HAJ KITOBI
233-BOB
Hajning fazilati haqida
Alloh taolo:
«Va yo‘lga qodir bo‘lgan insonlar zimmasida Alloh uchun mana shu Uyni haj-ziyorat qilish burchi bordir. Kimda-kim kofir bo‘lsa (ya’ni, Ka’bani ziyorat qilish farz ekanini inkor qilsa), bas, albatta Alloh butun olamlardan bexojat bo‘lgan Zotdir» (Oli Imron surasi, 97-oyat), deb aytgan.
1270/1. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Islom besh narsa ustiga qurilgan: «La ilaha illalloh va anna Muhammadan Rasululloh» shahodatini aytish, namozni ado qilish, zakot berish, Baytullohni haj qilish va ro‘za tutish», dedilar. Imom Buxoriy, Muslim, Ahmad va Termiziy rivoyatlari.
1271/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh bizga xutbada: «Ey insonlar, albatta Alloh taolo sizlarga haj qilishni farz etdi. Shunday ekan, haj amalini ado qilinglar», deganlarida, buni eshitayotganlardan biri: «Har yilimi, ey Rasululloh?» degan edi, u zot uch marta so‘ralganida ham sukut qildilar. Keyin: «Agar ha, deb aytsam, shart bo‘lib qoladi. Qodir bo‘lganingizcha ado etavering», dedilar. So‘ng yana u zot: «Sukut qilib so‘zlamagan narsani savol berib so‘ramanglar. Chunki sizlardan avvalgilar ko‘p savol bergani va Payg‘ambarlariga ixtilof qilgani sababli halok bo‘lishdi. Agar sizlarga biror narsa buyursam, qodir bo‘lganingizcha amal qiling. Agar biror narsadan qaytarsam, uni tark qilinglar», deb aytdilar». Imom Muslim rivoyati.