshlari ko‘kka yetgandir?..
— Qayoqda! — dedi Bahriddinxo‘ja bosh to‘lg‘ab, — bunday ta’sir etishini bilsam, bermay ham qo‘ya qolardim maktubni.
Bonu beixtiyor qo‘lini yuziga bosdi:
— Voy, bilmay-ko‘rmay, berib qo‘yibsizmi? Kimdan ekan?
— O‘sha o‘zingiz bilgan mirzo yigit — Salom xolamizning bitikchi o‘g‘illaridan ekan. Fahmimcha, achchiq-tiziqroq xat bitgan ko‘rinadi. Nega bunday yozibdir, tushunolmadim.
— Qanday ko‘zlari qiyibdi?
— Bilmasam, Bonu. Ayasa bo‘lardi, oson tutgan ko‘rinadir bunga! — Hojasi piyolani uzatib ayoli yana choy quydi:
— O‘zingiz yupatib, tushuntirsangiz bo‘larmidi. Xaramga o‘tishlari shunchalik zarur ekanmi?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:10:51

— Bilasan, Oltinxon to‘ram hozir o‘sha yerdalar, dars berayaptilar. Oldilariga maslahatga ketdi, — dedi hojasi va qo‘shdi. — U kishining ham qo‘llaridan nima kelardi. Qolaversa, biz vatanjudolar bir bo‘lganda ham nima qila olamiz, Alloh O‘zi kushoyish bermasa?
— Shunday-ku, adasi, astoydil yig‘lasa Alloh so‘qir ko‘zga-da yosh berar deydilar, — dedi bonu yalinch ohangida. — Bizga shuncha yaxshiliklar sog‘ingan kishiga qolganda nahot biron tadbir topilmasa?
Bahriddinxo‘ja bir to‘lg‘anib, xontaxta ustiga ko‘kragini bergan edi, dardining zo‘ridanmi, zalvoridanmi xontaxta qisirlab ketdi:
— Shu ikki kun ichida kallam tors yorilayozdi. Qani endi epaqali bir yo‘l kelsa. O‘sha dastimiz yet-maydimi deb qo‘rqaman. Qaytarolmaymiz shekilli yaxshiligini, qiyomatga qoladi shekilli, Bonu. Yozug‘i... shundaymikan. — Hojasining ko‘zlariga qalqqan nam yiltirab ketgandek, ovozi ham o‘zgarib chiqmoqda edi.
— Qaytishda kiradilarmikan?
— Kirgil, meni tinchlantirib ketgil, ko‘nglim alag‘da o‘tirmayin, dedim. Yana bilmadim. Qiziq ustida nojo‘ya bir ish qilib qo‘ymasa edi, deb qo‘rqaman, Bonu.
— Yo‘g‘-e, adasi, Xudo asrasin. Sarhad oshib borishdan ham toymaydilar, deb o‘ylaysizmi?
— O‘ziga qolsa, dordan qaytmaydi. Shunaqa fe’li ham yo‘q emas. Ammo To‘ramdek xudojo‘y odam xabar topsalar qo‘ymasalar kerak.
— O‘ziz qaytara qolmabsiz-da, adasi?

Qayd etilgan