Amirul mo‘minin Mahdiy u kishidan: «Hovlingiz bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Yo‘q, lekin sizga hovli haqida bir hadis aytib beraman. Men Rabi’a ibn Abu Abdurahmonning: «Kishining nasabi uning hovlisidir», deganini eshitganman», deb javob berdilar. Horun ar-Rashid u kishidan: «Uy-joyingiz bormi?» deb so‘radi. «Yo‘q», dedilar. Shunda Xalifa uch ming dinor berib, uy sotib oling, dedi. Imom Molik pulni oldilar, lekin uni ishlatmadilar. Horun ar-Rashid hajdan qaytayotganida Imom Molikka: «Siz biz bilan ketmog‘ingiz lozim. Chunki Hazrati Usmon (r.a.) odamlarni bir Qur’onga to‘plaganlari kabi, men ham odamlarni «Muvatto»ga to‘plashga qasd qildim», dedi. Shunda Imom Molik Xalifaga: «Odamlarni «Muvatto»ga to‘plashga yo‘l yo‘q. Chunki Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) so‘ng u zotning sahobalari turli diyorlarga tarqalib ketgan, u yerlarda hadis aytganlar. Har bir shaharning olimi bor. Binobarin, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ummatimning ixtilofi rahmatdir», deganlar.74 Siz bilan ketishga ham yo‘l yo‘q. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Agar bilsalar, Madina ular uchun yaxshidir», deganlar.75 Va yana: «Bosqon temirning zangini ketkizganidek, Madina ham odamlar gunohini ketkizadi», deganlar.76 Mana, sizning dinorlaringiz, shundayligicha turibdi, xohlang oling, xohlang olmang. Siz bergan narsangiz evaziga Madinadan ajrashni taklif qilyapsiz. Lekin men butun dunyoni Madinaga almashtirmayman», dedilar. Imom Molikning dunyodagi zuhdlari mana shunday edi. Turli tomondan kelgan molk-mulklarni yaxshilik yo‘lida tarqatib yuborar edilar. U kishining saxovatpeshaliklari dunyoga muhabbatlari ozligi va zuhdlari yuksakligiga dalolat qiladi. Zohidlik mol-mulkni yo‘q qilish emas, balki unga muhabbat qo‘yishdan forig‘ bo‘lishdir. Inchinun, Sulaymon (a.s.) ham o‘z mulkida zohidlardan edilar. Imom Molik dunyoni xaqir sanaganlar. Imom Shofe’iy (r.a.) aytadilar: «Men Imom Molikning eshiklarida Xurosonning zotdor, chopqir otini va Misrning chiroyli xachirini ko‘rdim. Shunda Imom Molikka: «Muncha chiroyli», dedim. U kishi: «U senga mendan hadya bo‘lsin, ey Abu Abdulloh», dedilar. Men: «O‘zingizga qolsin, kerakli ulov», dedim. Shunda u kishi: «Men Allohning payg‘ambari (sollallohu alayhi vasallam) yotgan tuproqni ulov tuyoqlari bilan bosishga Alloh taolodan uyalaman», dedilar»
74. Hadis.
75. Muttafaqun alayh.
76. Muttafaqun alayh.