8. YERDA NIMA GUNOH?Mayor Solihov Jahongir bilan Yo‘lchivoyni yuzlashtirgach, Yusufxonaga, Siddiq Sharipovning qishlog‘iga borishi kerak edi.
Hushidan ketgan Jahongirni olib chiqishgach, Solihov joyiga o‘tirdi. Kutilmagan bu voqeadan sarosimaga tushgan Yo‘lchivoy umidvor odamning ko‘zi bilan mayorga qaradi.
— Dadamni... shu kishi... — dedi biroz duduqlanib. «O‘ldirganmi?» deyishga tili bormadi.
— Yo‘q, bu odam emas.
— Unda nimaga ro‘para qildingiz?
— Demak, shunday qilish lozim edi, — Solihov qo‘pol ohangda gaplashayotganini o‘zim ham sezib, grafindagi suvdan quyib ichdi. — Siz... Qirqbel degan qishloqni eshitganmisiz?
— Yo‘q... — Yo‘lchivoy shunday deb ko‘zini olib qochdi.
— Qirqbel otangiz o‘ldirilgan Daydidaraga yaqin. Demak, otangizning tanishlari Qirqbelda bo‘lishi mumkin, — dedi Solihov undagi o‘zgarishni sezmaganga olib. — Bu yerga kelganlaringdan so‘ng hech Yusufxonaga bordinglarmi?
— Dadam rahmatli bordilar.
— Borib kelib nima devdilar? Balki eski tanishlarini uchratganlarini aytgandirlar?
— Esimda yo‘q.
— Bobongiz haqida hech gapirganmilar? Kim bo‘lgan bobongiz?
— Bobom... dehqon bo‘lganlar.
— Boy dehqonmi, o‘rtaholmi yo kambag‘almi?
— Buni so‘ramaganman. Nimaga meni so‘roq qilyapsiz? Axir jabrni biz ko‘rgan bo‘lsak, qotilni topish o‘rniga...
— Qotilni topish uchun ham so‘rayapman. Siz ko‘p narsani bilmaydiganga o‘xshaysiz yo bilsangiz ham aytgingiz kelmayapti. Men onangiz bilan gaplashishim kerak.
— Mumkin emas, siz nomahramsiz.
— Bu gaplarni qo‘ying, yigit, boshqalarga mumkinmasdir, menga mumkin.
— Sizni uyga kiritmayman.
— Uyingizga borish niyatim yo‘q. Hozir borib, onangizni shu yerga olib kelasiz. Yo‘q desangiz, militsioner yuborib oldirib kelaman. Menga shunday huquq berilgan.