SO’ZBOSHI
Inson hayotini muayyan tartibga solib turguvchi mezonlar bor. Shariatimiz ko‘rsatmalarida shu o‘lchovlar o‘z ifodasini topadi, albatta. Inson hayotda yolg‘iz yashay olmaydi. Juft holda, er-xotin bo‘lib yashashning qonun-qoidalarini, shar’iy hukmlarini teran anglab olish o‘sha oilaviy hayotning baxt-saodatini ta’min etishi mumkin. Bo‘lajak er-xotinlar uchun shariatimiz qoidasiga ko‘ra nikoh o‘qiladi. Ularning bir oila bo‘lib yashashlari yuzasidan guvohlar oldida va’dalari olinadi. Zotan Qur’oni karimda nikoh xususida bir necha oyatlar keladi. Shuningdek, Rasululloh (s.a.v.): «Nikoh mening sunnatimdir. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas», deya marhamat qilganlar va boshqa bir hadislarida uylanishga, ko‘payishga buyurganlar.
Umuman, nikohning fazilatlari va foydalari bor. Shunga binoan er va ayollarning zimmalaridagi vazifalar ham bir olam. Imom G’azzoliyning ushbu «Uylanish odobi» nomli kitobida ana shu masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot beriladi.
Nikohda farzandli bo‘lish, shahvatdan tiyilish, uy ishlarining boshqarilishi, sulolaning ko‘payishi, nafs bilan kurashish kabi foydalar borkim, bular mazkur kitobda atroflicha sharhlanadi.
«Uylanish odobi» kitobining ikkinchi qismida inson o‘z nafsi bilan kurashishi, shahvatini tiyish yo‘llari, och yurishning foydalari ortiqcha to‘qlikning inson jismi hamda ruhiga keltiradigan zararlari to‘g‘risida mulohazalar bayon qilinadi. Nafsni tiyish, nafsga qarshi mujohada etishning eng savobli yo‘li inson o‘zini ochlik va suvsizlik bilan imtihon qilishidir. Nafsni turli-tuman noz-ne’matlar bilan tinimsiz siylashning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi. Bunday badnafs kishi ochlarni, kambag‘al va bechoravash kimsalarni eslamaydi. To‘qlik uning ko‘ngil ko‘zini ko‘r qiladi. Oqibatda Yaratguvchini unutadi, ibodati sustlashadi. Ochlikda esa hikmat ko‘p. Bu xususda o‘tgan ulug‘larimiz ko‘plab purma’no fikrlarni bildirganlar. Mazkur kitobda keltirilgan ana shu fikr durdonalaridan, o‘gitlardan ma’rifiy ozuqa olish ruhiy, ma’naviy turmush tarzingizni pokiza mezonlar asosiga qurishda muhim dastur bo‘lishiga hamda yordam berishiga ishonchimiz komil.
Imom G’azzoliy hazratlarining ushbu kitoblaridan bahramand bo‘lish va undagi ko‘rsatmalarga amal etishni Alloh taolo siz azizlarga nasib aylasin!
Abdulaziz MANSUR