JUDA ZARUR RISOLA
Qo‘lingizdagi mo‘’jaz risola nikoh, er-xotinlik, taloq, hayzu nifos, idda aqiqa va boshqa muhim shar’iy masalalar haqida. Islom dinida balog‘atga yetgan har bir yigit va qiz imon va islom shartlarini, halol va harom haqidagi ko‘rsatmalarni yaxshi bilib, ularga amal qilishi kerak. Islom dini insonni hidoyatga boshlab, dunyo va oxirat saodatiga eltuvchi nurli yo‘lni ko‘rsatib beradi. Dinimiz har bir shaxsning e’tiqodini, aqlini, molini, jonini muhofaza qilish barobarida, uning naslu nasabini qo‘rish, himoya qilishga ham jiddiy e’tibor qaratadi. Xususan, zinoni, unga olib boruvchi har qanday yo‘llar va vositalarni qattiq qoralaydi. Bu boradagi ilohiy hukm va shar’iy tavsiyalarga amal qilinmasa, ayanchli oqibatlar keltirib chiqarishidan ogohlantiradi.
Darhaqiqat, bugungi kunda mahram-nomahramni ajratmaydigan, shahvatiga asir bo‘lgan ba’zi hayvontabiat insonlarning zinokorligi tufayli qanchadan-qancha oilalar barbod bo‘lmoqda, otasiz, nasabsiz bolalar tug‘ilib, jamiyatimizda o‘g‘rilik, qaroqchilik, buzg‘unchiliklar sodir bo‘lmoqda. Haqiqatan, inson nikoh odoblariga, er-xotinlik haqlariga rioya qilmasa, nomahramdan saqlanmasa, o‘zini ham, ahlu ayolini ham halokat girdobiga tashlashi muqarrar.
Fiqhiy kitoblarida uylanish odoblari va uning mas’uliyati haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Ular arab va fors tillarida bo‘lganligi uchun hamma ham o‘qib, tushunish imkoniyatiga ega emas. Shu bois mualliflar Imom A’zam mazhabiga oid bo‘lgan "œMuxtasar ul-viqoya" sharhlari, "œRaddul-muhtor", "œJome’ ur-ramuz", "œShir’at ul-Islom" singari kitoblardan nikoh va boshqa jihatlar bilan bog‘liq masalalarni tarjima qilib, ularni izohlab, risola holida jamlashgan. Mavzuga aloqador oyat va hadislardan istifoda etgan holda, shariatimizga, his-tuyg‘ularimizga muvofiq kelmaydigan ba’zi urf-odatlarni tanqid qilishgan. Nikohga oid ba’zi ahkomlarni yoritish uchun o‘rni-o‘rni bilan tabobat ilmiga ham murojaat qilishgan. Har bir mavzu haqida fikr yuritilganda ularning shar’iy asoslari, hukmlari Hanafiy mazhab doirasida tekshirilib, bugungi kun ehtiyoji yuzasidan foydali o‘git va tavsiyalar berilgan.