* * *
Kechga yaqin kutilmaganda kennoyimni palataga olishib, javob tegib qoldi. Katta do‘xtirlar statsionarga olib ketaverish mumkin, deyishibdi. Birpasda mashina yetib keldi. U kishini aravachada pastga olib tushib, joylab berishdi. Men yonlaridan bir qadam jilmay birga borayotganimdan yosh boladek boshim osmonda. Kennoyim undan xursand, undan mutaassir. Ikki gapining birida yaxshiyam siz borakansiz, yaxshiyam yetub kebsuz, deydi. Siznu qadamlariz, duolariz sharofatu bilanmu, Alloh ham qo‘llab yubordu, asradu, deydi.
Bunga sari men uni xursand etadigan, sevintirib-suyuntiradigan voqealardan so‘zlagim keladi, ko‘nglini ko‘targum keladi:
— Bilasizmi, aytgan joylaringizga chiqdik. Kattabog‘ga, eski uylarimizga kirdik.
— Voy, shunaqamu? — U yotgan yerida bir yerga yetib termuldi: — Turgan ekanmu, topdingizmu?
Mashina allaqachon jilib ketganu men u kishining yonginalariga o‘tirib olib, (qaerdan ham boshlab qo‘ydim, hali urintirib qo‘ymasam edi!) ming xijolatu hayajonda o‘sha mahfuz xatlarni qanday topganimni so‘zlab boryapman. Ichimda, miridan sirigacha shartmidi, deyman. O‘zimni to‘xtata olmayapman, tiya olmayapman:
— Turganakan, qarang. Jin ham urmabdi. Ammo shunday quruqshab ketibdiki, xazonday shaldiraydi. Aytgan joyizda ekan, ari inida...
U ko‘zlari bir chaqnab ketib, yana allaqanday bo‘-shashdi.
— Allohga shukr, asragan O‘ziga shukr,— deya pichir-ladi, qaytib minnatdor tikildi.— Loy-tuproqqa qori-shib, birovlarning qo‘liga tushib ketmabdi, xayriyat.
— Ha, ha, — dedim men uni tinchlantirishga urinib. — Vaqtida borganakanmiz, surib yuborsalar, ke-yin topolmay yurarkanmiz.
— Sizga mingdan-ming rahmat, — dedi u.
Ammo men uni bu rahmatu tashakkurlardan chalg‘itgim, boshqa yangiliklar bilan xursand etgim kelardi:
— Qolaversa, Yodgormurod bir xaltacha topib oldi.
— Qanday dedungiz?