1980 yilga kelib neft o’rta Sharq mamlakatlariga yiliga yigirma milliard dollarga tushadi. Biz millat va butun dunyo oldida energiya uchun javobgarlikni bo’ynimizga olganmiz, shunday ekan, kelinglar, vaqtimiz va pulimizni uning rivojlanishi uchun sarflaylik. Quyosh, yadro va gravitatsion energiya yo’nalishida boshlagan dasturlarimiz nima bo’ldi? Nima, bu sohadagi barcha yutuqlarimizni axlatga uloqtiramizmi? Nima, bularning bari bekordan bekorga qilindimi, shuncha vaqt bekorga sarflandimi?
- Darvoqe, vaqt haqida, Bill, - gapga aralashdi Buxer soatiga qarab qo’yarkan. - Hozir sen energetika sohasidagi olamshumul yutuqlarimiz haqida gapirgan vaqt ichida sakkiz kishi ochlikdan vafot etdi. Umuman, har olti-sakkiz soniyada dunyoning u yoki bu burchagida bir kishining joni uziladi. Ochlikdan. Bir daqiqada yetti kishi. Bir soatda - to’rt yuz yigirmata. Hammasi bo’lib - bir kunda o’n mingta.
Axerton g’azabini yashira olmadi.
- Nimaga shama qilyapsan, Pol?
- Hamma narsaga, Bill, - jo’shib, sabrsizlik bilan dedi Buxer, - agar birorta ham foydalanuvchi tirik qolmaydigan bo’lsa, energetikaning yangi manbalarini yaratishdan ma’no yo’q.
Torn bahsga aralashish vaqti kelganligini tushundi.