Burayda ibn al-Xasnib — sahoba. Aslam qabilasi shayxi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan birga barcha g‘azotlarda qatnashganlar. Taxminan 677-milodiy yili Marvda vafot etganlar.
Jobir ibn Abdulloh — sahoba, mudarris. To‘liq ismlari Jobir ibn Abdulloh ibn Amr ibn Harom al-Xazrajiy al-Ansoriy as-Sulamiy. Otalari va o‘zlari Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning dastyorlari bo‘lganlar. 19 ta g‘azotda qatnashganlar, so‘ng Masjid ul-Nabiyda mudarrislik qilganlar. Imom Buxoriy va Muslim ibn Hajjoj shu kishi rivoyat qilgan. 1540 ta hadisni o‘z to‘plamlariga kiritishgan.
Jubayr ibn Mutim — sahoba, ulamo. Quraysh qabilasining nufuzli kishilaridan. To‘liq ismlari Abu Adiy Jubayr mbn Mut’im ibn Adiy ibn Navfal ibn Abdumanof al-Qurayshiy. 59 ta hadis rivoyat qilganlar. 59-hijriy (679-milodiy) yili Madinai Munavvarada vafot qilganlar.
Jundub ibn Abdulloh — sahoba. To‘liq ismlari Jundub ibn Abdulloh, ibn Sufon al-Bajaliy al-Alaqiy. Bir qancha hadis rivoyat qilganlar.
Zubayr ibn al-Avvom — sahoba, islom yo‘lida birinchi bo‘lib qilich yalang‘ochlagan zot, jannati ekanliklari bashorat qilingan o‘n sahobadan biri. Janob Rasulullohning ammalarining o‘g‘li. To‘liq ismlari Abu Abdulloh ibn al-Avvom ibn Xuvaylid al-Asadiy al-Qurashiy. 12 yoshlarida islomga kirganlar. Badr, Uhud, Yarmuk, al-Jobiya, Jamal va boshqa ko‘pgina g‘azotlarda qatnashganlar. Olloh taolo yo‘lidagi janglarda ko‘p jarohatlanganlaridan ko‘kraklari o‘ydim-chuqur bo‘lib ketgan edi. Bo‘ylari balandligidan ot minsalar, oyoqlari yerga tegib qolar edi. 38 ta hadis rivoyat qilganlar. 34-hijriy (656-milodiy) yili shahid bo‘lganlar.